Dayjest
8 march 2016

Joni savil ayollar, poraxo‘r domla va bitiruvchilarga uy mehnati

O‘zbekistonda chiqayotgan gazetalar sahifasiga «yuksak islohotlar samarasi» sifatida onalar o‘limi kamaygani, kollej bitiruvchilarining uy ishlariga «band» qilinayotgani, o‘zbek hukumatining internet havotirlari, video tomosha qilgani uchun qamalgan «ekstremistlar» va poraxo‘r Qorako‘l tumani tibbiyot kolleji direktori haqidagi maqolalar chiqdi.

Agar bu gaplarni umumlashtirib teskari to‘nkarsak shunday xulosa qilish mumkin, agar domlalar pora olmaganida, oddiy video tomoshabinini qamaydigan, bor havotiri Internetda bo‘lgan savodsiz hokim va sud hakamlari bo‘lmas, kollej talabalari o‘qishni bitkazgach uyda kashta tikish bilan emas iqtisodi ravnaq topgan zavod fabrikalarga ishga kirgan, paxtani esa o‘sha zavodlarda ishlab chiqarilgan traktorlarda terishgan bo‘larmidi… Gazetalarni o‘qishda davom etamiz.


Nahotki ayollar mehnati yengillashgan bo‘lsa?

“O‘zbekiston ovozi” gazetasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida O‘zbekistonda onalar o‘limi 33,3 foiz qisqargani qayd etilgani to‘g‘risida yozdi.

“Albatta, bu yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlarning yuksak samarasi hisoblanadi. Chunki mustaqillik yillarida onalar mehnatini yengillashtirish, salomatligini mustahkamlash borasida ancha yutuqlarga erishildi”, deb xulosa qiladi gazeta.

O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumida yosh bolali onalar ham bu ishlarga keng jalb qilinishi, qolaversa, paxta terimidek mashaqqatli mehnatning katta qismi xotin-qizlar zimmasiga yuklangani yuqorida aytilgan gaplarga nisbatan shubha uyg‘otadi.

Bitiruvchilarning deyarli yuz foizi ishli bo‘layotganiga ishonasizmi?

“Hurriyat” gazetasining yozishicha, o‘zbekistonlik ota-onalar kollejlarni bitirayotgan farzandlarining ishli bo‘lishi masalasida ko‘ngillarini to‘q qilishi mumkin.

“O‘tgan yili 482,6 mingdan ziyod bitiruvchining 435,7 ming nafari ish bilan ta'minlangani, 12,2 ming nafari oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirgani quvonchli ko‘rsatkich emasmi”, deya ritorik savol qo‘yadi maqola muallifi.

Ma'lum bo‘lishicha, ota-ona, kollej va bitiruvchi amaliyot o‘tashi ko‘zda tutilgan korxona o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma asosida o‘tgan yili 267,9 ming nafar bitiruvchi shartnoma tuzgan korxonalariga ishga joylashgan.

O‘zbekistonda bitiruvchi ishga joylashgani haqida qay yo‘l bilan bo‘lmasin ma'lumotnoma taqdim etishi shart. Ko‘pincha bunday qog‘oz muayyan pul evaziga sotib olinadi. Lekin o‘qishni bitirgandan keyin ko‘cha changitib yuradigan bu bitiruvchi ishli bo‘lgan shaxs sifatida hisobotlarga tirkaladi. Yuqori keltirilgan raqamlar ana shu hisobotlardan olinganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Uyda kashta tiksang ham ishli hisoblanasan

Aholining ish bilan bandligi mavzusini davom ettirgan “Mohiyat” gazetasi “Turkiston press” agentligining O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gulnora Ma'rupova bilan intervyusini e'lon qildi.

Amaldor xonimning aytishicha, 2015 yilda respublika bo‘yicha ayollar uchun qariyb 405 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu ish o‘rinlarining 94 mingdan ortig‘i uy mehnati bilan shug‘ullanish hisobiga to‘g‘ri keladi.

Mana shu o‘rinda “uy mehnati” degan tushunchaga bir izoh berish kerak. Gap shundagi, ayollarning ish bilan bandlik ko‘rsatkichini oshirish uchun (albatta, qog‘ozda) O‘zbekistonda o‘z uyida kashta yoki do‘ppi tikadigan ayollar ham ishlilar ro‘yxatiga tirkaladi. Natijada yuqoridagi kabi ulkan raqamlar kelib chiqadi.

Agar shunday bo‘lmaganda, bir yilda shuncha ayol haqiqatan ham ish bilan ta'minlanganida edi hozir O‘zbekistonda birorta ishsiz ayol qolmagan, yetmagan ishchilar esa xorijdan taklif etiladigan darajaga yetib qolgan bo‘lishimiz kerak edi. Lekin qog‘oz bilan hammani ishli qilib bo‘lmadi-da!

Internet keng jamoatchilikni xavotirga solmoqdami?

“Huquq olamida” gazetasi “g‘araz niyatli kuchlar internet imkoniyatlarini suiiste'mol qilib, undan ommaviy qurol sifatida foydalanayotgani”dan xavotir bildirdi.
“Internet makoni ochiq va chegarasiz bo‘lgani bois, jahon axborot makonida yuz berayotgan salbiy tendentsiyalar, agressiv axborotlar, noto‘g‘ri va ig‘voli ma'lumotlarning tarqalayotgani… sababli keng jamoatchiligimizda xavotir sezilmoqda”, deb yozadi gazeta.

Gazeta bu muammo yechimini izlar ekan: “Yoshlarimiz internetdan madaniyatli va samarali foydalanishi uchun ularga madaniy foydalanish ko‘nikmalarini o‘rgatishimiz, bilim va tajribalarini oshirishimiz lozim”, deb maslahat beradi.

Diniy ma'ruzalarni tinglaganlar qamaldi

“Diyonat” gazetasi diniy mazmundagi jangari roliklarni, “ekstremistik ruhdagi ma'ruzalarning elektron shakli”ni tomosha qilgan va tinglagan bir guruh fuqarolar jazoga tortilgani haqida maqola chop etdi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu fuqarolar “jihodchilar” deb nom olgan to‘daga birlashib, “atroflaridagi mafkuraviy qarashlari zaharlangan kimsalar bilan Turkiya davlatiga hijrat qilib, “jihod” amallarini bajarish uchun Suriyaga chiqib ketishni rejalashtirgan”.

Shuningdek, ma'ruzavozlik, da'vatchilik bilan shug‘ullanib, o‘z saflarini kengaytarib kelgan bu guruh internetdan har xil diniy ma'ruzalar, videoroliklarni muntazam olib, saqlagan.
Maqolada ular Turkiyada Abdulla Buxoriy nomi bilan tanilgan, o‘tgan yili suiqasd qurboni bo‘lgan andijonlik Mirzag‘olib Hamidovning diniy ma'ruzalarini tinglaganlikda ham ayblangan.
Ayblanuvchilarga 7 yildan 11 yilgacha qamoq jazosi tayinlangan.

Kollej direktori shuncha topsa, rektor qancha yig‘arkan?

“Huquq” gazetasi Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani tibbiyot kolleji direktori bo‘lgan ayol birgina 2015-2016 o‘quv yiliga o‘quvchi qabul qilish ortidan 32 ming dollar miqdorida pul yiqqanini xabar qildi.

Yozilishicha, ayolning eri ham shu kollejda ishlagan. Er-xotin kollejga o‘qishga qabul qilish uchun talabgorlardan muayyan miqdorda pora olgan.

Shu o‘rinda bitta kollej direktori bir mavsumda shuncha pul ishlasa, institut yoki universitet rektori qancha topar ekan, degan haqli savol tug‘iladi. Chunki O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish ham “o‘ziga xos, o‘ziga mos” tarzda bo‘lishi sir emas.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 september 2018
«Navbatim yaqinlashgan sari tobora kuchayib borayotgan vahima butun vujudimni qoplab oldi. O‘ng oyog‘im tovoni zirqirab og‘riy boshladi…». Muhammad Bekjon ...
14 february 2018
Milliy xavfsizlik xizmatining Toshkent markaziy sayilgohida joylashgan bosh qarorgohi boshqa joyga ko‘chirilayotgani haqida «Eltuz»ga ma'lumotlar yetib keldi. U yerga ...
2 january 2026
zbek xalqi shubhasiz dunëdagi barcha yaratiqlar ichida «eng sabr qiladirg‘on» turidan. Boshliq kelib ko‘tiga tepsayam xudoga shukr deydi. Lekin ...
14 september 2020
O‘zbekistonda aholi yalpi daromadining 27 foiz oshgani haqida «O‘zbekiston 24» telekanali orqali berilgan xabar ijtimoiy tarmoqda ajablanish bilan qarshi ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...