O‘g‘uz Chetino‘g‘li: «Turkiya Muhammad Solihdan foydalanmagani bois yo‘qotishga uchradi»
Taniqli turk yozuvchisi va tadqiqotchi O‘g‘uz Chetino‘g‘li o‘zbek adibi va muxolifat yetakchisi Muhammad Solihning «Vodiyda o‘lish taqiqlangan» kitobiga taqrizini e'lon qildi.
Muhammad Solih shu yil boshida chiqqan «Vodiyda o‘lish taqiqlangan» nomli kitobini turk tilida yozgan va Istanbulda chop ettirgan edi. Bu kitobga taqriz yozgan taniqli yozuvchi O‘g‘uz Chetinugli Muhammad Solihni turk dunyosida tanilgan turkchi mutafakkirlar bilan qiyoslaydi va «Turkiya Solih potentsialidan foydalanishni o‘ylab ko‘rmagani uchun katta yo‘qotishlarga uchradi» deya taassuf bildiradi.
Shu o‘rinda men bir o‘zbek o‘laroq Solihning potentsialidan nafaqat Turkiya balki uning o‘z vatani O‘zbekiston ham foydalana olmadi» deya ilova qilishim mumkin. Bu tarixiy pushaymonlik yildan yilga ortib borishiga shubham yo‘q. Muhammad Solihning «vatanimga o‘lganimdan keyin qaytaman» degan achchiq istehzosi kun sayin haqiqatga yaqinlashib bormoqda.
Endi, Chetino‘g‘linng taqrizni eshiting:
O‘g‘uz Chetino‘g‘li
Iqtisodchi, tadqiqotchi-yozuvchi
«VODIYDA O‘LISh TAKIKLANADI»
(tanitim yozuvi)
Bu asar muallifi Muhammad Solih O‘zbekiston turklaridan. U shoir va yozuvchidir. Antikommunistik qarashlarga sohib. Uning boshqa jihatlari hayot yo‘li bo‘limida bayon etiladi. Shu masalani mutlaqo ta'kidlash lozim: Turkiya undan foydalanish zaruratini vaqtida anglay olmagani bois katta yo‘qotishga uchradi.
Muhammad Solih; turk fikriy va siyosiy hayotiga muhim hissa qo‘shgan ozarbayjon turklaridan Ahmad Og‘ao‘g‘li va uning o‘g‘li Samet Og‘ao‘g‘li, Qozon turklaridan Sadri Maqsudiy Arsal va Yusuf Oqchura kabi siymolar singari, turklik ruhi va ongining shakllanishida ulkan xizmatlar ko‘rsatgan shaxslardandir.
Muhammad Solih xuddi shunday xizmatlarni bu yerda ham ado etgan bo‘lar edi. Asarni o‘qiganlar bu haqiqatni albatta anglayajaklar.
Muhammad Solih o‘z asarini quyidagi jumlalar bilan «Taqdim» etadi:
«Taqdim etilayotgan ushbu kitob siyosiy va ijtimoiy hayotimning so‘nggi o‘ttiz besh yillik qisqacha bayonidir. Aslida men shoir va yozuvchiman. Ammo o‘tgan asrning oxirgi choragida yuzaga kelgan tarixiy sharoitlar ko‘plab shoir va yozuvchilar qatori meni ham siyosat ichiga tortdi. Shu sababli kitobda bayon etilgan siyosiy voqealar boshqa jarayonlarga nisbatan ko‘proq o‘rin egallagan. Kitobda san'atga oid bezaklarni uchratmaysiz. Ammo tarix sahifasiga muhrlangan haqiqatlar yopib qo‘yilmaydi, aksincha, hammasi oshkora bayon qilinadi. Ushbu kitobda hayotimning muhim bir qismini hujjatlar asosida sizga yetkazishga harakat qildim.»
14 × 20 santimetr o‘lchamdagi kitob qattiq muqovada chop qilindi, u 541 sahifadan iborat.
Kitobning «So‘nggi so‘z» deb nomlangan yakuniy bo‘limida muallif o‘z ichki dunyosini umumlashtiradi. Bu satrlar asar mazmunini yanada chuqurroq anglash uchun nihoyatda muhim va o‘quvchini kitobni to‘liq o‘qishga da'vat etadi.
SO‘NGGI SO‘Z
Ushbu kitobni tugatganimda, uni yozishdagi maqsadim avval rejalashtirganimdek faqatgina bir hisob-kitob emasligini angladim. Kitob oxirida meni yozishga undagan va jasoratlantirgan kamida yana ikki jihatni ko‘rdim.
Birinchi jihat — guvohi bo‘lgan qirq yillik ijtimoiy va siyosiy voqealarning adolatli tahlilini kelajak avlodlarga yetkazish istagi.
Ikkinchi jihat — ushbu qirq yillik sarguzasht jarayonida ruhimning samimiyatini sinab ko‘rish ehtiyoji. «Qirq yillik voqealarning adolatli tahlili» deganda, bergan baholarim mutlaq adolatli deb da'vo qilmayman. Ammo tahlil jarayonida samimiy bo‘lganimni ayta olaman. Yolg‘on gapirmaganimni, hech kimga tuhmat qilmaganimni ta'kidlashim mumkin. Boshqa da'vom yo‘q.
Meni bu tahlilga undagan yana bir muhim omil — so‘nggi yillarda O‘zbekistonning yaqin tarixini soxtalashtirishga qaratilgan turli urinishlardir.
Yaqin o‘tmishda internetda tarqalgan soxta «tahlillar» va «xotiralar» shunchalik ko‘payib ketdiki, tarixni o‘zanidan chetga chiqarishga bo‘lgan urinishlar oshkora tus olganini ko‘rib hayratda qoldim.
Ha, O‘zbekistonda tarixni soxtalashtirish jarayoni jadal davom etmoqda.
Bu jarayon bugun boshlangani yo‘q. U 1991 yil oxirida o‘tkazilgan Prezidentlik saylovlaridan so‘ng davlat siyosati saviyasida boshlangan edi.
Islom Karimov iqtidorga kelgandan keyin o‘zining 1988–1991 yillar oralig‘ida Sovet Ittifoqini himoya qilib, Yeltsinni, hatto Gorbachyovni tanqid qilgan chiqishlarini yo‘q qilish buyrug‘ini berdi. Shu bilan birga, mustaqillik uchun ochiq kurash olib borgan shaxslarning tasvirlari, chiqishlari ham yo‘q qilindi.
Masalan, men hali Toshkentda bo‘lgan paytimda, o‘zimning televideniedan yoyinlangan nutqlarimning nusxalarini so‘raganimda, arxivlarda bu yozuvlarni «topa olishmadi».
KGB Karimovning xiyonatini yashirish maqsadida «1990 yoki 1991 yilda falon joyda Islom Abdug‘anievich mamlakat mustaqilligini shunday himoya qildiki, og‘zimiz ochilib qoldi», qabilidagi afsonalarni to‘qiy boshladi.
Xolbuki, Karimov 1991 yilgacha mustaqillik haqida matbuotda umuman gapirmagan edi. Aksincha, televidenie arxivlari Karimovning SSSRni saqlab qolish yo‘lida qilgan jo‘shqin nutqlari bilan to‘la edi. KGB ushbu arxivlarni yo‘q qilishga kirishdi va ularning katta qismini barbod qildi, biroq barchasini yo‘q qila olmadi. Diktator Karimovning haqiqiy qiyofasini ko‘rsatuvchi eski videolar internetda hanuz u yoki bu shaklda aylanib yuribdi.
Albatta, Karimov va uning tarafdorlari tarixni yo‘q qila olmaydi. Balki tarix ularni yo‘q qiladi. Shu ma'noda, agar kitobim yaqin tariximizning haqiqatlariga yorug‘lik solayotgan bo‘lsa, bundan baxtiyorman. deya yozadi Muhammad Solih. Kitobga nom bo‘lgan misra joy olgan she'r esa ushbudir:
Yagona yo‘nalish
Vodiyda o‘lish man etilgan,
Yo‘l faqat yuqoriga.
Pastga tushish yo‘q,
Pastga yo‘l izlab vaqt yo‘qotma.
Endi yur, tirmash, yuksal.
O‘lim seni cho‘qqida kutmoqda…
Haftaning har chorshanba va shanba kunlari Eltuz kanalida Muhammad Solihning «Vodiyda o‘lish taqiqlangan» kitobidan yangi boblarni tinglang.
