«Gulnor» 9 qism (Qorlig‘ashevning g‘azabi)
Axmad Beyjon Erjilasun
Muhammad Solih uzatgan gazetani qo‘liga olarkan, Gulnorning xayoli parishon edi.
–Tushunmadim, nima dedingiz?, — dedi Gulnor.
–Shu maqolani o‘qing, deyapman, — dedi Muhammad Solih, — qarang, taniqli tarixchi nima deb yozayapti. Yanglishmasam, siz ham barloslardan edingiz…
–Ha, — dedi Gulnor va gazetaga ko‘z yugurtirdi.
Butun bir sahifaga yoyilgan sarlavhani ko‘rdi: “Barloslar turkmi?”.
Maqolada Barlos deb atalgan urug‘ning O‘zbekistonda yashagan yerlari sanalib, ularning Amir Temur zamonasidan qolgani haqida yozilgandi. Amir Tumurning otasi ham barlos beklaridan ekan. Hatto bugun ham barloslar o‘zlarini turk deb hisoblashar ekan. Buni Gulnor ham bilardi. Faqat bu bilgini o‘z shuuri sirtiga chiqarishni hech istamasdi. Turk desa, darrov ko‘z oldiga masxetilar kelardi. Birovlar uning qalbida masxetilarga nafrat tuyg‘usini tarbiyalab bo‘lgandi.
Katta gazetada barloslarning turk ekanligi ilk marta yozilayotgandi, Gulnor uchun bu favqulodda hodisa edi.
Maqolani tez o‘qib bitirdi, ammo boshini gazetadan ko‘tarmadi…
Aslida, u bir narsalar o‘qishni istardi.
O‘n kundir-ki, “Turkchilik asoslari”ning qaerga ketganini o‘rganmoqchi bo‘lib tirishdi, uddasidan chiqa olmadi. «Muhammad Solih va do‘stlari undan shubhalana boshlashdimi yoki?.. Agar shubhalanishmasa, nega o‘n kundan beri bu kitob haqida bitta ham so‘z aytishmayapti?», deb o‘yladi Gulnor.
Avvallari rejim haqidagi fikrlarini Gulnordan yashirmagan bu odamlarga endi nima bo‘ldi?
Gulnor yana yomon tushlar ko‘ra boshlagandi. Har tong qop-qora qaldirg‘ochlarning hujumidan uyg‘onib, yuzini-ko‘zini ushlab “yaralandimmi?”, deya bosinqirab uyg‘onardi.
Qorlig‘ashov “kitobni ikki kun ichida topishing kerak, Muhammad Solihning uyini tit-pit qilsang ham, top!,” deya quturardi.
Gulnor shu kungacha birovning uyini “tit-pit” qilmagan va qila olmasligini ham bilardi. U o‘z mamlakati uchun ishlayotgan vatanparvar edi, ammo o‘g‘ri emasdi. Gulnor shunday o‘ylardi. Ko‘rganini, bilganini raport shaklida bildirardi, bu uning vazifasi edi, tamom. Lekin o‘g‘ri kabi birovning uyini titkilash unga yarashmasdi. Qorlig‘ashovning “tit-pit” qilib axtar!” degan baqirig‘i uning miyasida lo‘k-lo‘k og‘rir edi.
– Bir piyola choy iching, Gulnorxonim, — dedi Muhammad Solihning rafiqasi.
– Rahmat, — dedi Gulnor. Choyni olarkan. Gulnor juda charchaganini his qildi.
– Qiziq maqola ekan, — dedi so‘ngra Muhammad Solihga, — esimda bor, bizning oilada ham turkligimiz haqida gapirishardi. Faqat bu ko‘p yillar avval edi, buni deyarli unutdim…
– Aslida, turkligimizni unutgan biz emasmiz, Gulnor, — dedi Muhammad Solih, — bizga buni unuttirdilar. Birinchi marta Navoiyning “Muhokama”sini o‘qiganimda buni angladim. Tilimizning forschadan ustun ekanini so‘ylarkan uni “turkcha” deb aytgandi Navoiy bobomiz. Biz esa bu tilni “eski o‘zbekcha” deb aytayapmiz.
– Haqlisiz, Solih aka, “Majolis”da ham Navoiy “turk tili” yoki “turkiy” deb ataydi tilimizni. Lekin bu o‘tmishning haqiqati. Bugun esa biz o‘zbekmiz, tilimiz ham o‘zbekcha.
– Qachondan beri?, — dedi Muhammad Solih.
– To‘g‘ri, qachondan beri?, — dedi Gulnor ham.
Bu savolga ikkalovi ham javob berolmasdi, to‘g‘risi, unga javob izlashmagandi.
Gulnor choyini ichib tamomladi. So‘ngra:
– Kech bo‘ldi Solih aka, men ketay, — dedi va o‘rnidan turdi.
Muhammad Solih uni kuzatayotib:
– Qachondan beri? Bu savolni unutmang, Gulnor, — dedi.
Hayr, — dedi Gulnor va g‘ira-shira qorong‘ulikda g‘oyib bo‘ldi.
Gulnor o‘zining “qachondan beri” o‘zbek bo‘lib qolganini o‘ylamasdi. U qachondan beri Qorlig‘ashevning unga baqira boshlagani haqida o‘ylardi. Uyiga kirganida yelkalari uzra og‘irlik his qildi. Burchakdagi kresloga o‘tirdi. U Qorlig‘ashevning g‘azabi haqida o‘ylardi. Professor Yildirimning hushtak chalishi uning jahlini chiqarganmish.
– Men kitobni olgan odamni topolmay, stantsiyadan chiqsam, u sariq to‘ng‘iz maydonda xushtak chalib, aylanib yuribdi!, — dedi jig‘ibiyroni chiqib Qorlig‘ashev, — rasmiy taklif bilan kelmagan bo‘lsaydi, unga ko‘rsatardim!…
Mavzu “yo‘qotilgan kitob”dan ochilsa bas, Qorlig‘ashev professor Yildirimga “sariq to‘ng‘iz”, Gulnorga “siz yaxshi kommunist emassiz”, deb baqira boshlardi.
Gulnor avvallari Qorlig‘ashevga yaqin bo‘lish uchun g‘ayrat qilardi, endi esa uning haqiqiy yuzini ko‘ra boshlagandi.
Qorlig‘ashev kelishgan odam hisoblanardi. Mis rangli yuzidagi chizgilar bir-biriga mutanosib edi. Yonoq suyaklari bo‘rtgan, ko‘zlari uncha chuqur emasdi. Orqaga taralgan tulqinli sochlari ochiq peshonasini bo‘rttirib ko‘rsatardi. Uzun bo‘yi va keng yelkalari unga qahramon tusini berardi.
Gulnor o‘zini Qorlig‘ashevga yaxshi ko‘rsatish uchun uringanini ichida tan oldi. Hatto sevishib, uylanib oila qurish ehtimolini ham o‘ylaganiga iqror bo‘ldi. Yo‘q, bu qadar chuqur o‘ylamasligi kerak edi. Qorlig‘ashevning yangi qiyofasi yana qaysi shakllarga kirib, o‘zgarishini kutish lozim edi.
Qiziq, Qorlig‘ashev Gulnorga ishini professional bajarmagani uchunmi yoki uni sevgani uchunmi baqirardi?
Har holda, Gulnorning yuragi ikkinchi ehtimolga mayl ko‘rsatardi. Gulnor o‘zicha “Qorlig‘ashevdan o‘pkalamasligim kerak,” degan qarorga keldi. O‘sha kitobni ham tezroq topishga ahd qildi.
Ko‘zi javondagi kitoblarga tushdi. Kalin jildli bittasini sug‘urib oldi. Taniqli turkolog Radlovning lug‘ati edi: “Slovar' tyurkskix narechiy”. Sanaga bokdi: 1888 yil. “Yuz yil o‘tibdi”, deb o‘yladi Gulnor…
Ertasi kuni Gulnor uchun omadli bo‘ldi. Akademiyada uchratgan yosh olim “Gulnor, sizga bir narsa ko‘rsataman,”, deb qoldi. Gulnorni xonasiga chaqirib, ko‘liga ko‘lyozma holida bir to‘p qog‘oz berdi:
– “Turkchilik asoslari”, — Solih aka o‘zbekchaga tarjima kilibdi, — dedi Odil Tursunov.
Gulnor aspirant Tursunovni yaxshi tanimasdi, bir necha marta Muhammad Solihning uyida ko‘rgandi.
– Buni menga berishingizni Muhammad Solih aytdimi?, — dedi Gulnor.
– Yo‘k, o‘kish uchun menga bergandi, — dedi yosh olim, — o‘kib bo‘lgandan keyin o‘zing ishongan bittasiga berarsan, degandi. Men sizga berayapman, mana. Yoki sizda nusxasi bormi buning?
– Yo‘q, Odiljon. Muhammad Solihning bu kitobni tarjima kilganini men ham eshitgandim. Ammo bir necha kundan beri dustlardan xabar ololmadim. Sizga raxmat, kitobni tez o‘qib chiqaman, — dedi Gulnor.
Gulnor kitobni Akademiyada ajratilgan xonasida o‘qishni o‘yladi. Kitobni birov ko‘rib qolishidan qo‘rqdi. Shu payt xonada birga o‘tiradigan kasbdosh dugonasi keldi, unga “boshim og‘riyapti”, dedi va uyiga jo‘nadi.
Gulnor kitobni o‘qib tugatganda, ko‘zlarining charchaganini sezdi. O‘rnidan turib, kerishdi. Ilmiy kitobning bu qadar sodda tilda yozilganidan xayratlandi. Yoki bu soddalik Muhammad Solihga oidmikan? Kitobning birinchi qismidagi “soddalik”ni tushunish mumkin edi, chunki bu qism tarixdan hikoyalar edi. Ammo “Iqtisoliy turkchilik”, “Estetik turkchilik” kabi bo‘limlarning buncha sodda yozilishini aqliga sig‘dirolmasdi. Kitob muallifi Ko‘kalpning “estetika”ni ham unutmagani Muhammad Solihni juda sevintirgan bo‘lsa kerak. Korlig‘ashevning o‘sha Yozuvchilar Uyushmasida “tayyorlagan” majlisida Muhammad Solihning marksistik estetikani zimdan tanqid qilganini esladi Gulnor.
Gulnor kitobni o‘qirkan yana bir narsani kashf etdi. Ilgarilari panturkizmni Turkiya turklari o‘ylab chiqargan, deb hisoblardi. Aslida, panturkizmning tug‘ilishida Sovet turklari ham muhim rol o‘ynagan ekan.
Gulnor raport yozishi kerakligini esladi. Ammo hech stolga o‘tirishni istamayotgandi. O‘zini “charchaganman” deb aldamoqchi bo‘ldi, “odam bir kunda shuncha ishlaydi-da”, dedi o‘zini ovutib, ammo ovunolmadi. Kiyinib ko‘chaga chiqdi.
Daraxtlardagi sarg‘aya boshlagan yaproqlar qiz yuragida g‘alati sokinlik aks ettirdi. Maydalab yog‘ayotgan yomg‘ir ham uni doim sokinlashtirardi. Ammo bu safar bunday bo‘lmadi. Yuragi qattiq-qattiq urardi.
O‘qigan kitobini esladi. Bog‘chasaroyning bir kichik vodiyda joylashgani, u yerda kichik bir uyda Ismoil Gasprinskiy yashagani haqida. Bu uyda u kichik bosmaxona qurgandi. Gulnor bosma mashinasining kog‘oz rulonlari aylanayotganda chiqadigan saslarni eshitganday bo‘ldi.
Gulnor Akademiyaga borib, kutubxonadan Gasprinskiy chiqargan “Tarjimon” gazetasini topib o‘qishga ahd qildi. Shundan keyin raportni ham yozaman, deb o‘yladi.
Lekin “Tarjimon”ni kutubxonadan olish mumkin emas ekan. Gazeta taqiqlangan adabiyotlar ro‘yxatida ekan. Taqiqlangan adabiyot. Gulnor bu haqda ilk bor chuqur o‘yladi. Yuz yil avval chiqqan gazetaning taqiqlanishini hech tushunolmadi.
Maktabda va universitetda o‘qigan kitoblarini xotirladi. Insonlar jamiyati ziddiyatlar ustiga qurilgan. Voqealarni ishlab-chiqarish va ziddiyat (dialektika) boshqaradi. Ishlab-chikarish vositalarga ega bo‘lgan hokim sinf zolimlar sinfidir. Xalqni, ayniqsa, xotinlarni joxillik ichida ezishgan. Xalq xukmron sinfning shuursiz lashkari bo‘lgan. Hamza hakimzoda kabi ziyolini qatl kilish darajasida joxil edi xalq.
Gulnor yuqoriga qaradi. Hamzaning haykali hashamatli edi. Gulnor bo‘ynini siladi, yengil terlabdi. Iziga qaytdi. Uyga kirib, sochiq bilan namli sochlarini artdi. Keyin qog‘ozlarini stolga ko‘ydi. Oppoq saxifaga bir nechta jumla yozdi…
Raportni tugatganida hayajoni ham tugagandi. “Turkchilik asoslari” ko‘lyozmasini katta konvertga joylab, ustiga raportini ko‘ydi.
– Mana kitob va mana raport sizga, o‘rtoq Qorlig‘ashev, — dedi ichida Gulnor.
Gulnor o‘zidagi hissiyotni taftish qildi: bu g‘ururmi yoki boshqa narsami? Korlig‘ashevning baqiriqlariga qarshi javobmi? Bu fikrlar Gulnorni bezovta kilardi.
U o‘z xudbinligi uchun gunohsiz bir odamni qurbon qilmoqchimi? Odil Tursunov yosh “kandidat nauk” edi. Domlalari uning kelajakda katta kimyogar olim bo‘lishini bashorat qilishardi. Uning Muhammad Solih bilan aloqasini KGB xali bilmasdi. Gulnor xam uning Muhammad Solih uyida o‘tadigan majlislarda bir-ikki marta ko‘ringanini raportida yozgan edi.
Ammo u boshqa voqea edi. Endi esa gap o‘zbek xalqi zehnini o‘zgartiruvchi fikrlarni uyg‘otadigan vosita haqida borayotgandi. Odil Tursunov bu kitobni o‘qigani yetmaganday, ikkinchi odamga berayotgandi. Buni raport qilmaslik mumkin emasdi. Sovetlar mamlakatining butunligi bilan bir shaxsning hayotini qiyoslab bo‘lmasdi.
Siz turk yozuvchisi Axmad Beyjon Erjilasunning Gulnor romani audiokitobining 8 qismini tingladingiz. Uni Qudrat Bobojon saslantirdi. Davomini Yutubdagi Eltuz kanalining kelgusi yoyinlarida kuzating.
