Asosiy mavzular
22 august 2024

Norozi ishchilar, Aydarko‘l, elektr va suv muammosi

Eltuz Portaliga navbatdagi beshta hat O‘zbekistonning Jizzax,Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlaridan kelgan.  Dastlabki maktub Jizzax viloyatining Forish tumanidan. Zavod ishchilari ish haqini talab qilishmoqda.

 “Salom, Eltuz! Jizzax viloyati Forish tumanidan yozmoqdamiz. “Karbonat” AJ zavodi ishchi-xodimlarga ish haqini bermay, ovora qilib kelmoqda. Zavodni sudga berganmiz, sud qarori chiqqan va ish Majburiy ijro byurosiga o‘tkazilgan. MIB xodimlari ham negadir qaror ijrosini ta'minlamayapti. Ish haqimizni undirishda amaliy ko‘mak so‘raymiz” deya yozmoqda zavod ishchilari.

Keyingi maktub ham Jizzaxdan. Maktub muallifiga ko‘ra Aydar Arnasoy ko‘li atrofida sayr qilish uchun qaysidir shubhali shirkat pul olayotgan ekan.

“Aydar-Arnasoy ko‘li xalq tilida Navro‘z ko‘li deb ataladi. Tuzkon ko‘li ham ushbu ko‘llar tizimiga kiradi. Tuzkonga kirish uchun aholi qanaqadir MChJga pul to‘lashi kerak ekan. Tabiatdan bahra olish uchun ham pul to‘laymizmi? Buning uchun pul talab qilinishi to‘g‘rimi? Aytishlaricha, o‘sha MChJ tabiatga zarar keltirib, yaylovni buzib chegara qazibdi, qancha yerda qurilishlar qilibdi. Buning uchun tegishli ruxsat olinganmikan? Ekologiya idorasi holatga izoh beradi degan umiddamiz” deya yozmoqda Eltuz obunachisi.

Keyingi maktub Farg‘ona viloyatidan. Yozyovonlik tadbirkorlar elektr o‘chirib qo‘yilganidan nolimoqda.

 “Salom tuz og‘a! Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi tadbirkorlar nomidan yozmoqdamiz. Quyosh panel qo‘ymasanglar bo‘lmaydi deb chiroqlarimizni o‘chirib ketishdi. Bu tuman prokurori topshirig‘i emish. Aptekalar elektrdan uzib qo‘yilgan, ba'zi dorilar sovitgichda saqlanadi. Dorilar issiqda yaroqsiz bo‘lib ertaga bemorlarga salbiy ta'sir qilsa-chi? Ba'zi tadbirkorlar muzqaymoq sotadi. Xullas, issiqda aynib qoladigan qancha mahsulot bor. Bu bilan esa prokurorning ishi yo‘q. Holatga vakolatli idoralar e'tibor qaratadi degan umiddamiz” deya yozmoqda Yozyovonlik tadbirkorlar.

Keyingi murojaat Namangan viloyatining Pop tumanidan. Buloqlarni egallab olgan mahalla qo‘shni qishloq aholisiga suv bermayapti”

 “Assalomu alaykum Eltuz! Namangan viloyati Pop tumani Chorkesar qishlog‘idan murojaat yo‘llayapmiz. 

Bizda 2022 yildan beri ichimlik suvi muammo. Buloqlarni egallab olgan boylar mahallasi 6000 aholiga suv bermayapti. Boylar 100 lik quvurlarda uzluksiz suv oqadi. Pastdagi mahalla esa paqirlab suv tashiydi. Tuman mutasaddilari kerakli chora ko‘rmayapti. Tuman prokuraturasiga bordik, ammo ular falon soatda boramiz deb va'da berib o‘z vaqtida kelmadi. Suv masalasini hal qilib berishlarini so‘raymiz” deya yozmoqda Chorkesar qishlog‘i turg‘unlari.

Va so‘nggi murojaat Tashkent shahridan. Maktub muallifi fikriga ko‘ra, O‘zbekistonning siyosiy hukmron partiyasini hokimlik vakillari egallamoqda.

Partiya saylovlarida vakolat hokimliklarga o‘tkazilmoqda. O‘zbekistonning hukmron partiyasi “O‘zLiDep” yangi saylovlarda yangicha taktika qo‘llayapti.

Masalan, “O‘zLiDep” partiyasining Toshkent shahar kengashi raisi Ravshan Fazilov topshirig‘i bilan barcha tuman kengashi raislaridan majburiy arizalar yozdirib olinmoqda. Ularning o‘rniga hokimlik vakillari tuman kengash raisi lavozimiga tayinlanyapti.

Siyosiy partiyalar orasida yetakchi bo‘lgan “UzLiDep” 60 foizdan ortiq ovozga ega. Endi ushbu partiya deputatligiga nomzod qo‘yish va tasdiqlash tuman hokimlari istagiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Tuman hokimlarining partiya kengash raisi maqomi 2026 yildan boshlab bekor qilinishi qonunan belgilangan. Hokimliklar yotib qolguncha otib qol qabilida partiyaga o‘z vakillarini singdirmoqda.

“O‘zLiDep” partiyasi majlisda hokimlik vakilini tuman kengashi raisiga nomzod qilib tasdiqlash masalasini muhokama qilmoqda. Buni yuqoridagi audio yozuv aniq tasdiqlaydi.» deya yozadi toshkentlik Eltuz obunachisi. 

Va bu sizga yetkazganimiz bugungi so‘nggi maktub edi. Eslatamiz, eltuz portali telegramdagi alohida sahifadir. U erga xatlar uchun maxsus bot o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Eslatib o‘tamiz, ayni soniyalarda kanalimiz obunachilari soni 670 mingdan oshdi.  Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz super raxmat tugmachasini bosing.  Sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
7 april 2022
Apparell Insider nashri uchun maxsus yozilgan ushbu maqolada O‘zbekiston inson huquqlari forumi vakili Lin Shvaysfurt O‘zbekiston paxtachiligida tizimli majburiy mehnat tugatilishi muhim voqea bo‘lsa-da, inson huquqlari bilan ...
25 february 2017
Ijtimoiy tarmoqda o‘zbek to‘yidagi kuyovning kelindan bo‘sa olish an'anasi yuzerlar nafratiga duch keldi. 22 fevral kuni Feysbuk tarmog‘iga qo‘yilgan ...
3 march 2023
Mana o‘lmagan qul ko‘klamga ham yetdik. Qish to‘qsoni ortda qoldi. Anomal sovuqda o‘lmasdan bugunga yetib keldik. Bu kunlarga yetganlar ...
16 september 2023
Eltuzga yetib kelgan ma'lumotlarga ko‘ra, Andijon shahar markazidagi Qalandarxona MFY Buxoro ko‘chasida “Smart Panel Hamkor” MChJ firmasi 5 yil ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...