Catira
10 may 2018

Toshkentda qullikni sog‘inganlar bayrami o‘tdi

Bu yilgi 9 may O‘zbekistonda ko‘p yillardan buyon sobiq sho‘rolar ramzlariga, bugungi Rossiyada urfga kirgan timsollarga eng boy tarzda o‘tdi. Har holda Toshkentda kuzatganlarimiz shundan dalolat berdi.

Mamlakatdagi eng nufuzli davra – prezident ishtirokidagi tadbir ham bunday timsollar bilan to‘lib-toshdi.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarga xizmat qiladiganlar urush davri kiyimida hozir bo‘ldi. Kontsertda ham shundaysimon chiqishlar sahnalarni to‘ldirdi.

Shunga monand tarzda rus tilli maktablarda o‘quvchilar sovet askari pilotkalarini boshiga qo‘ndirgan holda urush veteranlarini qutlaganiga guvoh bo‘ldik. Ular mohiyatini tushunmasa-da, georgey tasmasi taqib olganicha mag‘rur yurdilar.

Yo‘llarda esa georgey tasmasi va uning O‘zbekiston bayrog‘isimon qilib yasalgan nusxasi egizaklar kabi kimlarningdir ko‘ksini bezab turgandi.

Toshkent ko‘chalarida bir guruh mototsiklchilar SSSR bayrog‘ini hilpiratgancha, signallarini tinimsiz bibillatib shahar kezdi. Bu motokarvonda O‘zbekistonnikidan SSSRning o‘roq-bolg‘a tasvirli qizil bayrog‘i soni ko‘proq edi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘plab postlarda ham fashizm ustidan buyuk g‘alaba sovet davri sog‘inchi bilan qorishiq bo‘lib ketgani sezildi.

Adolat haqqi, aytish kerakki, faqat O‘zbekiston bayroqlarini hilpiratib o‘tan avtokarvonlar ko‘proq edi.

Sovet davri – O‘zbekiston tarixining bir qismi. Uni esdan chiqarish ajdodlar xotirasi uchun behurmatlik sifatida baholansa ham ajablanmaslik kerak.

Lekin kishini bir jihat o‘ylantiradi. Uzoq yillik chor mustamlakasi, so‘ng sovet tuzumidan qutulgan mamlakatda mustabidning bayrog‘i bemalol hilpirab shahar kezishini qanday tushunish mumkin?

Bu savolga javobni kun bo‘yi o‘yladim. Nihoyat o‘zimcha bir xulosaga keldim. Biz bugun mustaqillik va g‘alabani bir-biriga qorishtirib yuborib, erkinlik qadrini genlarimizga singdira olmabmiz.

Sovet davridagi qulligimiz singib ketgan ongosti tuyg‘ularimiz hali yangilanmabdi. Qolaversa, Rossiyaning keng ko‘lamdagi targ‘ibotlari o‘z ishini qilmoqda.

Xo‘sh, o‘zbeklar fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani bayram qilishi kerakmi? Menimcha, ha.

Chunki bu g‘alaba uchun dunyoning ko‘plab xalqlari qatori o‘zbeklar ham jon olib, jon bergan. Yuz minglab millatdoshlarimiz janggohlardan qaytmagan.

O‘shalar haqqi-hurmati, g‘alabani faqat o‘ziniki qilib olishga urinayotganlarning sa'y-harakatlariga javob o‘laroq, bayram qilishga bizning ham haqimiz borligini ko‘rsatish kerak.

Kiyim-kechak, oziq-ovqat, qurol-yarog‘ bilan ta'minlaganimizni, yuz minglab bola-chaqasi, xotin-xalajini beminnat panohimizga olganimizni ularga eslatib turishimiz uchun ham shunday qilishimiz lozim.

Lekin bu bayram qullikni sog‘ingan, mustabidlarni ulug‘laydiganlar emas, balki g‘olibligini xotirasidan chiqarmaydiganlar, o‘z erkinligining qadriga yetadiganlar tantanasi bo‘lmog‘i shart!

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
31 may 2018
31 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 3D piyodalar yo‘lakchasi surati Namangan ko‘chalarida olingani aytiladi. O‘zbekistonda shusiz ham tuzukroq asfalt ...
1 july 2019
O‘zbekistonda hokimiyat organlarining axborot makonini vertikal nazorat qilishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa axborotning yagona markazdan turib boshqarilishini ...
7 september 2021
Uzoq yillar davomida O‘zbekistonda talabalar uchun yangi o‘quv yilining boshlanishi paxta terimiga chiqishni anglatardi. Terimdan bosh tortish deyarli mumkin ...
25 november 2016
Eltuz.com uchun chizgan navbatdagi karikaturasida rassom Tuz Shavkat Mirziyoevni Karimov qabridan estafeta tayoqchasini olib ketayotgan tarzda aks ettiradi. «Karimovning ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...