Asosiy mavzular
22 november 2025

«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» – 1 qism

Salom qadrli muhlislar sizga taqdim etiladigan navbatdagi audiokitob taniqli o‘zbek shoiri, umrini O‘zbekiston mustaqilligi uchun bag‘ishlagan muxolifat lideri Muhammad Solih qalamiga mansub.

Shu yilning sentyabrida Istanbulda chop etilgan va Muhammad Solih kulliyotining yettinchi jildiga kiritilgan bu kitob «Vodiyda o‘lmak yasoq» o‘zbek tilidagi nashrida «Tiranish» deb nomlangan va u adibning o‘zi e'tirof etganidek uning 35 yillik siyosiy va ijtimoiy hayoti sarhisobidir.

«Aslida adabiyotchiman, tarixiy sharoitlar meni siyosatga olib kirdi. Shu bois, so‘nggi 30 yilning bu muxtasar tahlilida siyosiy voqealarga ko‘proq joy ajratildi.

Bu yerda biror uydirma, badiiy bezak yo‘q. Bu yerda tarixiy haqiqatlar yashirilmayajak. Bu matn – umrimning yarmini qamragan bir davrning ehtirossiz xronikasidir.

Uni iymonim va vijdonim tarozisiga qo‘yib, hujjatlar asosida taqdim etayapman» deya yozadi shoir o‘z kitobi muqaddimasida.

Kitobni internetdan 487 turk lirasiga harid qilish mumkin. Audio matnini esa bundan buyon har hafta Eltuzning Yutub kanalida tinglab borishingiz mumkin.

Muallifning izni bilan matnni men, Eltuz muharriri Qudrat Bobojon e'tiboringizga taqdim etaman va birinchi shaxs nomidan saslantiraman.

Muhammad Solih «Vodiyda o‘lish taqiqlangan» Birinchi qism

ILK BOSQICh

Ongli hayotimning ilk bosqichi adabiyotga ataldi.

Bu bosqichni 18-30 yosh oralig‘i deb belgilash mumkin.

O‘ttiz yoshdan keyin hayotim tobora siyosatga yaqinlasha bordi. Beixtiyor, hatto ixtiyorimga zid ravishda bu yo‘nalishga burila boshladi.

1979 yil yozganim «Adashgan haykallar» sof siyosiy pamflet edi. Unda mustamlakachi Ruslarning O‘zbekistonni tark etishi badiiy tarzda «tarannum» etildi.

Hatto, Ernest Xemingueyga bag‘ishlangan sof adabiy maqolalarda ham Sovet yozuvchilariga, ularning mafkurasiga qarshi antipatiya bo‘rtib ko‘rina boshlagandi.

Garchand, undan oldingi yozilgan she'rlarda ham siyosiy mazmun tashigan matnlar ko‘p edi, ammo 1979 yildan keyin bu mayl bir tendentsiyaga aylandi, desam katta gapirgan bo‘lmayman.

Hayotimning 1979 dan 1984 yilgacha bo‘lgan davrini «aktiv siyosiylashuv» deb atashim mumkin.

1984 yil yozganim «Politbyuroga maktub» mening ilk sof siyosiy matnim edi.

Keyin biz siyosiy tashkilotlar qurish jarayoniga kirdik.

«Biz» deyapman, chunki 1984 yilda ortiq mendagi «men» «biz»ga aylanib bo‘lgandi.

HARAKATIMIZ

«ERK» partiyasi faoliyatini, unga poydevor bo‘lgan «Birlik» tashkiloti va bu tashkilotga asos bo‘lgan o‘tgan asr 70-80 yillar boshida ziyolilarimiz yuritgan ijtimoiy fikr harakatini avval Sovet rejimi, keyin mustaqillik niqobi kiygan postkommunist rejimlarga qarshi bir Muqovamat harakati deb atash mumkin.

Muqovamat – arabcha kalima, uning Turkiston turkchasidagi anglami – TIRANIShdir.

Ya'ni biz yuqorida sanalgan mustabid rejimlarga qarshi qo‘limizga qurol olib kurashmadik. Bunga haqqimiz bo‘lgan holda, bunday radikalizmga bormadik. Chunki biz mavjud siyosat qarshisida ortiqcha yumshoq qalbli, mavjud makiavellist g‘oya dunyosi qarshisida haddan ziyod idealist, mavjud egri zamon qarshisida haddan tashqari to‘g‘ri edik.

Dushmanga qarshi kurashimiz ham shu fitrat doirasida yuz berdi.

Biz dushmanga qarshi kurashmadik, dushmanga qarshi tirandik. Bizni namoyishga chiqqanda qo‘ltig‘imizdan tutib, qafas-aravasiga uloqtirish uchun sudrayotgan melisaga qarshi tirandik. Melisaxonada kaltaklanib, izolyatorga sudrayotganlarga qarshi tirandik. U yerdan mahkamaga, keyin Toshturmaga sudrar ekanlar, tirandik.

Bizni Kievdan, Moskvadan, Istanbuldan ushlab O‘zbekistonga ekstraditsiya qilganlarga qarshi tirandik.

1999 yil 16 fevral portlashlari bahonasida uyqumizni buzib, uyimizga bostirib kirgan karimovchi jallodlarga qarshi tirandik.

2005 yil Andijonda “Bobur maydoni”da bir qismimizni o‘ldirib, qolganlarimizni qiynoqqa solganlarga qarshi tirandik. Va bugun ham tiranayapmiz. Karimov rejimining sarqitlari uyushtirayotgan fitnalarga qarshi, ularning yolg‘onlari va tuhmatlariga qarshi tiranayapmiz.

Bu Tiranish Harakatini shartli ravishda uch bosqichga ayirish mumkin:

  1. Sovet davri tiranishi
  2. O‘tish davri tiranishi
  3. Mustabid-mustaqillik davri tiranishi

Tiranishning ilk bosqichi haqida tasavvurga ega bo‘lishni istagan kishi 70-80 yillar o‘zbek adabiyotidagi dissidentlik tomirini paypaslab topishi kerak. Buni bajaraolsa, skepsis pardasi ortida Tiranishning yarim majhul siymosini darrov ilg‘ab oladi.

Bu davrda Tiranish Harakati badiiy adabiyot tashqarisiga chiqa olmadi, majoz va ramzlar libosini kiyib, mustabid tuzumga nafratini kinoya vositasida ifoda etdi. (Kamina «Yo‘lnoma» va «Imperativ» deb nomlangan kitoblarda bu dissidentlik kodini qisman ifsho etdim).

Mening yoshligim (1960-75 yillar) Kubadagi diktatorlik rejimini o‘zgartirgan Fidel Kastro va Che Gevaraning shuhrati hali ham so‘nmagan bir davrga to‘g‘ri keldi.

Holbuki, bu ikki shaxsning e'tiqodlari biz nafratlangan kommunistlarnikidan oz farq qilardi. Afsonaviy komendante «Che«ning inqilob yo‘lida qilgan vahshiyliklari bolsheviklarnikidan farq qilmasdi.

Lekin 70 yillarga kelib, dunyo adabiyotini taniy boshlaganimdan keyin, bu tarixiy butlar mening nazdimda bir-bir yiqila boshladi. Xatto, sevib o‘qiganim » Alvido, qurol«, «Chol va dengiz» kabi asarlar muallifining Fidel va «Che»ga bo‘lgan simpatiyasi meni bu muallif asarlaridan ma'lum bir bosqichda sovutganini eslayman.

Boshqa tarafdan, Stalinning Sovet Ittifoqida ziyolilar dunyosida o‘tkazgan yalpi qatliomidan keyin bu maydonda yoshlarni g‘oyaviy ergashtira oladigan birorta ham shaxs qolmagandi.

Sovet armiyasidan askarlikdan qaytganimdan so‘ng g‘ayrixtiyoriy siyosiy izlanishlarim meni G‘arb adabiyotiga olib keldi. Men izlagan siyosat adabiyotdan topildi. Va 1970 boshlarida G‘arb adabiyotining ruscha tarjimasiga jiddiy ravishda sho‘ng‘idim.

Go‘yo dunyoda faqat G‘arb bor edi men uchun, boshqa qutblar undan keyin kelardi.

G‘arb intellektuallarining Sovet Ittifoqida eng tanilgani Jan Pol Sartr edi.

U 1968 yil Parijda Universitet talabalari boshlagan isyonning ramzi, uning ma'naviy yo‘lboshchisi edi.

U haqdagi afsonalar bizga biroz kechikib, 1970 yillar boshlarida yetib keldi va biz bu yozuvchining asarlarni topib o‘qiy boshladik. Garchand nashrlar ko‘p bo‘lmasa-da, uning kitoblari Sovet Ittifoqida sotsialistik blokni yoqlagan bir g‘arb mutaffakiri sifatida chop etilgandi.

Sartr falsafasidagi erkinlik (ozodlik) tushunchasi bo‘lgani mening e'tiborimni jalb qilgan asos nuqta edi. Faqat shuning uchungina Sartrning Sovet Ittifoqini goh-goh maqtab turganini ham o‘zimcha «kechirgandim».

Sartr erkinlikni (ozodlikni) mutlaq va bir martalik berilgan bir ne'mat deb biladi. Shu ma'noda uning “inson ozodlikka mahkum” iborasi meni nihoyatda ta'sirlantirgan sententsiya bo‘ldi.

U erkinlikni insonning mohiyatidan oldin qo‘yardi. (Albatta, bugun men bu tushunchada emasman. Erkinlik inson mohiyatidan oldin kelmaydi. Erkinlik inson mohiyatining ichindadir).

1970 yillardagi ushbu fikriy radikalizmga ixlos qo‘yganlardan biri edim.

Jan-Pol Sartr o‘ziga berilgan Nobel mukofotini rad qilgani men uchun unga hurmatimning yana bir sababi edi.

Bizda Parijdagi yoshlar namoyishida Jan-Pol Sartr kabi minbarga chiqib gapiradigan yo‘lboshchi yo‘q edi. Faqat Sovetlarda emas, umuman Sotsialistik lagerda yo‘q edi.

To 1980 yilga qadar.

1980 yilda Polshaning Krakov shahrida shunday bir yo‘lboshchi chiqdi.

Ammo u biz kutgan Sartr tipidagi intellektual emasdi.

Bu ishchilardan chiqqan oddiy bir ishchi Lex Valensa edi. Uning boshqargan kasaba tashkiloti «Solidarnost» sotsialistik lagerni larzaga soldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Va 1983 yil kuz oyida taqdir meni bu harakat vatanidan kelgan insonlar bilan tanishtirdi…

ChYeT ELLIK MYeHMONLARIM

Ibrohim G‘afurovning 1983 yil «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasida yoyinlagan «She'ringizni tushuntirib bering» nomli maqolasi nafaqat yurt ichida, balki tashqarisidagilarning ham diqqatini chekdi. Kamida, O‘zbek adabiyoti bilan qiziqqan chet ellik ilm ahli va sovetologlarning diqqatini tortdi. Chunki maqola muallifi bu maqolasida zimdan mafkuraviy masalani ko‘targandi.

1983 yilning kuzida fanlar akademiyasi xodimi Anjelika ismli bir rus xonimi «siz bilan o‘zbek tilini o‘rganayotgan Polshalik Eljbeta Goschitska xonim tanishmoqchi», dedi.

Va bu xonim bilan tanishdik.

Ayni Akademiya vositasida 15 asrda yashab o‘tgan xorazmlik mutasavvuf shoir Husayn Xorazmiy ijodiy buyicha dissertatsiya yozayotgan Indianalik yosh olim Devin Devis bilan tanishdik.

Devin ko‘ngilchan, samimiy yigit edi.

U bilan suhbatlarimiz asosan adabiyot haqda bo‘lardi.

Devin o‘zbekcha gapirardi, ruscha bilardi, ammo qiynalibroq bo‘lsa-da o‘zbekcha gapirishga harakat qilardi. Balki shu bois, u bilan juda ko‘p uchrashganimizga qaramay, suhbatlarimiz keng qamrovli bo‘lmagandi.

Eljbeta Goschitska xonim bilan esa aksincha, adabiyotga ko‘ra siyosatni ko‘proq gaplashardik. U o‘zbekcha, turkcha, inglizcha gaplashardi. O‘zbekchasi ham, turkchasi kabi bir chet ellik uchun mukammal edi.

Unga bu qisqa zamonda tilni qanday o‘rgandingiz, desam «Varshava universitetidagi o‘zbek tili muallimim «faloncha» Salimova edi», dedi. (Bu muallima xonim 70-yillarda O‘zbekistonda idelogiya sekretari bo‘lgan Salimovning opasi ekan).

Xullas, Eljbeta xonim Polshadagi siyosiy vaziyatni xuddi bir politolog kabi chizib berardi. Uning «Solidarnost» harakati haqida, lideri haqidagi sirli hikoyalari meni jiddiy hayajonlantirganini tan olaman.

Xullas, Eljbeta xonim Polshadagi siyosiy vaziyatni xuddi bir politolog kabi chizib berardi. Uning «Solidarnost» harakati haqida, lideri haqidagi sirli hikoyalari meni jiddiy hayajonlantirganini tan olaman.

Krakov taksichilarining «Solidarnost» lideri Valensani maxfiy shaklda bir manzildan ikkinchi bir manzilga tashishi uchun bir-birlari bilan qanday musobaqaga kirishganini, insonlarning ozodlik uchun ko‘rsatgan fidoyiliklarini, ularning muhtasham birdamligi(Solidarnost)ni tasvirlab, men kabi te-mir devor orqasidagi sovet kishisiga bir lutf etardi xuddi.

U Varshavaga borgandan keyin Varshava Universitetidan menga bir rasmiy taklifnoma yuborishga harakat qilishini aytdi.

Keyin balki afsonaviy Krakovga safar qilamiz, deya umidlantirdi bu xushchaqchaq ayol.

Men haqiqatan ham u jasur ozodlik kurashchilarining shahrini ko‘rishni juda istardim. Ammo menga hech qachon viza bermasliklarini ham his qilib turardim. Tarjimai holimda chet davlatga chiqish vizasi berishni osonlashtiradigan bitta ham voqea yo‘q edi.

Xullas, bu ikki ajoyib inson bilan suhbatlarimiz to 1984 yil may oyigacha davom etdi.Ular bilan tom ma'noda do‘st o‘laroq ayrildik.

Keyin Devin Devis bilan 1990 yilda Indiana Universitetida o‘tkazilgan bir xalqaro konferentsiyada uchrashdik.

Ammo Eljbeta Goschitska xonim bilan boshqa ko‘rishish nasib bo‘lmadi. Fakat Eljbeta xonimning o‘z ozodligi uchun kurashgan bir xalq haqidagi hayajonli hikoyalari men uchun unutilmasdir.

Suratda: Toshkentning Leningradskaya ko‘chasidagi KGB binosi

Meni marshrut minibuslar bekatida o‘zini mayor Kliщenko deb tanitgan KGB zobiti qarshiladi va biz KGB ning bosh ofisiga kirdik.

U yerda KGB mayori men bilan “madaniyatli” shaklda suhbatlashib, suhbat oxirida, katta moddiy manfaatlar evaziga «tashkilot» bilan hamkorlik taklif qildi. U mening chet ellik mehmonlar bilan muvaffaqiyatli ishlashim mumkinligini bildirdi. Men bunday ishni eplayolmasligimni aytdim va taklifni rad etdim. Va o‘sha kuniyoq Yozuvchilar Uyushmasiga borib, yozuvchilarga KGB ning taklifini va men rad etganimni gapirib berdim. Shu tarzda KGB ning mendan uzoq turishiga erishdim.

Davomini Eltuz kanalining so‘nggi yoyinlarida tinglashingiz mumkin. 

Tag‘in o‘qing
12 april 2023
Shu kunlarda tarmoqda ochiqlangan bir qancha hujjatlar O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov shaxsining manfaatlar to‘qnashuvi ostida qolayotganini, ...
21 september 2017
20 sentyabr kuni Rossiya Havfsizlik Kengashi (SB) kotibi Nikolay Patrushev Toshkentga keldi va O‘zbekiston Havfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov ...
26 may 2023
«Kel, haët ajdarxosiga yem bo‘lishdan oldin bir selfi qilaylik!» – Yarim million bola o‘qishni bitirdi. Ularni nima kutmoqda? Bu ...
10 january 2019
Bekobodlik nashavandning «qiynalib yetishtirgan nasha o‘simligi»ni IIB xodimlari olib qo‘yishgani haqidagi prezident qabulxonasiga 2019 yil 5 yanvarda jo‘natilgan shikoyati ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...