Asosiy mavzular
20 december 2018

20 dekabr – shoir va siësatchi Muhammad Solih tug‘ilgan kun

O‘zbek muxolifati lideri, shoir Muhammad Solih tug‘ilgan kuni arafasida uning Yangibozordagi tug‘ilib o‘sgan uyiga do‘stlari, safdoshlari, muxlislaridan iborat bir guruh mehmonlar to‘planishdi. 

Shoir Mahmud Rajabga ko‘ra, Muhammad Solihning ukasi Rashid Bekjon yozgan dasturxon atrofida suhbatda mehmonlar «Shavkat Mirziyoev davlat tepasiga kelgandan boshlab erkin nafas olishayotganini e'tirof» etib, shoirni  yurtga qaytishga yana bir bor da'vat etishgan. 

Muhammad Solihning 
Xorazmdagi safdoshlar
i

«Eltuz» nashri bu da'vatni mamlakat prezidenti va muxolifati irodasiga qoldirgan holda, 25 yildan beri surgunda yashaëtgan zamonamiz qahramoni Muhammad Solihning 1977 yilda ëzgan badihasini e'tiboringizga havola qiladi.

O‘zbekiston prezidenti Mirziyoev ëshlarga kitob o‘qishni tavsiya qilgan edi. Muhammad Solih esa aynan qanday kitob o‘qish haqida ëzadi.

Ukamga xat

Uka, mening bu gapdonligimni kechirasan degan umiddaman. Odam maslahat tinglashga qanchalik zor bo‘lsa, maslahat berishga shunchalik ishqibozdir. Men ham akamdan so‘kish eshitib, senga maslahat berayapman.

Senga o‘xshagan kitobxon bolalar O‘zbekistonda juda ko‘p bo‘lgan, hozir undan ham ko‘p.

Shuning uchun xatimni hikoyadan boshlamoqchiman…

Urush yillarida sening tengdoshlaring ham o‘qib, ham dalada ishlashga majbur bo‘lgan. Paxta bilan birga o‘sishgan. Jismoniy ishga yaramaganlari kattalarga choy qaynatib berardi. Undan kichikroqlari esa qishloqqa xat tashigan. Oq va qora xatlarni (shu mavzuda yozuvchi Odil Yoqubovning “Yaxshilik” deb nomlangan hikoyasi bor. O‘qimagan bo‘lsang, albatta topib o‘qi). Bu bolalar adreslarni hijjalab o‘qib savod chiqargan.

O‘shalardan biri shirinlikdan ko‘ra kitobga o‘chroq edi. Bundan onasi xursand bo‘lsa, otasi norozi bo‘lgan. Chunki ona bolaga shirinlik topib berishday og‘ir vazifadan qutulgan bo‘lsa, otasi kitob uchun pul berishga majbur edi. Urush qishloqda ham urushligini qilgan.

Yaxshiyamki, bolaning baxtiga, kolxoz idorasiga joylashgan kutubxona bor edi. Otasi pul bermaganida, u yaxshi ko‘rgan kitoblarini o‘sha yerdan olib, qayta o‘qib chiqardi.

Bolaning g‘alati odati bor edi: kitob o‘qiyotganida kimdir kuzatib tursa, jon-poni chiqib ketar, go‘yo uning ovqat yeyayotganini tomosha qilishayotganidek xafa bo‘lardi. Aksiga olib, kichkina singlisi kitobdagi suratlarni sevar, akasi kitobni ochgan zahoti uning tepasida turib olardi. Mabodo, kitob suratsiz bo‘lsa, qizaloq shovqin ko‘tarib, onasiga shikoyat qilardi: “Anavini qarang, yana suratsiz kitob opkelibdi”, deb yig‘lardi.

Bolaga suratli kitoblar yoqmasa, nima qilsin. Kitobdagi har qanday surat unga xalaqit berardi. Bolaning tasavvuri “falon qahramon munaqa” desa, surat o‘jarlarcha qotib: “Yo‘q, mana bunday”, deb ko‘ziga qadalib turaverardi. Suratlarning bu xususiyati bolaning asabini qo‘zg‘ar, u iloji boricha suratga qaramaslikka harakat qilar va hatto ularni yirtib olib, singilchasiga berardi.

Qizaloqning janjalidan qo‘rqqan bola hamma uyquga ketganidan so‘ng kitob o‘qishni odat qildi. Bir kuni, xona sovuq emasmi, telpak kiyib olib, kitob ustida mudrab ketdi.

Kitob bilan yonma-yon turgan chiroqdan telpagiga o‘t ketib, uy yonib ketishiga sal qoldi. Shu voqeadan so‘ng bolaga kechalari kitob o‘qishni man qilib qo‘yishdi. Kitob yonib ketganmi, yo‘qmi, buning tafsilotini hech kim bilmaydi. Ammo yong‘in o‘sha bola ongida hozir ham o‘chmagan.

Qissadan hissa shuki, sen tunda kitob o‘qiyotib, hech mahal mudray ko‘rma ― yong‘in chiqishi mumkin. O‘sha bola kitobni sevardi, ammo uning tanidagi charchoq xoinlik qildi. Charchoq majburiy loqaydlikni ― uyquni keltirib chiqaradi.

Suratsiz kitoblar emas, g‘oyasiz kitoblar kitobxonni shunday uxlatib qo‘yadi. “G‘oyaviy buzuq kitoblarni o‘qima”, deb o‘qituvchilaring to‘g‘ri uqtirgan. Men senga: “G‘oyasiz kitoblarni ham o‘qima”, deb maslahat beraman.

Muhammad  Solih, 1977
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 august 2024
12 avgust kuni bir guruh uzbek va shved vatandoshlari Muxtor Abror Aliy tahallusi bilan tanilgan diniy bloger 48 yoshli ...
21 october 2025
Bolasini o‘ris maktabga bergan ota enaga «nega bolang o‘zbekcha bilmaydi» desam «til bilgan yaxshiku» degan ezibichkini  darxol aytadi¸ Bu ...
9 january 2020
Agar sizga yaqin bir necha oy ichida O‘zbekistonga borish nasib etsa, ko‘proq uch narsa haqida eshitishingizga to‘g‘ri keladi.  Mulozimlar ...
23 november 2022
Shvetsiyada 2013 yildan beri Rossiya foydasiga josuslik qilgan o‘ris er xotin qamoqqa olindi. 1990 yillar oxirida Shvetsiyaga ko‘chib kelgan ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...