Ko‘zqarash
23 september 2019

«Erk» partiyasi lideri Muhammad Solih «Mahmud Rajab voqeasi» yuzasidan baënot berdi

Adolat izlab Xorazmdan Toshkentga yo‘lga chiqqan “Erk” demokratik partiyasi a'zosi, shoir va jurnalist Mahmud Rajabning bu aktsiyasi O‘zbekistonda Islom Karimov rejimi hali ham oyoqda ekanidan dalolat bermoqda.

Joriy yilning mart oyidan beri Mahmud Rajab va oilasiga qarshi davom etayotgan tazyiq va ta'qib bu insonlarning sabr kosasini to‘ldirdi va ular bu zulmga qarshi isyon sifatida o‘z joniga qasd qilish bilan javob berishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatdi.

Insonlarni bu fojiaviy nuqtaga olib kelgan jihat – davlat jazo organlarining O‘zbekiston konstitutsiyasida ko‘rsatilgan haq-huquqlarni tanimasligi, ularni toptashidir.

O‘zbek diktatori Karimovning merosxo‘ri Shavkat Mirziyoev prezidentlik kursisiga o‘tirgandan keyin bir necha bayonotlar berib, o‘lkada liberalizm shabadasini estirgani to‘g‘ri. Aytish mumkinki, uning bayonotlari ko‘pchilikda ishonch uyg‘otdi.

Hatto diktator Karimovning 27 yillik qatag‘onidan eng ko‘p ziyon ko‘rgan muxolifat vakillarida ham kelajakka nisbatan optimizm paydo bo‘ldi.

Va biz yaxshi niyat bilan yangi kelgan rahbarning islohotga o‘xshagan eng kichik harakatiga ham qo‘limizdan kelgan ma'naviy va siyosiy dastakni berdik.

Uning ikkili o‘yinlarini, so‘zi va ishining bir-biriga to‘g‘ri kelmayotganini ko‘rib, ko‘rmaslikka oldik. Matbuotda bu munosabatimizni samimiy ifoda etdik.

Bu tutumimizdan maqsad – yangi rahbarga vaqt berish, o‘tish davrini yengillashtirishga hissa qo‘shish edi.

Afsuski, kutganimiz emas, qo‘rqqanimiz bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoev hukumati so‘zda bir yuz bilan, amalda esa ikkinchi yuz bilan siyosat yuritishda davom etdi.

Mirziyoev bugun mustabid Karimovning qabriga gulchambar qo‘yayotgan bo‘lsa, buni endi siyosiy taktika deb tushunmaymiz. Bu gulchambarlar bir shogirdning o‘z ustozi yo‘lida og‘ishmay davom etayotganining ramzi ekanligiga endi shubhamiz qolmadi.

Yigirma yetti yil davom etgan davlat terroriga qarshi qo‘liga qurol olmasdan, tinch yo‘l bilan mujodala qilgan muxolifat a'zolarining hali ham O‘zbekistonda “terrorist” deb atalayotgani, ularning rasmlari hali ham ichki ishlar bo‘limlarida jinoyatdan qidirilayotganlar rasmlari ichida namoyish qilinayotgani Mirziyoev rejimining Karimovnikidan farqi yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

Bundan bir yil oldin Mirziyoev “Qo‘li qonga botmaganlar vataniga qaytsin”, degan populistik bir shiorni hayqirdi. Bu shiordan so‘ng soxta ayblar bilan ayblanib, vatanini tark etgan muxolifatchilarda yurtga qaytish umidi paydo bo‘ldi.

Aslida muxolifatning oqlanib, vatanga qaytishi Mirziyoev rejimi uchun katta foyda keltirardi. Uni ichki siyosatda ham, tashqi siyosatda ham liberal rejim maqomiga yuksaltirgan bo‘lardi.

Muxolifatning O‘zbekiston siyosiy yelpozasida paydo bo‘lishi chet el sarmoyasining o‘lkaga kelishi uchun eng kuchli turtki bo‘lishi mumkin edi.

Ammo o‘zbek siyosiy elitasining bunga siyosiy farosati yetmadi. Karimov diktaturasiga moli va joni bilan qarshi kurashgan birorta vatansevar muxolif vataniga chaqirilmadi, qaytishga uringanlari ham chegarada ushlanib, kelgan joyiga qaytarib yuborildi.

Bu sharmandali holat hukumatning ikkiyuzli siyosatining namunasi bo‘ldi. Bu Mirziyoev haqida ikkilanib turgan ijtimoiy qatlamlarning hafsalasini pir qildi.

Ular ko‘zida yangi rahbar bergan so‘ziga sodiq jiddiy siyosatchi emas, populizm bilan qurollangan kommunist boshqaruvchi sifatida gavdalana boshladi.

Bu yil oxirida kutilayotgan parlament saylovida muxolifatning qatnashmasligi aniq. Mirziyoev diktator Karimov tuzgan qo‘g‘irchoq partiyalar bilan saylov o‘tkazmoqchi va dunyo jamoatchiligini Karimov uslubida laqillatmokchi.

Diktator Karimov 1991 yil prezident bo‘lib saylangandan keyin “avgust oyida hamma narsa “vo!” bo‘ladi, sabr qilinglar” deb o‘zbek xalqini aldagan edi.

Uning rejimini meros olgan Mirziyoev ham o‘z xalqiga va dunyo jamoatchiliga “biroz sabr qilinglar, hammasi yaxshi bo‘ladi”, deganiga, mana, 3 yil to‘layapti.

Hech narsa yaxshi bo‘lmadi, aksincha, hamma narsa yana-da yomonlashdi. Aynan Karimovning ish boshlagan yillaridagi kabi o‘lkada asta-sekin davlat terrori yoyilmoqda. Buning navbatdagi isboti shoir Mahmud Rajab va boshqa muxoliflarga qarshi tobora qattiqlashayotgan tazyiq va ta'qiblardir.

Dunyo jamoatchiligini Mirziyoev rejimining aldovlariga uchmaslikka, G‘arb davlatlarini Mirziyovning soxta sayloviga kuzatuvchi yuborib, uni mashru'lashtirmaslikka chaqiramiz. Shuningdek, O‘zbekistondan inson haqlariga va imzolagani butun xalqaro hujjatlarga rioya etishlarini talab qilishlarini so‘raymiz.

Yashasin ozodlik!

Muhammad SOLIH
O‘zbekiston “Erk” demokratik partiyasi rahbari
23.09.2019

Tag‘in o‘qing
15 may 2017
Chinozlik «Ahmadboy» nomi bilan mashhur bo‘lgan Ahmad Tursunboev tomonida tashkil etilgan moliyaviy piramida faoliyatiga barham berilganiga ham bir yilga ...
7 february 2020
Xitoy hukumati 5‏ fevralgacha Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanida «Uxan virusi»ga chalinganlar soni 32 kishiga yetganini e'lon qildi. Muxtor tuman Sog‘liqni ...
16 september 2025
Mamlakat poytaxti bo‘lgan Toshkent havosining buzilishi nafaqat ekologlar, balki barcha toshkentliklar uchun dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Tez rivojlanayotgan shahar, ...
7 april 2021
Germaniyaning “Lyuftganza” aviashirkati uchog‘i Istanbuldagi Otaturk aeroportiga qo‘nish uchun pastladi. Qo‘yli “tur bolam”, degan ovozdan uyg‘ondi. Bir vaqtlar onasi ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...