Document UZ
16 may 2018

Andijon shahrida yo‘llardagi panjaralar olib tashlanmoqda

Andijon shahrida yo‘l o‘rtasidagi temir to‘siqlar shu hafta boshidan butunlay olib tashlanmoqda. Yo‘l patrul xizmati xodimlarining ta'kidlashlaricha, bunga shaharda piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transort hodisalarining ko‘payishi sabab bo‘lgan.

Harakat xavfsizligi uchun qo‘yilgan to‘siqlar, aksincha, yo‘l harakatiga xatar keltirdi. Foto: eltuz.com

«Bu to‘siqlar serqatnov ko‘chalarda transportlarning bir-birini quvib o‘tish chog‘ida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketmasligi hamda piyodalar xavfsizligini ko‘zlab o‘rnatilgandi. Ammo temir panjaralar yo‘lovchi va haydovchilar uchun noqulaylik tug‘dirdi. To‘siqlar baland va qalin bo‘lgani sababli haydovchilar o‘tish joyidan yo‘lning bu qismiga o‘tayotgan piyodani payqamay qolmoqda», deydi yo‘l patrul xizmati xodimi B.Sh.

Xodim buning oqibatida aynan piyodalar o‘tish joylarida avariyalar soni keskin ko‘payganini «Eltuz» muxbiriga bildiradi.
YPX xodimining «Eltuz»ga bergan ma'lumotiga ko‘ra, 12 may kuni Bobur shohko‘chasining piyodalar o‘tish joyida 4 ta avtomashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Hodisaga “Damas” haydovchisining o‘tish joyidan chiqib qolgan piyodani ko‘rib keskin tormoz bosgani sabab bo‘lgan.

To‘siqlar yig‘ishtirib olinmoqda. Foto: eltuz.com

Oraliq masofani saqlamagan avtomobillar birin-ketin bir-biriga kelib urilgan. Hodisa oqibatida hech kim jiddiy jarohatlanmagan. Biroq katta miqdorda moliyaviy zarar ko‘rilgan.

«O‘tgan yili aynan mana shu o‘tish joyida bir homilador ayolni mashina urib, uchirib yuborgandi. Umuman, bizning hududda bunday avariyalar tez-tez bo‘lib turadi. Haydovchilar to‘siqlar orasidan chiqib kelgan yo‘lovchini kech payqashadi. Ko‘pincha uyda o‘tirib mashinaning qattiq tormoz bosgani va urilgan zarbaning ovozini eshitamiz. Bu metall to‘siqlar ne-ne odamlarning umriga zomin bo‘ldi», deydi Bobur shohko‘chasida yashovchi mahalliy aholi vakillaridan biri «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda.

Yo‘l o‘rtasidagi temir to‘siqlar bundan ikki yil avval o‘rnatilgan edi. Ularni olib tashlash joriy yil boshida shaharning markaziy ko‘chasi hisoblanmish Navoiy shohko‘chasidan boshlangan.

Keyinroq bu ish negadir to‘xtab qolgandi. Shahar hokimligida ishlovchi manbaning aytishicha, to‘siqlarning noqulaylik tug‘dirayotgani yuzasidan haydovchilardan ko‘plab shikoyatlar tushgan.

Hozirda yo‘lning ikkala tomonidagi yo‘lkalar, mahalliy rasmiylar ko‘ra, shaharsozlik me'yorlariga mos deya hisoblangan panjaralar bilan to‘silmoqda va yo‘l belgilari ta'mirlanmoqda.

Andijon viloyati IIB matbuot xizmati tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, 1 iyundan boshlab yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta'minlash hamda transport vositalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarni qayd etish maqsadida Andijon shahridagi 7 ta shohko‘chada videokuzatuv kameralari ishga tushiriladi.

Shohida Saidova
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 october 2025
«O‘ris meni o‘z armiyasida bosqinchi urushga majbur qildi» deb dodlaëtganlarning tarjimai holini ko‘rib chiqsang «o‘zi aybdor» degan xulosaga kelasan. ...
13 october 2025
Ilgari ota-onalar bolasiga Qo‘rqmas degan ism ham qo‘yardi. Sof o‘zbekcha ism. Negadir shu ism ham urfdan qoldi.  Bolaligimda Burgitali ...
5 september 2025
Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, 1984–1991 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 6 nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, qirg‘izistonlik narkosavdogardan 2 kg ...
14 may 2017
Ukrainalik qo‘shiqchi Jamala o‘tgan yili «Yevronigoh» qo‘shiq tanlovida g‘olib chiqishi ortidan 2017 yilgi qo‘shiq tanlovi Ukrainada o‘tdi. 13 may kuni Kievda yakunlangan ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...