Asosiy mavzular
3 may 2022

Qo‘rg‘ontepada 500 dan ziyod tadbirkor ko‘chaga haydalmoqda

Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumani buyum bozori viloyatning boshqa bozorlariga nisbatan ancha hamyonbop va gavjum. Shu bois, yo‘li uzoq bo‘lsa-da, boshqa tumanlarda yashovchi savdogarlar ham savdo-sotiq uchun Qo‘rg‘ontepa bozoridan joy olishadi. 

Ammo shu kunlarda bozorda faoliyat yuritayotgan savdogarlarning tinchi buzilgan. Sababi, bozorning Shahrixonsoy qirg‘og‘idagi qismida savdo qilayotgan tadbirkorlar joyidan haydalmoqda. 

– Bozorimizda katta mablag‘ evaziga savdo rastalari, yangi do‘konlar qurildi. Joyi yo‘q, ko‘chada noqonuniy savdo qiluvchi yoymachilar, savdogarlarga arzon narxlarda sotildi. 

Kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotganlar hatto rastalar bilan tekin  ta'minlandi. Hali faoliyat boshlaganimizga bir oy ham bo‘lgani yo‘q. Endi joyni bo‘shatib, chiqib ketishimiz haqida gap-so‘zlar bo‘lyapti, – deydi tadbirkor Sanobar Sodiqova. 

Mazkur bozor Shahrixonsoy kanalining shimoliy qismida joylashgan. Ma'lum bo‘lishicha, “Hamkor baraka savdo lyuks” MChJ  kanalning bo‘sh  qirg‘og‘idan foydalanib turishga 7 yildan beri shartnoma qilib kelgan.  Ammo kutilmaganda kanal ma'muriyati himoya hududini bo‘shatish yuzasidan ogohlantirish xati yubordi.

– Agar hududni ochish kerak bo‘lsa, nega shuni endi aytishyapti? Nega biz betonlayotgan paytimiz indashmadi? Rastalarni qo‘yayotgan paytimiz, shuncha odam pul sarflashidan oldin  qaerda edilar? Odamlarni nima qilardi ovora qilib? 

500 ta do‘kon, 300 ta rasta. Bu kamida 800 ta oilaning tirikchiligi, degani! Kimdir tilla buyumlarini sotib, kimdir qarz-havola bilan bu do‘konlardan sotib olgan. Ularning shuncha sarf-xarajatlarini endi kim to‘lab beradi, – deydi kuyunib “Hamkor baraka savdo lyuks” MChJ rahbari Zikrillo Mo‘ydinov.

Shahrixonsoy irrigatsiya tizimi mutaxassisi G‘anijon Xo‘jamberdievning “Eltuz”ga aytishicha, shartnomani bekor qilish g‘oyasi Qo‘rg‘ontepa tumani hokimligiga tegishli. Kanal ma'muriyati esa tadbirkorlar bilan shartnomani davom ettirishga qarshi emas. 

“Hamkor baraka savdo lyuks” MChJ bilan bir necha bor sudlashgan tuman hokimligi suv xo‘jaligi vaziri nomiga kanalning himoya hududidagi buyum bozori uchun tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnomani bekor  qilish va noqonuniy qurilmalarni bartaraf qilishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan. 

Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi o‘rinbosari Doniyor Azimovning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning joriy yil yanvardagi qarorida tumanda zamonaviy ko‘cha qurish nazarda tutilgan. 

“Loyihaga ko‘ra, Shahrixonsoy qirg‘og‘ida  piyodalar va velosipedchilar uchun yo‘lak qurilishi kerak. Biroq bu qurilishga mana shunday turli noqonuniy qurilmalar to‘sqinlik qilyapti”, dedi hokim o‘rinbosari “Eltuz” bilan suhbatda

Kanalning chap qirg‘og‘ida dehqon bozori ham joylashgan. Hozircha bu bozor bilan hech kimning ishi bo‘lgani yo‘q. Himoya hududiga faqat buyum bozori xalal beradimi? Dehqon bozori-chi? Loyihadagi veloyo‘lak-chi? Ular xalal bermaydimi? 

Bu savolga hokim o‘rinbosari: “Yo‘q, umuman xalal bermaydi. Kanalda ta'mirlash ishlari ketadigan bo‘lsa, texnika kirib bemalol ishlasa bo‘laveradi. Odamlar ham sayr qilsa bo‘ladi. Lekin noqonuniy do‘konlar xalaqit beradi”,  deb javob berdi.

Tuman hokimligi buyum bozorining nafaqat kanal qirg‘og‘ini egallab turgan qismi, balki maydoni ham noqonuniy egallab olinganini iddao qilmoqda. Tadbirkorning qo‘lidagi hujjatlar esa buning aksini ko‘rsatadi. 

– Kadastrimiz bor, texnik shartlar olganman, “Suvoqova”dan ham, Farg‘ona janubiy magistral kanalidan ham. Viloyat arxitektura boshqarmasidan ruxsatnomalar olingan. Mana, qo‘limda turibdi hammasi. 

Kanal bo‘yidagi rastalar esa muqim do‘konlar emas. Bular joyidan siljitib, ko‘chirib yursa bo‘laveradigan yengil metall konstruktsiyadan ishlangan. Xullas, noqonuniy hech narsa yo‘q bu yerda. Ammo bozordan non topayotgan 500 dan ziyod tadbirkorni ulug‘ ayyom kunlarda qaqshatish kimga kerak bo‘lganini tushunolmayapman, – deydi MChJ rahbari Zikrillo Mo‘ydinov.

Veloyo‘lak – yaxshi g‘oya. Biroq bu joyga mehnati va mablag‘i sarflangan tadbirkorlarning taqdiri nima bo‘ladi? Yangi g‘oyalar bilan to‘lib-toshgan tuman mutasaddilari insofga kelib, ishsiz, joysiz qolayotgan bozorchilar masalasiga jiddiy yondasharmikin!!? 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 september 2023
RT: Do‘st bilan obod uying gar bo‘lsa ul vayrona ham! MS: Isop duz og‘a. Nichiksizla mo‘chchi apika, xo‘jik brrilo. Ëngqi ishlar bo‘lib turibmi oxir? RT: Matchonboy, sen jonajon o‘zbekistonimizda xafta ichida ...
9 december 2025
Namangan viloyatining Chortoq tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari Eltuz nashriga yo‘llagan maktubda muassasa xonalarining sovuqdan muzlab qolganligi, bemorlar va tibbiyot ...
25 february 2016
O‘zi bir xilu muallifi har xil maqolalardan bino bo‘lgan o‘zbek gazetalarida e'tiborimizga chalingan tendentsiya o‘zbek parlamenti Hisob palatasi hisobotiga ...
19 april 2018
Prezident Mirziyoevning pedagog va shifokorlarni majburiy ishlarga jalb etmaslik talablaridan so‘ng Toshkentda 17 aprel kuni o‘tgan yig‘ilishda bir necha ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...