O‘ris maktab nega trendda?
Rassom og‘a doim bolasini o‘ris bog‘cha va maktabga berganlarni qoralaydi. Bu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Doim bolalarimni faqat o‘zbek bog‘cha-maktabga beraman deb yurardim.
Shu kecha-kunduzda ta'lim mavzusi ochilgan ekan, gapirmasam bo‘lmaydi. Tajribamdan aytaman – men o‘zbek bog‘chaga ham, maktabga ham ishonmay qo‘ydim. Qaynonasidan gap eshitib, eridan turtkilangan jamiyki alamzada xotinlar yig‘ilgan o‘zbek maktablarida. Darslarni o‘lda-jo‘lda o‘tishadi. Hatto xususiy o‘zbek maktablarida ham shakl va reklama muhim. Ko‘pi milliylik niqobi, tarbiyaga urg‘uni piar quroli qilib olishgan. Bu esa tarbiya borasida dangasa ota-onalarga juda yoqib tushyapti. Ta'lim puch, bilim sayoz.
Eng qimmat bog‘chada ham o‘zbek tarbiyachilar kichkina bolamni turtkilashdi, badani ko‘karib, tirnalib kelardi uyga. O‘ris tarbiyachilari esa juda og‘ir bosiq. Ko‘p o‘yinlar biladi, har bitta bola bilan erinmay gaplashadi. Shang‘illamaydi. Asosiy urg‘u erkin fikr va mantiqqa qaratilgan.
Maktab haqida gapirsam. Bir oilada katta bo‘layotgan ikki jiyanim bor. Bittasi avval Chorsudagi o‘zbek maktabda o‘qidi, keyin Yuksalish maktabiga qatnab boshladi. Hozir bola tus yolg‘onchiga aylangan. Ota-onasi va ustozlari oldida odobli bir qiyofa, ko‘chada mutlaqo boshqa maska. Maktabdagi haddan tashqari nasihatgo‘ylik bolani yolg‘onchi va ikkiyuzlamachiga aylantirarkan.
Ikkinchi jiyanim o‘ris maktabga boradi. Juda betgachopar, lekin doim o‘ylagani tilida. Yolg‘onni bilmaydi, ota-onasi nohaqlik qilsa shartta-shurtta aytadi. Yuz xotir deb o‘tirmaydi. Fikri doim tilida, erkin o‘ylaydi.
Oldimda bolalarim borligi uchun maktab o‘quvchilarini ko‘p kuzataman, ular bilan gaplashaman. O‘zbek maktabidagi o‘quvchilarni ko‘pi hatto fikrini chiroyli bayon qilolmaydi. Madaniyat bilan bahslashishni bilmaydi.
O‘ris maktabdagilar esa 3 bahoga o‘qisayam qo‘rqmasdan o‘z fikrini aytoladi. Bir narsa so‘rasangiz asosli qilib javob berishadi, hecham qo‘rqishmaydi.
Tipik o‘zbeklar buni ko‘rib o‘ris maktab tarbiyani buzadi deyishadi. Unaqa ota-onalarga mustaqil fikrli bola emas, qariganda parvarishlaydigan enaga qo‘y kerak. Ular bolani o‘ziga qulay qilib olishadi.
Men jon deb bolalarimni o‘zbek maktabga o‘tkazardim. Lekin o‘zbeklarning Eng zo‘r maktabida ham faqat tarbiyaga fokus beriladi, ta'lim esa nol darajada.
Aslida tarbiya uyda bo‘ladi. Bolaga gap bilan emas, amal bilan namuna bo‘lish kerak. Erinchoq ota-onalar tarbiyani ham maktabga yuklab qo‘yishdi.
Lekin o‘qituvchi bolalarga maktabda faqat tarbiya, imon haqida vaysasayu – uyda otasi tinmay so‘kinsa, buvisi onasini zahardek chaqsa, onasi asabdan titrab tursa… Maktabdagi tarbiyaviy lektsiya bir tiyinga qimmat bo‘ladi.
Katta bolamning o‘qituvchilari asosan tatar, orada o‘rislariyam bor. Hozir davlatning o‘ris maktablarda o‘qituvchilarga Rossiya propagandasi ruhida gapirish taqiqlanlan. Bolam o‘zi tanlagan fanlarni qanday chuqur o‘zlashtiryapti – bu haqida batafsil to‘xtalmayman. Lekin men uchun bolam asosiy narsani o‘rganyapti.
Haqqini yerda qoldirmayapti, birovning nasihatiga qo‘ydek ergashib ketmayapti. Adolat talab qilyapti, o‘zini hurmat qilyapti. Savol berib, fikrlayapti. Bu fe'l atvorni barcha sinfdoshlarida kuzatganman.
Agar o‘zbek maktabida shunaqa erkin bahslar, o‘quvchi shaxsiga hurmat va asosan ta'limga, bilimga va fanlarga e'tibor bo‘lsa edi o‘ylab o‘tirmay bolamni olib borardim. Lekin o‘zbek maktab o‘qituvchilarining 70-80% juda johil, alamzada. Ters fikr aytgan o‘quvchini izza qilishadi. O‘zbek o‘qituvchilar ilmiy asosga emas moral o‘qishga ishqiboz.
Hozir O‘rusiyaning imidji rasvo bo‘ldi. O‘rusiya Yevropaning madaniyat o‘chog‘i emas ortiq, bosqinchi varvar davlatga aylandi.
Imkonim paydo bo‘lsa bolamni xalqaro ingliz maktabiga beraman. Lekin qaynona va eridan alamzada o‘zbek xotinlarga bolamni aslo ishonmayman. Bitta-ikkita yaxshi o‘zbek o‘qituvchi bordir, to‘g‘ri. Lekin Rassom og‘a ta'biri bilan aytganda «bir bochka bo‘qqa 100 gram smetana qo‘shganing bilan hech narsa o‘zgarmaydi».
Rassom Tuz sahifasidan
