«Gulnor» 11 qism (askarlik va maxsus topshiriq)
Ahmad Beyjon Erjilasun
O‘sha kuni Gulnor Odil Tursunovni xonasidan topolmadi. Keyingi kunlarda ham Tursunov ko‘rinmadi. Gulnor o‘z iztirobidan lazzatlanadigan darvishlarga o‘xshab qolgandi. Goh-goh Muhammad Solihning uyiga borib, ko‘ngliga tasalli ahtarardi. Uning uyida do‘stlari to‘planishardi. Ma'lum bo‘lishicha, Muhammad Solihni KGBga chaqirib so‘roqqa tutishgan, keyin ko‘yib yuborishgan. Balki ko‘yib yuborib, nima qilishini kuzatishmoqchi bo‘lishgandir.
Odildan hech xabar yo‘k edi. Bu hammani qiynar edi, ammo eng ko‘p kiynalgan yana Gulnor bo‘ldi.
Rauf Parfi ichkin she'rlari bilan uning yarasiga malham bo‘lmoq istardi. Sharif Jamol hikmatli so‘zlar bilan taskin berar, Aydar Usmon esa faqat kulimsirardi.
Oydin Xonimning esa qalbi sof va muammosiz edi. Gulnor uchun bu sof yurakli inson bahriga boshini qo‘ymoq balki hammasidan yaxshiroq edi.
Muhammad Solihning sovuqqonligi orqasida muxaqqaq bu sof va biror muammosiz yurakning sukunati bor edi.
Gulnor Korlig‘ashev bilan aloqasini birdan uzmasligi kerak degan qarorga kelishdi do‘stlar. Gulnor guruh to‘g‘risida muhim bo‘lmagan xabarlarni Korlihashevga “raport” qilishda davom etadigan bo‘ldi. Gulnor bu soxta “donos”larni Korlig‘ashevga olib borar ekan, qattiq azob chekardi. Yaxshiyam, Korlig‘ashev u bilan ham sovuq gaplashardi, raportni berib, tez tashqari chiqardi.
***
1986 yil oktyabrda O‘g‘uz Dumanni askarga oldilar. Tuzla piyodalar maktabining kazarmalarida odam ko‘p edi. Ertalab tongda turib, chopmoq, yugurmoq O‘g‘uzga yokib qolgandi. Yonidagi do‘stlarining shikoyatini tushunmasdi. Askariy xayot uni yosh bolaga aylantirgandi. Bir botqoq joyga askarlarni oborib “yot!” va “tur!” amrini takrorlab, tinkasini quritgan bir polkovnikni hech unutolmaydi. Bu “yot-tur”dan so‘ng necha marta yuvindi, eslay olmaydi. Faqat miltig‘i bilan kiyimlari shu qadar ifloslangandi-ki, zo‘rga tozalagandi.
1987 yili O‘g‘uzni Piyodalar Maktabidan Anqaraga chaqirishdi. Qarorgohda qo‘mitanning kabinetiga kirguncha O‘g‘uz nega chaqirishganini bilmasdi.
Stol orqasidan chiqib, O‘g‘uzga tomon yurgan polkovnik:
–Xo‘sh kelding, o‘g‘lim!, — deya karshiladi.
–Sog‘ bo‘ling, qo‘mitanim!, — dedi O‘g‘uz poshnalarini bir-biriga urib.
O‘g‘uz “xo‘jam” so‘zi o‘rniga “qo‘mitanim” degani uchun o‘zidan mamnun edi. Chunki bir necha marta “qo‘mitanim” deyish o‘rniga “xo‘jam” deya uyalib qolgandi.
–O‘tir, O‘g‘uz, — dedi polkovnik, — seni maxsus topshiriqni bajarish uchun chaqirdik.
–Amr eting, qo‘mitanim! — dedi O‘g‘uz.
–Iroqda nimalar bo‘layotganidan xabaring bordir, — dedi, — polkovnik, — Bu bo‘lga bizni ikki nuqtai nazardan qiziqtirmokda. Birinchisi, u yerda PKKchilar uya qurmoqdalar, ikkinchisi iroqli turkmanlar masalasi…
O‘g‘uz Turk armiyasining Bosh qo‘mondonligi qarorgohida iroqli turklar mavzusi ochilganidan hayratga tushgandi. Arzirumli do‘sti Moxir ko‘z oldiga keldi. U bilan Iroq turklari haqida ora-sira gaplashib turardi.
–Ha, qo‘mitanim. Iroq turklarining borligini bilaman. Hatto ulardan do‘stim ham bor, — dedi O‘g‘uz.
– Sening bir muddat Iroqda qolishingga to‘g‘ri keladi. Faqat ketishdan avval uch oy maxsus tayyorgarlikdan o‘tasan…
“Tayyorgarlik” programmasida Iroq turklari va PKK ko‘p joy olmagandi. Barzoniy va Talaboniy haqida ham ma'lum bo‘lganidan ortiq informatsiya yo‘q edi. Programmaning aksariy qismi kurash va boshqa jismoniy mashqlarga ajratilgandi. Yana propagandaning psixologik tamallari haqida darslar o‘tilardi.
O‘g‘uz Iroqning Arbil shahriga kelganida aprel oyining o‘rtalari edi. U Turkiya “Qizil oy” jamiyatining ma'muri sifatida kelgandi. Muhtoj bo‘lganlarni oziq-ovqat bilan ta'minlash uning zimmasida edi. “Qizil oy” bir oy ishlaganidan keyin Arbilda o‘z vakili o‘laroq O‘g‘uzni qoldiradigan bo‘ldi.
O‘g‘uz Dumonning asl vazifasi tarqoq turk (turkman) guruhlarini yarashtirib, birlashtirmoq edi. O‘g‘uz qisqa vaqt ichida Iroq turklari laxjasida bemalol gaplasha boshladi. Uning Iroq rejimi tarafidan qatl qilinib xalq orasida afsonaga aylangan turkman lideri polkovnik Abduraxmon va dotsent Najot Qo‘choq haqidagi samimiy suhbatlari turkmanlar o‘rtasida uning obro‘sini oshirgan edi.
Ayniqsa, Abdulvoxid Ko‘zajio‘g‘li va Abdurahmon Qiziloy kabi qo‘shiqchilarning Turkiyada muxlisi ko‘p ekanini ta'riflashi iroq turklarini O‘g‘uzga yanada yaqinlashtirgandi. O‘g‘uz kichik guruhlar tarafidan sevilgan insonlar, barcha guruxlar ichida obro‘yi bo‘lgan shaxslar haqida ko‘proq gapirardi. Bu tarqoq guruxlarni birlashtirishning ta'sirli uslubi edi.
O‘g‘uzning Turkiya tarafidan maxsus topshiriq bilan kelganligi Iroqdagi turk liderlarining kulog‘iga yetgandi. O‘g‘uzning samimiy va printsipli harakatlari uni Iroq turklari orasida obro‘li kishiga aylantirdi.
O‘g‘uz tez-tez Mo‘sul, Kerkuk, Tuzxurmati va hatto Xonakingacha borib kelaverardi. Bir necha marta Bag‘dodga ham bordi. O‘g‘uz o‘z obro‘sining darajasini bilardi, ammo guruhlarni birlashtirish oson ish emasdi. Odamlardagi manmanlik, manfaatparastlik, qo‘rqoqlik va keraksiz darajada jasurlik birlashishga to‘siq bo‘layotgan edi. Shunga qaramay, 1988 yilning aprelida O‘g‘uzning o‘z ishida anchagina muvaffaqiyat qozonganini aytish mumkin edi. Apreldan boshlab O‘g‘uzning ishini Turkiyadan kelgan yuzboshi Ilkar Damir davom ettiradigan bo‘ldi. U ham “Qizil oy” ma'muri sifatida kelgan edi.
15 apreldan O‘g‘uz jamoat bilan xayrlashdi. U o‘z o‘rniga jasur, dono va oqil bir ofitser kelganidan mamnun edi. Xayrlashuv kechasida Iroq turklari o‘qigan qo‘shiqlar yuragini vayron qilgandi. Bu odamlardan ayrilish oson emasdi.
***
O‘g‘uz Anqarada ishlarini tamomlab, Arzrumga qaytishga hozirlanayotgandi. Ahmad bey domlaga telefon qilib xol-ahvol so‘ramoqchi bo‘ldi. Professor Ahmad Beyjon uni ko‘yib yubormadi va davom etdi.
– Qachon ketayapsan?, — deb so‘radi u.
– Ertaga, — dedi O‘g‘uz.
– Unday bo‘lsa, bu oqshom seni mehmon qilaylik, — dedi Ahmadbey.
– Ovoragarchilikning keragi yo‘q, xo‘jam, — dedi O‘g‘uz.
– Nimasi ovoragarchilik!, — dedi Ahmad, — iroq turklari haqida ham senga savollarim bor.
Professor Ahmad Beyjon Anqaraning Bog‘chalievlar mahallasida yashardi. O‘g‘uz bu uyni topaman deb ancha sarson bo‘ldi. Nihoyat topdi.
– O‘g‘uz, bu yangang, Gunash Beyjon, — dedi Professor o‘z xotinini tanishtirib.
– Mamnun bo‘ldim, xonim afandim, — dedi O‘g‘uz.
– Mamnun bo‘ldim, O‘g‘uz, — dedi Gunashxonim.
O‘g‘uz Gunashxonimdan tortinib turardi. Gunashxonim adabiyotchi edi, Ahmad domla “uning mavzusi biz tilchilarniki kabi quruq emas”, dedi va qo‘shib qo‘ydi:
– Bilmayman, sen eshitdingmi, adabiyotchilar tilchilar haqida “gak-guk”chilar deyisharkan!
Gunashxonimning ko‘zlari yashil edi. O‘g‘uz Gulnorni esladi va Ahmad bey domlaga murojaat qilib:
– Xo‘jam, O‘zbekistondagi do‘stlardan biror xabar bormi?, — dedi.
– Afsus-ki, yo‘q, — dedi domla, — kelajak oy ulardan xabar olamiz, insholloh.
– Qanday qilib?
– Iyul oyida Bokuda Turkshunoslik bo‘yicha bir anjuman bor. O‘rxon Nodiy olib boradi. Bir ish chiqmasa, men ham bormoqchiman. Shartnomaga ko‘ra butun Sovet Turk respublikalaridan bittadan vakil qatnashishi kerak.
– Insholloh, o‘zbek do‘stlarimizdan ham bir necha kishi qatnashar, — dedi O‘g‘uz.
Keyin soat 11 gacha Iroq turklari folklori haqida suhbat qilishdi. Professor Axmadbey O‘g‘uzga doktorlik ishingni “Iroq turklarining xalq qo‘shiqchiligi” mavzusida qil, deb maslahat berdi. Ammo O‘g‘uz mavzuni allaqachon tanlaganini bildirdi.
– Mavzu “Ish joylariga horijiy nom qo‘yishning sotsial va psixologik sabablari”, — dedi O‘g‘uz.
– Juda uzun nom, lekin qiziqarli mavzu, tezroq yozib tamomlashingni kutamiz, — dedi Ahmad Beyjon.
– Ba'zan sizdan maslahat so‘rashimga to‘g‘ri keladi, — dedi O‘g‘uz.
– Albatta, istagan paytingda kel!
O‘g‘uz xayrlashar ekan, birinchi marta mehmonga chaqirilgan uyga qo‘li bo‘sh, hadyasiz kelganini esladi va o‘zini koyidi.
Siz turk yozuvchisi Axmad Beyjon Erjilasun qalamiga mansub Gulnor romani audiokitobining 11 qismini tingladingiz. Uni Qudrat Bobojon saslantirdi. Davomini Yutubdagi Eltuz kanalining kelgusi yoyinlarida kuzating.
