Anons
29 october 2023

Shoir Omon Matjon olamdan o‘tgan kun

Lekin bir xalq mudrab, yotinqirasa,
Har kimga o‘z tinchi yoqinqirasa,
Shoirlari qo‘rqib bosinqirasa,
Xalqni kim uyg‘otar,
Savolim shuldir?!

Ushbu satrlar muallifi, o‘zbek modern she'riyatining taniqli namoyandasi Omon Matjon 2020 yilning 29 oktyabrida 77 ëshida vafot etgan, Toshkentning Yangiobod mavzeidagi qabristonda dafn qilingan.

Shoir Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tug‘ilgan edi. U adabiyot oldidagi xizmatlari uchun Hamza nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Shoirning «Ochiq derazalar» (1970), «Karvon qo‘ng‘irog‘i» (1973), «Yonayotgan daraxt» (1977), «Yarador chaqmoq» (1979), «Haqqush qichqirig‘i», «Seni yaxshi ko‘raman» (1983), «Gaplashadigan vaqtlar» (1986) kabi to‘plamlari o‘zbek she'riyatining ustunlari sifatida ko‘riladi.

FYeRUZA

Kelmading.
Qushlar ko‘chib ketdi qoshimdan,
Tushlar cho‘chib ketdi yoshimdan,
Hushlar uchib ketdi boshimdan,
Kelmading.
Xazonlar to‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Osonlar yo‘q bo‘ldi yillab men uchun,
Armonlar ko‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Kelmading.
G‘amlarning bariga to‘zdim — chidadim,
Namlarning bahrida suzdim — chidadim,
Damlarning shahdidan o‘zdim — chidadim,
Kelmading.
Kunlarim hijronga o‘qdek yoqqanda,
Ruhim oti qonga cho‘g‘dek botganda,
So‘nggi o‘qni jonga o‘zim otganda,
Sen kelding uzr so‘rab…
Sen kelding nechun?!


Umr o‘tar, vaqt o‘tar,
Xonlar o‘tar, taxt o‘tar,
Omad o‘tar, baxt o‘tar,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sening yurishlaring, sening kulishlaring.
Bahorda bog‘ na go‘zal,
Qor tushsa tog‘ na go‘zal,
Bu yoshlik chog‘ na go‘zal,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
So‘zsiz qarashlaring, holim so‘rashlaring.
Oy chiqar goh zaholi,
Do‘stlar ko‘pdir vafoli,
Hayot shundan safoli,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sokin so‘zlashlaring, pinhon izlashlaring.
Umr — yo‘l, qayrilish ko‘p,
Uchrashish, ayriliq ko‘p,
Unutish,aytilish ko‘p,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
O‘sha kulishlaring, o‘sha kelishlaring…


Ochil, ey gul, gul vaqting bo‘ldi,
Uyg‘on, ey dil, dil vaqting bo‘ldi.
Yetar ming bir kecha ertaga,
Tong sirlarin bil, vaqting bo‘ldi.
O‘z haqqini bilmagan quldir,
Shukr etgan ham qul, vaqting bo‘ldi.
Noming aziz, o‘zingga bek bo‘l,
El bo‘l endi, el vaqting bo‘ldi.
Ogoh etar soatsiz qismat,
Harakating qil, vaqting bo‘ldi.
Tilni qutqar tillar bandidan,
Tilga kirgin, til vaqting bo‘ldi.
O‘zbekiston, falak burjiga
Yuragingni il, vaqting bo‘ldi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 march 2016
«Huquq» gazetasi mana shu kombinat bilan bog‘liq navbatdagi firibgarlik haqida maqola e'lon qildi. Ma'lum bo‘lishicha, angrenlik shaxs kombinatning shaxta ...
11 february 2025
Ma'lumki joriy yilning 9 fevralidan boshlab men Eltuz Bosh muharriri Qudrat Bobojonov ta'tilga chiqqan edim va buning sabablarini hech ...
25 may 2020
Gulnora Karimovaning qizi va o‘g‘li o‘zbek tadbirkorlarini «amneziya» (unutish kasalligi)ga chalinganlikda ayblashdi. So‘nggi ikki haftada turli yillarda Gulnora Karimova ...
20 february 2018
Firibgarlikda ayblanayotgan chinozlik tadbirkor, 40 yoshli Ahmad Tursunboev va uning sheriklariga 16 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...