Catira
24 july 2018

Mashina oynasini qoraytirish faqat puldorlar uchun

Sovet hukumati sinfiylik jamiyatini yo‘qotish, hammaning tengligi yo‘lida 70 yil siyosat yuritdi. Islom Karimov esa “Bizda o‘ta boylar ham, o‘ta kambag‘allar ham bo‘lmaydi”, degan siyosatni bayroq qildi.

To‘g‘ri, bugungi kunda Karimovning ko‘nglida “bizdan boshqa o‘ta boylar bo‘lmaydi”, degan kechinma bo‘lgani oydinlashdi. Sovet hukumati tenglik jamiyati yaratishda sobitqadamroq edi.

O‘zbekistonning bugungi hukumati esa aholini boylar va kambag‘allarga ajratish borasida maqsadli siyosat yuritayotgandek taassurot qoldirmoqda.

Avvalroq avtomobillarning “krutoy” davlat raqamlarini faqat boylar olishi tizimi yo‘lga qo‘yilgandi. Bugun kimoshi savdoda sotilayotgan bunday raqamlar davlatga milliardlab so‘m daromad keltirmoqda.

Endi nafaqat tegishli idoralar vakillari, balki oddiy odamlar ham mashinaning davlat raqamiga qarab, uning egasi qay darajada boyligini chamalab ko‘rishi mumkin.

Hukumat yaqinda boy bilan kambag‘alni vizual tarzda ajratib olishni yanada osonlashtirishga yordam beradigan navbatdagi qarorini qabul qildi.

“Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish choralari to‘g‘risida” deb nomlandi bu qaror.

Qarorga ko‘ra, jismoniy shaxslar mashinasining oynasini qoraytirish uchun eng kam ish haqining 90 baravari (16 587 000 so‘m) miqdoridagi to‘lovni to‘lashi lozim.

Avvalroq bu qaror loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgandi va qattiq tanqidga uchragandi. Hatto davlatga tegishli markazlardan birining ekspertlari ham uni qoralab chiqqandi.

Shunga qaramay, hukumat bu qarorni qabul qildi va ijtimoiy tarmoqlarda yanada ko‘proq tanqid ostida qoldi.

Foydalanuvchilar O‘zbekiston konstitutsiyasining bosh g‘oyasi barcha fuqarolar tengligi va ijtimoiy adolat kafolatlanishi ekanini eslatib, hukumatning so‘nggi qadamlari bu g‘oyaga teskari yo‘nalishda bo‘layotganini ta'kidlamoqda.

Jumladan, telegrammdagi davletov.uz kanali “fuqarolar mamlakatdagi imkoniyatlardan, qulayliklardan iqtisodiy imkoniyatiga qarab foydalanishni yoki davlat mavjud imkoniyatni pullashni boshlasa, bu davlatchilikning falsafasi o‘zgarayotganini ko‘rsatishini” bildirdi.

“Qimmat tonirovka jamiyatda boy va kambag‘alni aniq ko‘rish, ko‘rsatish va ajratish yo‘lidagi ilk qadam. Tonirovka yo bo‘lishi, yoki bo‘lmasligi kerak. Hech qachon davlat tomonidan bunaqa aqlga sig‘maydigan narxda emas. Bu tsinizmning eng oliy ko‘rinishi”, deb yozdi ushbu yuzer.

“Davlat idoralari yoki davlat ulushi bor tashkilotlar tonirovka qilmasin. Hurmat ila, soliq to‘lovchi”, deya istehzo qildi boshqa bir foydalanuvchi.

Ularga navbatdagi yuzer jo‘r bo‘ldi: “1 avgustdan boshlab jaziramada kuyib ketmaslik uchun yiliga 16 587 000 so‘m to‘lab qo‘yishingizga to‘g‘ri keladi. Savol tug‘iladi: tonirovka kimning biznesi?”

Ijtimoiy tarmoqlarning ko‘pgina foydalanuvchilari esa xalq fikri umuman hisobga olinmasa, bunday qarorlar loyihasi nega umumiy muhokamaga qo‘yilayotganiga istehzo bilan qaradi.

Ularning aytishicha, mashina oynasini qoraytirishga oid qaror loyihasini deyarli hech kim yoqlamagan, birorta ijobiy fikr bildirilmagan.

“Shunday ekan, bunday ko‘zbo‘yamachilik siyosati, bunday ko‘zbo‘yamachi demokratiya nimaga kerak, kimga kerak?!” deb yozdi ulardan biri.

Avtomobillarning “chiroyli” raqamlarini kimoshdi savdoda sotish g‘oyasi o‘z vaqtida bu tizimdagi korruptsiyaga qarshi kurashish bilan izohlangandi.

Ammo yilning 9 oyi quyoshli bo‘ladigan O‘zbekistonda mashina oynalarini qoraytirish huquqi ham boylarga taqdim etilayotgani hamon oddiy xalq uchun tushunarsiz bo‘lib turibdi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 december 2018
O‘zini tarmoqda «tabibi mutlaq Hasan domla» deya tanitib,  minglab kasallarni faqat asal va pista bilan davolashga urinayotgan, o‘zida Iso ...
26 november 2025
Toshkent viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari 30 dona sa'vani kiyim ostidan noqonuniy olib o‘tishga uringan odamni qo‘lga oldi. Ma'lumotlarga ko‘ra, ...
18 august 2020
«Men barmoqlarim ko‘karguniga qadar hokimiyatga osilib o‘tirmayman» degan edi jurnalistlarga Belarus prezidenti 2019 yilning noyabrida. Biroq bugun butun mamlakat bo‘ylab Lukashenko ...
9 june 2017
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ijodkorlar uyushmasi talabi bilan poytaxtdagi Rassomlar uyida buzish ishlari vaqtinchalik to‘xtagan bo‘lsada, buning dushanba kunidan davom ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...