Kundalik
5 january 2016

O‘ktam Pardaevga qamoq tahdidi, go‘daklarga moliyaviy bosim

Jizzax viloyati huquq-tartibot idoralari xodimlari asossiz, uydirma ayblovlar bilan qamoqda qolayotgan huquqbon O‘ktam Pardaevning oila a'zolariga Yangi yil “sovg‘a”si hozirladi.

Bu safar ularning nishoni huquq himoyachisini ruhan qo‘llab-quvvatlayotgan oila a'zolari bo‘ldi. Davlat idoralari huquqbonning yaqinlariga ko‘p yillik tajribalarda toblangan, ancha samarali usul – moliyaviy bosim qo‘lladi.

Yangi yil kunlarida prokuratura, gaz idorasi, mahalla, ichki ishlar xodimlari, posbonlar, qariyb o‘nga yaqin kishi O‘.Pardaevning, ukalari Sharof va O‘tkir, singlisi Mohiraning xonadonlariga qo‘qqisdan bostirib bordi.

«O‘ktam akamning ayoli kechki payt uyda yolg‘iz bo‘lgani sababli chaqirilmagan mehmonlarga darvozani ochmagan. Kelganlar o‘zini prokuraturadanmiz, deb tanishtiribdi. “Gazdan katta miqdorda qarzingiz bor, toki to‘lamas ekansiz, gazni uzib ketishimiz kerak”, deya dag‘dag‘a qilgan»,- deydi Sharof Pardaev.

Darvoza ochilavermagach, ortiga qaytishga majbur bo‘lgan bu guruh mazkur harakat bilan kifoyalanmadi.

2016 yil 4 yanvar kuni ular O‘ktam Pardaevning uyiga kirishga muvaffaq bo‘ldi va “gazdan 400 ming so‘mdan ortiq qarzi borligi” bahonasida gaz quvurlarini uzib ketdi. Natijada huquqbonning ayoli va uch norasida bolasi qishning qahraton kunlarida gazsiz qoldi.

«Akam, bilasiz, qamoqda. Yangam uchta yosh go‘dagi bilan qolgan. Eng kichigi 2 yoshda. Kattasi 6 da. Endi ularning holi nima kechadi qishning sovuq kunlarida?» – deya tashvish bildirdi Sh.Pardaev.

Prokuratura boshchiligidagi “gvardiya” huquqbonning singlisi Mohira Pardaevning gardaniga ham gaz iste'moli uchun yo‘q joydan million-million qarzdorlik “ilib” qo‘ydi. Ammo to‘lov qog‘ozlarini gaz idorasiga ko‘tarib borgan M.Pardaeva ularning moliyaviy bosimidan qutulib qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Biroq jizzaxlik qonun qo‘riqchilarining g‘azabidan omon qolish O‘ktamning ukasi O‘tkir Pardaevga nasib etmadi. Unga 2 350 ming so‘m qarzdorlik e'lon qilinib, xonadoni tabiiy gazdan uzib qo‘yildi.

«O‘zi gaz miltirab turardi. Shuni ham ko‘p ko‘rishdi. Har holda ovqat pishib, choy qaynab turgandi… Bizda issiqxona bo‘lmasa, salkam ikki yarim million so‘m qarzdorlik qaerdan bo‘lsin? Qasddan, atayin bo‘ynimizga qarzdorlik ilindi… Men barcha qo‘shnilarimdan so‘rab chiqdim. Hech birining uyiga gaz idorasidan, prokuraturadan, militsiyadan guruh kelmagan, qarzdorlik yozilmagan, gazi ham uzilmagan. Bu “to‘y” yolg‘iz bizning boshimizga kelgan ekan. Hammasi O‘ktamjonning faoliyati orqasidan bo‘lyapti. Men kenja o‘g‘lim O‘tkir bilan yashayman. Oilada 6 jonmiz. O‘tkirjonning ham 3 yosh bolasi bor. Barchasi hali go‘dak: 2 yosh, 5-6 yosh. Yosh bolalar bilan kelinim endi qishning sovug‘ida gazsiz qanday kun kechiradi?» – deya o‘rtanadi huquq faolining onasi Nasiba opa.

Yaqindagina 2016 yilni “Sog‘lom ona va bola yili” deb e'lon qilgan O‘zbekiston prezidenti: “Sog‘lom ona sog‘lom bola degani, sog‘lom bola tinch-totuv, to‘kin hayot, baxtli oila degani, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi”, deya kuyib-pishganida bu yo‘ldagi urinishlar qishda gaz ta'minotini uzish bilan boshlanishini nazarda tutganmikin yo, deb o‘ylab qolasan kishi.

Nima bo‘lganda ham, O‘ktam Pardaevga qamoq jazosi bilan tahdid qilayotgan huquq-tartibot idoralari endi nafaqat uning o‘zini, balki butun oila a'zolarini, yaqinlarini moddiy va ruhiy jihatdan to‘la sindirishga bel bog‘lagan ko‘rinadi.

Malohat Eshonqulova
mustaqil jurnalist, huquq faoli
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 may 2016
«Gumrohlar», «Aldangan ayol», «Ajal jodusi», «Odnoklassniki» kabi bugungi hukumatning mafkuraviy talablariga javob beradigan filmlar rejissyori Hilol Nasimov bu kabi ...
19 january 2016
18 yanvar kuni ertalab soat 10 da tuman xokimligiga chaqirilgan Shirin Tursinovani hokimlik binosida, xokim G‘ofur Qarshiboevning muovini Fotima ...
14 december 2018
Farg‘ona musiqali drama teatri aktrisasi Malohat Toirova tomoshalariga qalbaki chiptalar sotilganligini fosh qilgani uchun ishdan bo‘shatilganini bildirmoqda. Bu haqda ...
22 september 2020
«Koreys er» qo‘shma korxonasida. – Mening qizimni ham posilka kelin qilib Koreyaga uzat. – Navbatga yoziling! Hammaga ham koreys ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...