Ko‘zqarash
27 december 2025

Yozuvchilar Uyushmasi ijodkor uchun tuzilmami yo to‘siq?

O‘zbekistonda Yozuvchilar uyushmasi ko‘p yillar davomida adabiy hayotni tashkil etuvchi asosiy institut sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning tarixi, shubhasiz, milliy adabiyot taraqqiyoti bilan bog‘liq. 

Biroq uyushmadan ijodkorlarning ishonchi va mehri ancha qaytgan. Chunki zamon o‘zgardi, ijod shakllari, erkin fikrga bo‘lgan ehtiyoj kuchaydi, ammo uyushmaning ishlash printsiplari ko‘p jihatdan o‘tmishda qolib ketgandek.

Avvalo, uyushmaning asosiy muammolaridan biri – uning haddan tashqari byurokratiklashib ketganidir. Ijodkor bo‘lgan insonning asosiy ishi – o‘qish, o‘ylash, izlanish va yozish. 

Lekin amalda uyushma a'zolari turli xat-hujjatlar, hisobotlar, yig‘ilishlar va rasmiy tadbirlar bilan o‘ralashib qolgan. Qachonki yozuvchi o‘z vaqtining katta qismini qog‘ozbozlikka sarflasa, ijod uchun zarur bo‘lgan ichki erkinlik va diqqat susayadi. Bu holatda uyushma ijodni qo‘llab-quvvatlovchi emas, balki uni barbod qiluvchi tuzilmaga aylanib qolmoqda.

Ikkinchi jiddiy masala – “majburiy mavzular” va ijodiy “zakaz” amaliyotidir. Odatda uyushma a'zolariga turli sana va yubileylar, rasmiy g‘oyalar yoki ma'lum kontseptsiyalarga bag‘ishlab she'r va asarlar yozish talab qilinadi. Bu esa adabiyot qonuniga zid. 

Chin adabiyot buyurtma bilan emas, ichki ehtiyoj, dard va fikrdan tug‘iladi. Majburiy mavzularda yozilgan asarlar ko‘pincha jonsiz va ta'sirsiz bo‘ladi. Eng yomoni, bunday amaliyot yosh va mustaqil fikrlaydigan ijodkorlarning ovozini o‘chiradi, ularni tizimga moslashishga majbur qiladi. Yozmasa – mukofot bermaydi, yozsa – ijodiy o‘smaydi, martabasi o‘sadi…

Uyushmaning zamondan ortda qolgani masalasi ham mavjud. Bugun ijodkor uchun birlashishning yangi shakllari bor: onlayn platformalar, mustaqil adabiy klublar, xalqaro loyihalar. 

Yozuvchi o‘z asarini nashr qilish, o‘quvchi topish uchun endi gazeta, jurnal yoki saytlar rahbarlarining qosh-qovog‘iga qarab qolishi shart emas. Ammo uyushma hali ham o‘zini adabiy jarayonning markazi sifatida ko‘radi va ko‘p hollarda alternativ yo‘llarni tanlagan ijodkorlarga nisbatan beparvo yoki sovuq munosabatda bo‘ladi. Bu esa sog‘lom raqobat va fikrlar xilma-xilligini cheklaydi. O‘ziga qarashli nashrlarda chop etilgan asarlarni ustun ko‘rib, qolgan ijod namunalarini past ko‘radi.

Albatta, Yozuvchilar uyushmasini butunlay inkor etish ham noto‘g‘ri. Agar u haqiqatan ham ijodkor manfaatini himoya qilsa, erkin fikr va eksperimentlar uchun maydon yaratsa, ijodiy grantlar va imkoniyatlar taklif etsa, u holda bunday tuzilma jamiyatga foyda keltirishi mumkin. Lekin buning uchun uyushma o‘zini qayta ko‘rib chiqishi, byurokratiyadan voz kechishi va “nazorat qiluvchi” emas, “qo‘llab-quvvatlovchi” institutga aylanishi shart.

Bugun taraqqiy etgan zamonda “bu tartibda ishlaydigan Yozuvchilar uyushmasi kerakmi?” degan savoldan ko‘ra, “u qanday bo‘lishi kerak?” degan savolga butun o‘zbek ziyolilari javob izlashi kerak. Agar u ijodkorning erkinligiga to‘sqinlik qilsa, uni buyurtma va hisobotlar bilan bog‘lab qo‘ysa, bunday uyushmaning kimga keragi bor? 

Zamon bilan hamnafas, ochiq va erkin fikrni qadrlaydigan tizimgina bugungi adabiyotga haqiqiy xizmat qila oladi. Zero, ijod erkinlikda tug‘iladi.

Tag‘in o‘qing
29 may 2017
O‘zbek kino artisti va qo‘shiqchisi Dilfuza Ismoilova O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziëevga qo‘shiq bag‘ishladi. 49 yashar Dilfuza Ismoilova “Gap yo‘q” ...
9 september 2021
6 centyabrdan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yili boshlandi. Ayni paytda viloyatlardan poytaxtga kelib o‘qiyotgan talabalar uchun turar-joy ...
3 april 2024
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raxbariyati ustidan navbatdagi shikoyat maktubi Eltuzga yetib keldi. Uni tag‘in O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasida faoliyat yuritib, qozoni ...
23 march 2017
Keyingi kunlarda Andijon bozorlarida sabzavotlarning narxi ko‘tarilib ketdi. Hammadan ko‘ra kartoshkaning narxi oshgani odamlarning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda. Chunki, aholining ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...