Jurnalist Nosir Zokir olamdan o‘tdi
2025 yilning 14 oktyabrida taniqli o‘zbek jurnalisti Nosir Zokir olamdan o‘tdi.
1997 yilning martidan Ozodlikning O‘zbekistondagi muxbirlari safiga qo‘shilgan namanganlik jurnalist va “Birlik” xalq harakati a'zosi Nosir Zokir Ozodlik radiosining eng uzoq ishlagan mahalliy muxbirlaridan edi.
Ozodlikning hur sasi
O‘zbekistonning Namangan, Farg‘ona viloyatlarini poyi-piyoda kezgan bu muxbir Toshkent byurosi ish boshlaganidan ikki yil o‘tib, Ozodlik radiosi va uning Nosir Zokir kabi muxbirlariga nisbatan shakllangan munosabatni shunday ta'riflagan edi.
– Men yangi ishga kirgan vaqtlarda Ozodlikni hali ko‘pchilik eshitmas edi. Lekin, byuro ochilgandan keyin asta-sekin eshituvchilar ko‘paydi. Bora-bora hokimiyatdagilar ham taniydigan bo‘lib qolishdi. Prezidentning Ozodlik muxbirlariga aytgan gapi bor edi: «Bu rahbarlar intervyu berishga qo‘rqadi. Agar ular bu eshikdan quvsa, siz anavi darchadan kiringlar», degan gapi bor edi. Men rahbarlarga o‘sha gaplarni eslatar edim, deya xotirlagan edi Nosir Zokir tirikligida.
Nosir Zokir Ozodlik radiosi muxbiri sifatidagi faoliyati davomida ham muxbirligi va ham muxolifatdagi faoliyati uchun ikki bora qamoqqa tashlangan.
Birinchi bor 1992 yilda 1 yarim yillik qamoq jazosini o‘tagan muxbir, ikkinchi bor 2005 yilning 25 avgustida O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmati xodimini haqorat qilganlik aybi bilan 6 oy qamoqqa hukm etilgan edi va muddatini “qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqacha” o‘tagan.
Nosir Zokir 2005 yil 13 maydagi Andijon voqeasi haqida birinchilardan xabar bergan muxbir bo‘lgan.
Andijon fojeasi va undan keyingi voqealarni yoritgani uchun Nosir Zokir O‘zbekiston ichki ishlar xodimlari va milliy xavfsizlik tomonidan ta'qib qilingan.
Nyu Yorkdagi jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti, Xyuman Rayts Uotch va boshqa xalqaro tashkilotlar Nosir Zokirning nohaq qamlganini ta'kidlab bayonot bergan edi.
Nosir Zokir Ozodlikdan ketib umri oxirida Namangan viloyatida, oilasi bag‘rida yashadi.
«Birlik» harakati faoli
Nosir Zokir iuxolifatdagi faoliyati borasida 2008 yili eslagan edi.
– “Birlik” xalq harakati dastlab tuzilganda shaxsan men uning nizomini ko‘rib turib, hech kimdan maslahat so‘ramasdan ham o‘zim shu harakatga kirganman. Bu harakat juda ham yaxshi tuzilgan edi va hukumatga nihoyatda qattiq ta'sir etadigan katta kuchga aylangan edi. Birinchi qilingan xato 1989 yilning 10 sentyabriga belgilangan mitingni qoldirganimiz. U paytda biz oddiy bir a'zo edik, lekin yuqoridagi rahbariyat shu mitingni qoldirgan. Shundan keyin odamlarning ko‘ngli sovib ketgan edi. Keyin “Birlik” xalq harakati “Erk” demokratik partiyasiga bo‘linib ketdi. Bu ham harakatga juda katta ta'sir o‘tkazdi. Undan keyin hukumat “Birlik” xalq harakati ichidan ba'zilarni sotib ola boshladi. Ya'ni Leninning bir gapi bor edi: Muxoliflaring chiqsa, ichidan bir kattaroq liderini sotib olsang bo‘ldi. Ular o‘zidan-o‘zi bo‘linib ketadi. Shunday bo‘lgan edi.
1991 yilda avval “Erk”, keyin “Birlik” ro‘yxatdan o‘tdi. Unda ham harakat faollik bilan juda yaxshi ish olib boraëtgan edi. Mustaqillikdan keyin hukumat demokratik kuchlarga nisbatan ham “Erk” demokratik partiyasiga, ham “Birlik” xalq harakatiga qarshi qattiq kurash boshladi. Hatto mening esimda bor, 1993 yili yanvar oyida Oliy kengashning sessiyasi bo‘lgandan keyin mashinasozlik zavodi rahbari Abduvohid aka Pattaev meni chaqirib “Nosirjon, demokratiyani fotiha o‘qib ko‘mib keldik. Bundan keyin endi yaxshilik bo‘lmaydi” dedi. Hukumat “Birlik”ni ham, “Erk”ni ham qaytadan ro‘yxatdan o‘tsin dedi, lekin o‘tkazmadi. Shu bilan 1993 yil noyabr oyida meni qamab qo‘ydi. Yana boshqa demokratik kuchlarga qarshi qama-qama, ommaviy ravishda terror boshlanib ketdi.
Jurnalist Nosir Zokir janazasi 14 oktyabr kuni To‘raqo‘rg‘on tumani Axsi jome masjidida o‘qildi.
Rassom Tuz sahifasidan
