Muharrirga maktub: Ishtixonda shpal qo‘yishdan xalqqa foyda bor
Assalomu alaykum, Qudrat Bobojon! Omonmisiz? Uydagilaringiz yaxshimi, aka? Eskidan sizlarni kuzatib boraman, bilasiz…
Men Ishtixon tumanida yashayman. 2021 yildan beri tuman hokimligi axborot xizmatida shtatli-shtatsiz faoliyat yuritib kelayapman. Shuningdek, fermerlar kengashida ham ishlaganman.
Hozir esa tumanimizning oddiy fuqarosi sifatida shunga aminmanki, hozirgi kunda aholining turmush darajasini oshirish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bu shunchaki maqtov gap emas — tarixiy ahamiyatli, salmoqli ishlar bo‘layapti. Men bir paytlar tanqidchi bloger bo‘lganman, Ishtixon haqidagi nosozliklarni ko‘p yoritganman. Shunday insonni hayratga solish oson emas.
2022 yil iyun oyidan buyon hokimlikni yosh va faol rahbar — Fazliddin Ro‘ziev boshqarmoqda. Masalan, “Obod xonadon, obod ko‘cha, obod mahalla” dasturi doirasida to‘rt mahallada olib borilgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari haqiqiy tarixiy voqea bo‘ldi. Yo‘llar, xonadonlar, ariqlar, soylar — hech biri chetda qolmadi. Davlat odamlarning tomorqasigacha kirib bordi, xomiylik bilan uylar qurdi, ekin ekib berdi.
Bunday hashar — xalq qadriyatlarini tiklagan, odamlarni birlashtirgan ish bo‘ldi. Yangi hokim xalq bilan yuzma-yuz muloqot qildi, telefon raqamlarini ham berdi. Uning o‘zi ham shu tumandan ekanligi bunga ruh va kuch bergani aniq.
Tumanimiz tarixi ham boy — sug‘diy xonliklar poytaxti bo‘lgan bu joyda madaniyat markazi shakllangan. Endi nega bu imkoniyatdan foydalanib, iqtisodiy jihatdan rivojlangan, go‘zal hududga aylantirmasligimiz kerak?!
Sanoat sohasi ham sezilarli ildamlayapti. Bu ham yangicha yaxshi mavzu…
62 ta mahallaning 23 tasi uzumchilikka ixtisoslashgan. Ishtixon uzumlari dunyoda tan olingan. Mayizchilik — bu yerning asosiy boyligi. Hozir brend sifatida rivojlanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Ishtixon tumaniga alohida e'tibor qaratmoqda.
Sog‘liqni saqlash tizimidagi respublika miqyosidagi o‘zgarishlar aynan Ishtixon misolida sinovdan o‘tmoqda. Yillar davomida hal bo‘lmagan aylanma yo‘l masalasi ham yechim topmoqda — bu bozor bilan bog‘liq xalq muammosini yengillashtiradi.
Qishloq xo‘jaligida uzumchilik uchun drenaj-nasoslar tiklandi, suv ta'minoti yaxshilandi. Bu ishlar uchun davlatimiz rahbari katta mablag‘ ajratdi.
Shpal qo‘yish ishlari haqida ham alohida ta'kidlab o‘tish joiz. Bu jarayonda byudjet tashkilotlari xodimlari majburiy mehnatga jalb qilinmagan. Barcha ishlar fermerlar, hokimlik va mahalliy aholi hamkorligida qilingan. Ya'ni hokimlik bu ishlarni nazoratga olib turgan. U yerdagi matnda esa , shoshilib xato yozilganligi ko‘rinib turibdi. Ammo:
Shpal qo‘yish natijasida:
Uzumzorlarda ishlash qulaylashadi.
Hosildorlik har bir gektarda 20 million so‘mgacha ortishi ta'minlanadi,
Yerdan samarali foydalanish imkoniyatlari kengaydi,
Uzumchilik xo‘jaliklarining iqtisodiy salohiyati mustahkamlanadi,
Fermerlar daromadi ko‘payadi.
Boshqa sohalarni ham ayricha aytaolamiz…
Yoshlar sportida ham so‘nggi yillarda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.
Ishtixon tumanining faxrli farzandlari — Nigina O‘ktamova va Gulsevar G‘anieva jahon chempionatida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishgan. Ular o‘smirlar o‘rtasidagi boks yo‘nalishida dunyo miqyosidagi sovrindorlar hisoblanishadi. Bu natijalar zamirida nafaqat ularning mashaqqatli mehnati, balki hokimlik va davlat tashkilotlarining sportga bergan e'tibori ham muhim o‘rin tutadi.
So‘nggi yillarda sport infratuzilmasi sezilarli darajada rivojlandi:
sport maktabida kapital ta'mirlash ishlari amalga oshirildi, qo‘shimcha bino qilib berildi, zamonaviy jihozlar yetkazib berildi, tuman futbol stadioni ta'mirlandi va yashil maydonlar tiklandi.
Bu ishlar yoshlarning sportga qiziqishini kuchaytirib, yangi chempionlar yetishib chiqishi uchun mustahkam zamin yaratdi.
Bu — Ishtixon yoshlarining iqtidori va g‘ayrati, tumanning yuksak salohiyatining yorqin isbotidir.
Umuman , Ishtixon yangicha qiyofa kasb etib bormoqda.
Mening Ishtixonim, deyishga arzigulik ishlarni hammasini fidoyilar qilmoqda. Sizlarga yetkazganga ham tashakkurlar!
Bu yerdagi ishlarga e'tiborli ekan hech bo‘lmasa matndagi xatomizni topibdiku.
Hurmat bilan Gulzamon Akbar
10 oktyabr,2025 yil
