Asosiy mavzular
10 december 2025

«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» 6-qism

«ERK» PARTIYaSI

Nihoyat, 1990 yil fevral oyida sof siyosiy maqsad tashigan ilk tashkilot qurildi. Bu «Erk» partiyasi edi.

Bu tashkilotni qurib, unga nom berganlar ham «Birlik»ni qurib, unga nom bergan adiblar edi. Uinston Cherchillning bir gapi bor: «Ba'zilar e'tiqodlari uchun partiyalaridan voz kechadilar. Ba'zilari esa partiyalari uchun e'tiqodidan voz kechadilar», degandi bu ingliz siyosatchisi.

Biz e'tiqodimiz uchun «Birlik»dan voz kechib, Sovet Ittifoqi tarixida ilk milliy partiya bo‘lgan «ERK» tashkilotini qurdik. Chunki bizning e'tiqodimiz, umr bo‘yi orzu qilgan hadafimiz yurtimizning mutlaq ozodligi, uning tom ma'nodagi ERKi edi.

«Birlik» rahbariyatiga kirib olgan KGB sarqiti kommunistlar esa «O‘zbeklar SSSRdan ayrilmasligi kerak, avval demokratiya, keyin mustaqillik» degan shiorni ko‘tarib chiqdilar. Va «ERK» partiyasi muassislarini «Birlik»ni parchaladi, deya aybladilar. Biz esa, davlat mustaqilligini har narsadan ustun qo‘ydik.

SAYLOV

1990 yil 18 fevralda O‘zbekiston Oliy Kengashiga saylov o‘tkazildi.

Bu saylovga “Professorlar shaharchasi”dan Toshkent davlat Universiteti muallimlari va talabalari tomonidan nomzod qilib ko‘rsatildim.

Hukumat butun O‘zbekiston bo‘ylab mustaqil nomzodlarga qarshilik qilmaganiday, mening nomzodimga ham qarshilik qilmadi. Bu saylov Moskvaning vassali bo‘lgan «suveren» O‘zbekistonning ilk nisbatan erkin saylovi bo‘ldi, deyish mumkin. Albatta, Islom Karimov o‘z odamlari ro‘yxatini o‘tkazdi, ammo xo‘jako‘rsinga bo‘lsa ham bizga o‘xshagan sistema odami bo‘lmagan kishilarga ham «kvota» berishga majbur bo‘ldi.

Buning tagida Nishonov davrida shakllanib ulgurgan «Birlik» va yangi qurilgan «ERK» partiyasi a'zolarini o‘z tarafiga tortish taktikasi yotardi, albatta. Natijada Oliy Kengashga 5 foiz «partiyasiz» bo‘lgan kishilar kirib qoldi. Ularning ichida kamina ham bor edi.

«Partiyasiz» iborasi «kompartiya a'zosi bo‘lmagan kishi» ma'nosini berardi. Men nafaqat kompartiya a'zosi emasdim, balki antikommunist edim.

KGB rus aholisi ichida darrov tashviqot boshlab «Muhammad Solih deputat bo‘lsa, xotinlarga paranji kiydirish haqida qonun qabul qildiradi», deya mish-mish tarqata boshladi.

Bu tashviqot meni saylayotgan «okrug»da yashovchi ruslarni 100 foiz ishontirdi. Saylov natijalarida bu yaqqol ko‘rindi. «Professorlar shaharchasi» deb atalgan bu bo‘lgadagi rus saylovchilari saylovchilar umumining 11 foizini tashkil qilar ekan. Men ham ovozlarni naq 89 foizini olibman.

Ruslardan hech kim menga ovoz bermagandi.

Bu qadar aniq raqamni umrimda ko‘rmagandim.

Yana kommunistlarning parlamentiga ilk antikommunist kirgandi.

AMYeRIKA SAFARI

Shu qizg‘in kunlarda Amerikaning Moskva buyuk elchiligidan AQSh ga bir oylik safar taklifi oldim.

Boymirza Xayit

Safar 1 martdan oy oxirigacha davom etib, butun Amerika bo‘ylab o‘lkaning milliy ozchilik liderlari bilan uchrashish ko‘zda tutilgan edi. Safarga Sovet Ittifoqidan 4 kishi taklif etilgandi. Bir kishi Gurjistondan, ikki kishi Rossiyadan va men – O‘rta Osiyodan.

Mening Amerikaga ilk safarim edi.

Safarni Vashingtondan boshladik. Keyin boshqa Shtatlarga o‘tdik. Turli xalqlar vakillari bilan qiziqarli uchrashuvlar bo‘ldi.

Biz Sietl shahriga kelganimizda mashhur antisovetchi muarrix Boymirza Hayit telefon qildi. «Men Nyu-Yorkka keldim. Olmoniyadan maxsus sizni ko‘rish uchun keldim. Sizni shu yerda kutaman», dedi.

«Turkiston jamiyati” raisi Abdulloh Xoja

Nyu-Yorkda meni «Turkiston jamiyati” raisi Abdulloh Xoja kutib oldi.

Jamiyatga Boymirza Hayit keldi, quchoqlashdik, dardlashdik.

Yana Saudiyalik o‘zbek diasporasi lideri Zuhriddin Turkistoniy ham kelgan ekan. Turkiyadan kelgan doktor Ahad Andijon bilan ham o‘sha yerda tanishdim.

Ro‘zi Nazar

Boymirza Hayit bilan birga fashist Olmon armiyasi tuzgan «Turkiston legioni»da xizmat qilgan Ro‘zi Nazar bilan ham o‘sha yerda tanishdim. Bu kishi ham Sovet propagandasi tarafidan, xuddi Boymirza Hayit kabi, eng katta «xoin» deb e'lon qilingandi.

1990 yil 24 mart kuni O‘zbekiston Oliy Kengashining 12-chaqiriq 1-sessiyasida prezidentlik lavozimi ta'sis etildi va bu lavozimga O‘zbekiston Kompartiyasining Birinchi kotibi Islom Karimov prezident etib saylandi.

Bu – o‘lkamizning chorak asrlik kelajagini garovga olayotgan bir shaxsning saylanishi edi.

Taqdir meni bu odamga ovoz berish uyatidan asradi.

Bu sessiya o‘tganida men Amerikada edim.

Zuhriddin Turkistoniy

Bu kishilarning aksariyati bizning milliy harakatdan xabardor edi.

Xususan, Boymirza Hayit kaminaning Moskva nashrlarida bosilgan maqolalarini nomma-nom tilga keltirganda hayratda qolganimni tan olaman. Ro‘zi Nazar ham CIA(SiAyEy)ning eski xodimi sifatida ko‘p narsadan xabardor edi, albatta.

Faqat ularning hammasi xuddi kelishib olganday «sizlar juda shoshilayapsizlar, ehtiyot bo‘lib harakat qilinglar, ruslar hali kuchli» degan aqlli maslahatlar berishni kanda qilmasdilar.

Ayniqsa, ularga «yaqinda biz O‘zbekistonning mustaqilligini e'lon kilamiz, shu maqsadda “ERK”partiyasini tuzdik. Bu tashkilotning dasturidagi asos g‘oya SSSRdan ajralib chiqish va yangi mustaqil O‘zbekiston qurish» deganimda shoshib qolishdi. Xuddi bizni bir falokatdan qutqarishga chog‘langan insonlar kabi kuyinib, «biroz sabr qilinglar!» deya rijo eta boshladilar.

Ahad Andijon

Ammo men gapning po‘stkallasini allaqachon aytib bo‘lgandim. Men ular harakatimizga sovg‘a qilgan yangi kompyuter va ko‘paytiruvchi mashinani ko‘rsatib, «bu texnika bilan «Mustaqillik Deklaratsiyasi»ni bosib, o‘zbek xalqiga tarqatamiz yaqinda, xalqimiz sizlarga duo qiladi shunda. Siz ham hozir biz uchun, xalqimiz uchun duo qilinglar», deganim esimda.

Amerikalik o‘zbeklar O‘zbekistonlik o‘zbeklarni shunday duo qilishgandi.

MAFIYaGA MILLIY VAZIFA

Oliy Kengashga deputat bo‘lib saylanishim turli ijtimoy qatlamlarda shaxsimga nisbatan ma'lum qizikish uyg‘otdi. Shulardan bittasi haqida qisqa bir hikoyani diqqatingizga havola qilmoqchiman.

1990 yilning aprel yoki may oyi boshlari edi chamamda. Bir kuni oqshom militsiya podpolkovnigi Olimjon Sharopov telefon qildi. «Aka, ertaga ertalab vaqtingiz bo‘lsa, bir uchramoqchi edim», dedi. Men «uygamas, ish joyiga keling, soat o‘nda ishda bo‘laman», desam, podpolkovnik, «bir nozik masala bor, mumkin bo‘lsa, sizni uyingiz oldida kutib tursam, keyin birga ketsak Yozuvchilar Uyushmasiga» dedi.

Gapni cho‘zib o‘tirmaslik uchun «xo‘p» dedim.

Bu odam mashhur Ahmadjon Odilov bilan birga ishlagan kishi edi. 80-yillar o‘rtalarida Moskvaning «paxta ishi» deb nomlangan repressiv siyosatiga qarshi chikib, begunoh qamalgan o‘zbeklar himoyasiga maqolalar yozgandim. Bu himoya qilinganlar ichida Ahmadjon Odilov ham bor edi. Podpolkovnik Sharopov shunga minnatdorlik ramzi sifatida bizning yangi qurilgan “ERK» partiyamizga o‘zicha ko‘mak berib yurardi.

Ertalab soat 9 yarimda uydan chiqdim.

Pastda Olimjon kutib turardi.

U «aka, shofyoringizga ayting, sizni “Darxon»da kutsin. Biz Darxongacha piyoda yursak, yo‘lda sizga tushuntirsam masalani», dedi.

«Aytavering, shu qadar sirlimi masalangiz», deya biroz asabiylandim.

Olimjon kechirim so‘rab, «juda muhim, aka», dedi jovdirab.

«Xo‘p yuring», dedim va Darxonga qarab yura boshladik.

Podpolkovnik yurarkan ham hech sir bermadi, gapni olib qochib, «besh minutdan keyin aytaman muhim gapni» deb sirli tirjayib yo‘lida davom etdi. Keyin Darxonga yetganimizda, biz yurayotgan trotuarning sog‘ tarafidagi bolalar parkida og‘ochdan qurilgan bir uycha oldida to‘xtadik.

Olimjon «shu uychada bir akamiz sizni bir piyola choyga kutayapti, bilaman nonushta qilmadingiz»– deya yana tirjaydi u.

Men bosh chayqadim xolos.

Tishimni qisib, og‘ochdan qurilgan uychaga kirdik.

Birinchi ko‘zimga tashlangan narsa yuqorida katta televizor osilgan edi. Bu menga ko‘pchilik bo‘lib futbol matchlari tomosha qilinadigan jamoat klublarni eslatdi. Ammo zal o‘rtasida qo‘yilgan uzun stoldagi noz-ne'mat klub atmosferasiga tamoman zid edi.

Biz ichkariga kirib, ikki-uch odim otar-otmas o‘rta bo‘yli qorachadan kelgan mening yoshimdagi bir kishi peshvoz chiqdi. Undan orqaroqda bir yosh yigit turardi.

Assalomu alaykum, xush kelibsiz, aka, – deya ikki qo‘lini uzatdi qorachadan kelgan notanish odam.

Salomlashdik.

Mening ismim G‘ofur, – dedi va Olimjonga yuzlanib, – har holda aytgandir ukamiz…

Yo‘q, ukangiz hech narsa aytgani yo‘q, – dedim.

Mayli, qani, dasturxonga marhamat, – deya jilmaydi G‘ofur va orqasida turgan yigitga «choyni opke tez»dedi.

G‘ofurning bir tishi oltindan edi.

Dasturxon atrofiga o‘tirdik.

Deputatlik bilan tabriklaymiz aka, – dedi G‘ofur non ushatarkan, – bu ishda bizga ham vazifa bo‘lsa, bajonidil yordamga tayyormiz, aka.

Rahmat, – dedim men.

Keyin unga qarab:

Uzr, siz G‘ofur Rahimovmisiz? Ya'ni mashhur G‘ofur?,– dedim.

Ha, G‘ofur Rahimovman,– dedi odam kulib.

Ya'ni mafiozi?,– dedim men ham kulishga harakat qilib.

Yo‘g‘-e, aka, biznesmenmiz, zamonaviy aytganda, – dedi qahqah otib mezbon.

Keyin o‘zini o‘nglab, «qani, oshdan oling, aka!», deya iltifot qildi.

Rahmat, men ertalab hech narsa yemayman, uzr. Ammo siz bir milliy vazifani bajarishga so‘z bersangiz, shu palovdan ikki-uch qoshiq olib rejimni buzishga tayyorman,– dedim kulib.

Qo‘limdan kelsa bajonidil, aka, – dedi G‘ofur qiziqsinib, – qanday vazifa ekan u?

Shu bizning Yozuvchilar Uyushmasi ro‘parasidagi «O‘zbekiston» mehmonxonasi ostida katta yozgi restoran-kafe bor, bilasiz, – deb gap boshladim.

Ha, bilaman,– dedi mezbon.

O‘sha yerda ayniqsa yoz oylarida bir mafiozi maykada yastanib, hayvon kabi aroq-pivo ichib, o‘z harakatlari bilan o‘zbek xalqini haqoratlab ertalabdan kechgacha maishat qilib yotadi. Shuni bu yerlardan daf qilsangiz bir milliy vazifani bajargan bo‘lasiz. Siz taniysizmi bu maymunni?,– dedim.

Ha, Narikmi? Albatta, taniyman. Bir gapingiz aka, uni bu shahardan uzoqlashtiramiz,– dedi mezbon.

Bu va'dadan so‘ngra rejimni buzib oshdan bir necha qoshiq olishga to‘g‘ri keldi.

Osh farg‘onacha, lazzzatli edi…

Bu uchrashuv haqda do‘stlarimga hikoya qilgandim, ular «siz aytgan armani «maymun» G‘ofur bilan birga ish qiladi-ku, qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qirmidi», deya G‘ofurning «milliy vazifani» bajarishiga ishonmadi. Lekin keyingi yillarda G‘ofur guruhi arman mafiyasini yo‘q qilgani haqda xabarlar eshitdim. Bu naqadar to‘g‘ri, hozirgacha bilmayman.

Bu voqeadan keyin G‘ofur Rahimov bilan ko‘rishmadim.

Lekin G‘ofur Rahimov nomi aralashgan bir voqea 2001 yili meni yana bir marta «bezovta qildi».

Bu haqda 2001 yil voqealari bo‘limida aytib o‘taman inshaAlloh..

(davomi bor)

Tag‘in o‘qing
19 june 2019
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi 2019 yilning 3 iyunida huquq faoli Malohat Eshonqulovaga qarshi Jinoyat kodeksining ikki moddasi – ...
26 april 2017
Stokgolm hujumchisi Oqilovning sherigi deya hibsga olingan 26 yoshli chechen yigiti ikki kunlik so‘roqdan keyin 25 aprel kuni qo‘yib ...
11 july 2016
Ukraina va Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida maqsadi ayollar va qizlarga nisbatan qilingan shilqimlik va jinsiy zo‘ravonlikka jamoatchilik e'tiborini tortishga qaratilgan ...
30 march 2016
«Huquq» gazetasi bu iddaolarni tasdiqlovchi maqola chop etdi. To‘g‘ri, unda advokat vositachi bo‘lgani to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilmaydi, balki firibgarlik qilgani ta'kidlanadi. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...