Asosiy mavzular
12 february 2021

Blogerlar orasida “tozalash” yoxud Otabek Sattoriy ishi

Ijtimoiy tarmoqlarda taniqli bo‘lgan 40 yoshli bloger Otabek Sattoriy ishi ancha shov-shuv, munozara va e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu voqeaga nafaqat mahalliy, balki xalqaro darajada ham munosabat bildirdi. 

Tovlamachilikda ayblangan bloger ishi bo‘yicha 11 fevral kuni Bosh prokuratura bergan navbatdagi rasmiy bayonotga ko‘ra, unga MJtK ning 3 ta moddasi bo‘yicha jazo qo‘llanilib, BHMning 40 baravari miqdorida (9,8 million so‘m) jarima qo‘llanilgan. 


Joriy yilning 1 fevralida jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahri sudi tomonidan chiqarilgan qarorda sudning ochiq o‘tgani bayon qilingan. Vaholanki, birorta ommaviy axborot vositalari yoki bloger ushbu sudda ishtirok etmadi.

Sud qarorining o‘ziyoq Otabek Sattoriy ishida ko‘plab shubhali holatlar borligiga misoldir. Sudning aniqlanishicha, Otabek Sattoriy o‘z telegram kanali hamda ijtimoiy tarmoqlarda Denov ko‘mir ombori va Termiz shahri hayvonot bog‘i xodimlari bilan bog‘liq qing‘irliklarni yoritib, go‘yoki ularga tuhmat qilgan hamda ba'zi o‘rinlarda ularni “kalamushsimon” hamda “zodagon” deya haqoratlagan. 

Avvalo, haqorat deya talqin etilayotgan “tahqirlovchi so‘zlar”ga e'tibor qaratsak. 

O‘zbek tili izohli lug‘atida “zodagon” so‘zi “yaxshi oilaning farzandi” sifatida ta'riflangan, bloger buni sarkazm sifatida qo‘llagan taqdirda ham hech qanday haqorat elementiga ega bo‘la olmaydi. 


“Kalamushsimon” so‘zi esa qachondan hayvonot bog‘i xodimlarining ko‘ngliga tegadigan bo‘lib qoldi? Shaxsan prezident Shavkat Mirziyoevning o‘zi ham ayrim davlat xizmatchilarini, Moliya vazirligi xodimlarini “kalamushlar” deya haqoratlagan.


Fahmlanishicha, bloger prezident kabi aynan “kalamushlar” emas, “kalamushsimon” atamasini qo‘llagan, bu esa haqoratlanish emas, sifatlanishdir. 

Tuhmat ayblovi qo‘yilishiga asos bo‘lgan postda ham Otabek muayyan shaxslar nomini aytmay, mahallaga keltirilgan ko‘mir sifati ustidan o‘rinli shikoyat qiladi ham mutasaddi tashkilotlardan bunga izoh so‘raydi. 

Denov ko‘mir ombori rahbari ushbu o‘rinli savollardan shaxsi kamsitilib qolinishi va obro‘sizlantirilishi (o‘zi obro‘si bo‘lganmidi?) kulgili holat.

Mana shunday elementar jihatlar hisobga olinmagani sudning qanday saviyada o‘tganidan dalolat bermoqda. 


Qarorda ijtimoiy tarmoqlarga “internet jahon axborot tarmog‘i” deya shu qadar urg‘u berilganki, bu bilan blogerning aybini yanada og‘irlashtirish ko‘zda tutilgandek. 

Shu qadar ko‘p imloviy xatolar bilan yozilganki, bu sud hokimiyati xodimlarining savodi masalasi va darajasini yaqqol namoyon qilib turibdi. 

Sud huquqbuzar ishtirokisiz bo‘lib o‘tgani esa umuman tushunarsiz. Da'vogarlarning ikkisi ham Otabek Sattoriyni kechirmasligini aytib, suddan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rashgan. 

Hayvonot bog‘i direktorining iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari E.Normamatovning bu qadar “xafagarchiligi”ni oqlab bo‘lmaydi. Bloger o‘z postida konkret bir shaxsga nisbatan emas, umumiy xodimlar va rahbariyatga nisbatan noroziligini ifodalagan. 

Kiyiklarning shubhali o‘limi haqida “Ozodlik” radiosi xabar bergan bo‘lib, u turli manbalarda tarqatildi, ijtimoiy tarmoq vakillari tomonidan ham hayvonot bog‘i xodimlari sha'niga turli haqoratlar yog‘dirildi va bu tabiiy. 

So‘nggi kunda O‘zbekistonda jonivorlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari ko‘plab kuzatilmoqda. Biroq janob E.Normamatovga aynan Otabekning “haqoratsimon” so‘zlari tegib ketgani shubhalarni battar orttiradi. 

Otabek Sattoriy dastavval tovlamachilikda ayblanib, unga eng og‘ir ehtiyot chorasi sifatida qamoq jazosi qo‘llanilgan edi. Oliy Majlis deputati R.Kusherboev tovlamachalik deya ta'kidlangan xatti-harakat aslida blogerning haqli da'vosi ekanini aytgach, rakurs negadir yanvar oyi boshida yuz bergan voqealar tomonga o‘zgardi.


Hayvonot bog‘i rahbariyati 4 yanvar kuni Otabek Sattoriy postiga o‘z raddiyasini e'lon qilgan, biroq negadir keyin E.Normamatov va Denov ko‘mir ombori mudirining Otabek bilan sudlashgilari kelib qolgan.


Ajablanarlisi, eng avval Sherobod tumani “Qo‘rg‘on” MFYda yashovchi fuqaro To‘raev Lochin Otabek Sattoriy ustidan ariza bilan murojaat qilgan edi. Sudda uning toptalgan sha'ni xususida to‘xtalib o‘tilmadi. 


Xulosa qilib aytganda, Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha voqealar tafsilotini kuzatar ekanmiz, ko‘plab o‘zaro nomutanosibliklar, shubhali holatlar ro‘y berayotganini ko‘rishimiz mumkin. 

Unchalik katta auditoriyaga ega bo‘lmagan hamda postlari keng qamrovli bo‘lmagan bloger ishining bu qadar keng jabhada yoritilishi, prokuratura o‘z nazoratiga olishi, o‘ta og‘ir va mantiqsiz ayblovlar hamda jazolar qo‘llanilishi turli savollarni keltirib chiqarishi tabiiy albatta. 


Ushbu voqealardan so‘ng Otabekning telegramdagi “Xalq fikri” kanali o‘chirilgan yoki o‘chirtirilgan. Balki bu Otabek misolida boshqa blogerlarga berilgan signaldir? Yoki muammolarni ochiq yoritayotgan blogerlarni yo‘ldan olib tashlashmi? 

Yuqoridagilarga tayangan holda, Otabek Sattoriy bilan bo‘layotgan holat adolat printsiplariga mos emas, deb hisoblash mumkin. O‘zbekiston hukumati media hamda so‘z erkinligi borasida hali ko‘p qoqilishlarga yuz tutishi mumkin.

Tag‘in o‘qing
25 november 2020
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi Konstitutsiya mahallasida 500 xonadon bor. Uylardan chiqayotgan tutundan esa ko‘chada nafas olib bo‘lmaydi. «Hamma topganini ...
23 september 2020
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi 13-maktab direktori, 47 yashar Nurbek Turdievning jasadi 31 avgust kuni maktab hojatxonasida osig‘liq holda topildi. ...
29 june 2017
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Sudya och ekan, prokuror to‘q ekan. Sudyaning alvasti kabi xotini, yiqilay deb turgan ...
22 december 2017
22 dekabr kuni prezident Mirziyoev O‘zbekiston Oliy Majlisiga murojaatida mamlakat harbiy doktrinasi butunlay boshqatdan ko‘rib chiqilayotgani haqida gapirdi. «Hokimlar ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...