Kundalik
31 october 2018

Aholining inflyatsiyadan xavotiri ortib boryapti

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakat aholisi va korxonalarining inflyatsiya kuchayib borayotganidan xavotiri oshayotgani haqida ma'lum qildi.

MBning joriy yilning 3-choragi uchun tayyorlagan hisobotida bildirilishicha, iyul-sentyabr oylarida aholi va biznes tomonidan sezilgan inflyatsiya indeksida sezilarli o‘sish kuzatilgan.

MB bu o‘sish dinamikasi kelgusidagi inflyatsion kutilmalarga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Pishiqchilik mavsumida odatda mamlakatda arzonchilik kuzatiladi. Joriy yilda bozorlarda eng arzoni uzum, olma, piyoz kabi mahsulotlar bo‘ldi.

Ammo aksariyat hollarda yozda juda arzon bo‘ladigan pomidor, bodring, tarvuz-qovun kabilarning narxi kutilganidan ancha balandligi kuzatildi.

“Bu yil bizda pomidor hosili yaxshi bo‘lmadi. Bunga qurg‘oqchilik ham sabab bo‘ldi. Qolaversa, pomidorga kasal tegib, tezda qurib qoldi”, deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimi “Eltuz” bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, narxi eng sezilarli oshgan mahsulotlardan biri guruch bo‘lgan. Qish mavsumida guruch yanada qimmatlab ketishi kutilmoqda.

Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, yaqinda hukumatning benzin, gaz va elektr energiyasi narxini oshirish to‘g‘risidagi qarori loyihasi e'lon qilingani aholi va biznes vakillarining inflyatsion xavotirlari keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda.

“Bu qarorning qabul qilinishi, so‘zsiz, bozorda narxlar qimmatlashuviga olib keladi. Chunki bugungi kunda ishlab chiqarish tannarxining sezilarli qismini energiya manbalaridan foydalanish xarajatlari tashkil etadi. Biz yaqin vaqtlarda zanjirli reaktsiya ko‘rinishidagi qimmatlashuvga guvoh bo‘lishimiz ehtimoli juda katta”, dedi iqtisodiy tahlilchi Botir Haydarov “Eltuz” bilan suhbatda.

Ta'kidlash kerakki, hukumat vakillari kutilayotgan qimmatlashuvga aholi fikrini tayyorlash harakatiga tushib qolgan.

Xususan, yaqinda moliya vaziri OAV vakillari bilan uchrashib, energiya manbalari narxi oshirilishi zarurati haqida tushuntirish berdi.

O‘zbekistonda qimmatchilikning birinchi belgisi qora bozorda AQSh dollari narxining oshishida ko‘rinadi.

28 oktyabr holatida dollarning rasmiy kursi 8226 so‘mni, qora bozorda esa sotib olish narxi 8300 so‘m, sotish narxi 8330 so‘mni tashkil etdi.

Joriy yil boshidan buyon dollarning rasmiy va qora bozordagi kurslari o‘rtasida shu kunlardagidek katta farq kuzatilmagan edi.

Bu esa aholi va tadbirkorlarning qimmatlashuv xavotiridan dollar sotib olishga ehtiyoji ortganiga ham dalil bo‘ladi.

“Joriy yilning to‘rtinchi choragida aholi va biznesmenlarning inflyatsion kutilmalari ko‘rsatkichi o‘sishi avvalgi uch chorakdagidan ko‘ra yuqoriroq bo‘lishi ehtimoli katta”, dedi iqtisodiy tahlilchi Botir Haydarov “Eltuz”ga.

Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq Markaziy bank qayta moliyalash stavkasini 14 foizdan 16 foizga oshirishga qaror qilgan edi.

Bu qarorga berilgan sharhda mamlakatda inflyatsiya darajasi kutilganidan ko‘ra yuqoriroq bo‘layotgani bildirilgandi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 december 2016
Konstitutsiyada prezident faqat ikki marta saylanish huquqiga ega ekani belgilanganiga qaramay, O‘zbekistonning marhum rahbari 25 yil davomida lavozimidan ketmay, ...
6 february 2019
Shvetsiyadagi SILK – Shved xalqaro liberallar markazi 5 fevral kuni o‘zbek jamoatchiligi, shved diplomatlari, huquq faollari va siyosatchilari ishtirokida ...
16 september 2019
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston diniy siyosatida qandaydir o‘zgarishlardan darak berishga ishoralar paydo bo‘lmoqda.  Lekin bo‘layotgan ishoralar siyosatda emas, balki diniy ...
4 january 2026
2026 yilning 3 yanvar kuni AQSh maxsus kuchlari tomonidan o‘tkazilgan harbiy operatsiya natijasida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro hibsga olindi ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...