Asosiy mavzular
22 september 2021

Oddiy yo‘lovchining qadri bormi?

Ertalab bolani maktabga qoldirib, piyoda ishga kelaman. Quloqda Sher akaning “Avvalg‘ilarg‘a o‘xshamas” qo‘shig‘ini qo‘yib olib…

Charx avzoyi bu dam avvalgilarg‘a o‘xshamas,

Kotibu davri raqam avvalg‘ilarg‘a o‘xshamas…

“Omon aka – donishmand, Navoiyni tushuntirish barobarida o‘zini ham chiroyli anglatgan”, degan adabiy-falsafiy xayollar og‘ushida serqatnov yo‘lga chiqib kelaman.

Bu o‘sha – Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrining marhuma xodimasini mashina urib ketgan piyodalar o‘tish yo‘lagi. Bilaman, bu yo‘lakda piyodalarni yomon ko‘rishadi, chunki keng yo‘l, tekis-ravon, sal narida svetoforning qizilidan endigina qutulib chiqqan mashinalar allaqanday “peshexod” uchun yana to‘xtagisi kelmaydi.

Quloqdan musiqani yechaman, mashinalar oqimi kamayishini kutaman, keyin “Bismillo” deb yo‘lakka birinchi qadamni qo‘yaman. Har doim shunaqa: piyodalar yo‘lagiga qadam qo‘yishda kalima keltiradigan bo‘lganman, chunki bu yo‘lakdan o‘tish deyarli xudkushlik bilan teng. Qay haydovchininng miyasida qanday xayol – bilmaysan. Qonunga itoatkormi, tormozni bosadimi yo “o‘tib ketaman, maqpti” deb gazni bosadigan “o‘pka”ga duch kelasanmi, bilmaysan.

Ne uchar yulduzlar o‘tdi chalg‘itib elni juda,

Necha avlod yo‘liyu umidin aylab behuda,

Davr mezoni bilan tortay bu kun o‘zimni-da…

O‘zimni tortib, keyingi qadamni qo‘yishni yo qo‘maslikni bilmay turibman.

Hartugul, bir mashina to‘xtadi, rulda ayol kishi, birinchi yo‘lakdan o‘tdim, lekin hali yana beshtasi turibdi, ikkinchi yo uchinchi yo‘ldan kelayotganlar birinchiga qarab to‘xtamasligi, gazni battarroq bosishi mumkinligini bilaman. Kecha Qarshida bittasini uchinchi yo‘lda «Lasetti» urib ketganini ko‘rdim-ku videosini.

Ey falak, hech kimni etma besamar yo‘llarda xor…

Bir yo‘nalish tugadi, o‘tib oldim. Endi o‘rtadagi uzluksiz chiziqda turib qoldim, narigi tomon to‘xtamaydi, ular uchun bu uchinchi “polosa”, tez yuriladigan, ya'ni kim ham bir piyodani deb shiddatni tushirgisi kelardi, deyman. Orqamdan va oldindan vizillab mashinalar o‘tyapti, xavfsizlik orolchasi esa yo‘q.

Va nihoyat, qarama-qarshi yo‘nalishda ham to‘xtashni bir ayol boshlab berdi. O‘tavering degan ishorani ham qildi. O‘ta boshlayman. Ikkinchi yo‘lakdagi haydovchi – erkak ham to‘xtadi. Ammo men tomondan uchinchi, asli birinchi yo‘lakda uchirib kelayotgan bir mashina (haydovchining jinsini aytmayman, o‘zinglar bilib olinglar) “baaaaap” etib signal berib, yetmaganiga ichidan boshini chiqarib so‘kib, vizillab o‘tib ketdi.

Nafs ipiga bog‘lidur ruh iplarin uzgan tana…

Men nimani noto‘g‘ri qildim, deyman. Qoidaga itoat qilib, boshqalar ham itoat qilayotganiga ishonib, yo‘lda o‘z haqimdan ming bir qo‘rquv bilan foydalanib turib haqoratni eshitdim. Lekin u damda haqoratdan emas, qo‘rquvdan ko‘proq titradim. Joninga xatar tug‘ilganda, ichingdagi shaxsning ovozi ham pasayib qolarkan.

Ne sitamkim, bu alam avvalg‘ilarg‘a o‘xshamas…

Shu yo‘lni kesib o‘tguncha men adabiyot, falsafa va boshqa baland fikrlar og‘ushidagi intellektual inson edim. Endi bo‘lsa, qo‘rquvdan oyoq-qo‘li titragan, bir temir oldida naqadar ojizligini anglagan arzimas odamman.

Men yolg‘iz emasman. Bu har bir piyodaning boshida bor savdo. Biz piyodalar ayrimlar uchun odam emasmiz, allaqanday ikkinchi navli biomassamiz. Nega inson shu temirga minganda va undan tushganda boshqa-boshqa odamga aylanib qoladi?

Chunki bu shahar avtomobilni odamdan ko‘proq sevadi.

Endi inson qadri ham avvalg‘ilarga o‘xshamas…

Shahnoza Soatova,
muallifning feysbukdagi sahifasidan

Tag‘in o‘qing
17 april 2023
1970 yilning boshida «Bitlz»ni tark etganidan so‘ng Pol Makkartni (McCartney) o‘zining ilk yakkaxon albomini chiqardi. Bu vaqtga kelib «Bitlz» ...
10 january 2026
Rossiya fuqarosi Farg‘onadagi “MONERON” MChJga nisbatan “xonadon oldi-sotdi shartnomasini tuzish va topshirish majburiyatini yuklash” haqida sudga da'vo kiritgan. Da'voga ...
22 february 2025
(Bibisi muharriri Jon Simpson) Ba'zan, juda kamdan-kam hollarda, dunyo ulkan, keskin o‘zgarishlarni boshidan kechiradigan yillar bo‘ladi. 1968 yil ana ...
13 november 2020
“Ug‘ur” degani eski turkchada “muvaffaqiyat”, “omad” degan ma'no beradi.  Ug‘ur hali uch ësh ekan, ishchi oilaning farzandi o‘laroq Iskanderundan Germaniyaga ketdi. Bu 1965 yil edi. Onasi va otasi ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...