Ko‘zqarash
10 june 2020

O‘sh qirg‘ini guvohi: Dahshatli chinqiriq hozir ham qulog‘imda yangraydi

Bundan roppa-rosa o‘n yil avval O‘sh va Jalolobodda o‘zbek va qirg‘izlar orasida qonli to‘qnashuvlar boshlangan edi.

Men o‘sha kunni hozir ham aniq-tiniq eslayman.

Ertalab soat oltida o‘qlar ovozidan cho‘chib uyg‘ondim. Uyda dadam, akam yo‘q edi. Oyim ham sarosimada, «urush boshlanibdi» dedi, tinmay duo qilib o‘tirardi.

Men ko‘chaga chiqdim, bizdan besh kilometr naryoqda yonayotgan uylarning tutunlari ko‘kni qoplagan edi.

Onam menga «chiqma, bolam», deb yolvordi. Men o‘z uyimni, oilamni, rayonimni qo‘riqlashim kerak, uyingga bostirib kelganga qarshilik qilish haqiqiy jihod, deb ko‘ndirib, duosini olib chiqib ketdim.

Qo‘lda hech narsa yo‘q, ketmon sopi va rogatka. Olomon ichiga bordim, olomon orasida ov miltig‘i bor besh-oltita odamni ko‘rdim, ko‘nglim joyiga tushdi.

Odamlar to‘planib turgan yerga mahallamiz imomi chiqib, «bizning uyimizga bostirib kelayotgan fashistlarga qarshi kurashish jihod, kim o‘lsa, shahid bo‘ladi», dedi. Xalq «Allohu Akbar!» deb uylar yonayotgan tarafga qarab yugura boshladi.

Bizning rayonga bostirib kelayotgan minglab kishining oldida ikkita BTR va yuzlab qurolli kishilar bor edi.

Oldingi safda takbir aytib o‘zini o‘qqa urgan o‘zbek yigitlarini otib, so‘yib, tiriklayin yoqish manzarasiga guvoh bo‘ldim.

Men hech qachon o‘limdan qo‘rqmaganman, o‘z oilamni, nomusimni qo‘riqlab o‘lish men uchun sharaf bo‘lgan.

Qarshi tomondan «o‘zbeklarga o‘lim», degan ovozlar yaqin-yaqindan eshitila boshladi, qo‘limda ketmon sopini ushlab, qolgan o‘zbeklar bilan birgalikda takbirni aytib, o‘zimizni o‘qqa urdik. Birdan yelkamni ari chaqqanday bo‘ldi, ko‘z oldim qorong‘ulashib, yelkamdan sharillab qon oqa boshladi, dushmanning «kalashnikov»dan otgan o‘qi yelkamni teshib o‘tibdi.

Holim quridi, kalimani aytib yiqildim. Yonimdagi o‘zbeklar meni ko‘tarib, «yarador bor», deya mashinaga solib, shifoxonaga olib ketishdi.

11 iyun kuni o‘zimga keldim. Qarasam, palatadaman, atrofdagilarning deyarli barchasi o‘zbek. Ro‘pparamda oyog‘iga o‘q tekkan esa qirg‘iz kishi. Bu qirg‘izning keyinroq aytishicha, u bir do‘stining so‘ziga kirib, «O‘shdan o‘zbeklarning qo‘ylarini yetalab opkelamiz», deb tog‘dan tushgan ekan…

Mening hikoyam shu yerda tugaydi. Men bu urushda aybdorlarni izlamayman, kim aybdor ekani barchaga ayon.

Hozir Shvetsiyaga ko‘chib o‘tganman. Biroq O‘shda ko‘rganlarim, tiriklay yongan o‘zbeklarning daxshatli chinqiriqlari hozirgacha qulog‘imda yangraydi. Men buni unutmayman. Men kechirmayman!

Abbos O‘shiy,

Shvetsiya

Tag‘in o‘qing
2 june 2017
Qoidalar Rossiya prezidentining «2017-yilgi FIFA Konfederatsiyalar kubogi o‘tkazish davrida kuchaytirilgan xavfsizlik choralari» haqidagi 202-son farmoni bilan bog‘liq. Havfsizlik choralariga ...
28 september 2020
Adliya vazirligining 27 sentyabr kuni bildirishicha, prezidentning 22 sentyabrdagi “Qimmatbaho metallar muomalasini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ...
7 april 2021
Sezgan bo‘lsangiz, rasmiy iste'molga Karimov davridan qolib ketgan «ma'naviyat va ma'rifat» mafkurasi qaytdi. Qaytishi ham muqarrar edi, chunki islohotlarni, ...
24 november 2020
Videoda Andijon shahri bozori maydoni, Qosimov ko‘chasidagi ahvol aks etgan. Siz video tomosha qilayotgan paytda, 24 noyabr kuni toza ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...