Farg‘ona sudi Rossiya fuqarosini himoya qilib mahalliy korxona yopilishiga sabab bo‘ldi
Rossiya fuqarosi Farg‘onadagi “MONERON” MChJga nisbatan “xonadon oldi-sotdi shartnomasini tuzish va topshirish majburiyatini yuklash” haqida sudga da'vo kiritgan. Da'voga ko‘ra, javobgar Farg‘ona shahrida, Ilg‘or MFY, Mustaqillik shohko‘chasi 67-uyda joylashgan jami 16 ta xonadonni da'vogar nomiga rasmiylashtirib, topshirib berishi lozim edi. Da'vogar shuncha kvartirani olib sotmoqchimidi, ijara biznesi boshlamoqchi yoki mablag‘ini saqlab turmoqchimidi – bunisi qorong‘u.
Da'vogar turli sanalarda tuzilgan dastlabki shartnomalar va to‘lov orderlarini sudga taqdim etdi. Biroq “MONERON” MChJ rahbari bu hujjatlar haqiqiy to‘lovni tasdiqlamasligini, da'vogar bilan shaxsiy munosabatlar sabab ayrim hujjatlar bosim ostida imzolanganini, aslida xonadonlar uchun hech qanday pul to‘lanmaganini bildirdi. Kim haq, kim nohaq – masala mujmal.
Shunga qaramay, birinchi instantsiya sudi da'voni to‘liq qanoatlantirib, “MONERON” MChJ zimmasiga 16 ta xonadonni notarial tartibda sotish va da'vogarga topshirish majburiyatini yukladi. Bundan tashqari, tadbirkordan davlat foydasiga 1,5 million so‘m davlat boji undirish belgilandi.
Biroq ish materiallarida ziddiyatli jihatlar bor. Avvalo, da'vogar 2024 yil 25 sentyabrda notarial tartibda tasdiqlangan “voz kechish haqida”gi shartnomalarga asosan mazkur xonadonlar bo‘yicha barcha huquqlaridan boshqa shaxs foydasiga voz kechgan edi. Ushbu voz kechish shartnomalari da'vo kiritilgan paytda o‘z kuchida bo‘lgan.
Ikkinchidan, dastlabki shartnomalarning o‘zida ham xonadonlar faqat egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlar olinganidan so‘ng notarial bitim orqali topshirilishi belgilangan.
Lekin Mustaqillik shohko‘chasi 67-uy qurilishi sud jarayoni paytida hali qurilishi tugallanmagan, foydalanishga topshirilmagan edi. Bino 2025 yil may oyida qabul qilingani haqidagi hujjatlar sudga taqdim etildi.
Shunday ekan, korxonaning egalik huquqi mavjud bo‘lmagan, notarial oldi-sotdi qilish imkonsiz bo‘lgan ob'ektdan 16 ta xonadonni majburiy tarzda bir shaxsga sotilganiga ishonish mumkinmi?
Bu bilan ish tugamadi. Keyinchalik da'voni ta'minlash chorasi sifatida “MONERON” MChJga nisbatan juda keskin cheklovlar qo‘yildi. Korxonaning boshqa shaxslarga o‘tkazilishi bilan bog‘liq barcha harakatlar taqiqlangan, hisob raqamlari orqali mablag‘ qabul qilish, ustav fondini oshirish, moliyaviy operatsiyalar amalga oshirish imkoniyati yo‘qqa chiqarildi.
Natijada, yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritishi kerak bo‘lgan korxona amalda falaj holatga kelib qoldi.
E'tiborli jihati, da'vogar hozirgacha 16 ta xonadonga egalik huquqini olish uchun davlat bojini to‘lamagani sababli sudda yutuqqa erisha olmagan. Aytilishicha, u taxminan 150 million so‘m davlat bojini to‘lagandan keyingina mulk huquqini rasmiylashtirishi mumkin.
Savol ochiq qolmoqda: bir fuqaroning ehtimoliy huquqini tiklash bahonasida, nega bir korxona faoliyati to‘liq izdan chiqarilishi kerak? Bu ishga DXX, prokuratura va boshqa mas'ullar jiddiy e'tibor qaratishi shart.
