Vodiyda o‘lish taqiqlangan – 12 qism
Muhammad Solih
RFYe/RL ning Rus xizmati «Svoboda» radiosiga bergan intervyumdan parcha: «Karimov boshqaruvi chuqur sotsial va iqtisodiy problemalarni hal qilish o‘rniga muxolif kishilarga qarshi urush boshladi. Men demokratiya uchun kurashimni bu antidemokratik kommunistik Oliy Kengash tashqarisida davom ettiraman» (RFYe/RL «Svoboda” 10 Iyul 1992)
Parlamentdan ketganimdan keyin totalitar davlatning jazo mashinasi ustimizga yura boshladi. Bu dahshatli tazyiq faqat shaxsim va oilamga emas, butun qarindosh-urug‘, do‘stlarim, hatto tanishlarimga ham siroyat etdi.
Bu voqealar chorak asrlik bir zulmning boshlang‘ichi edi.
1992 yil oktyabr oyida kaminaga qarshi jinoiy ish ochildi. «Davlatga qarshi parallel davlat tuzish»da aybladilar. Bizning 1992 yil mart oyida tashkil qilingan «Demokratik Forum«ni diktator Karimov «parallel davlat» sifatida baholadi. Ammo bu ayblovning joriy Qonunda bir ifodasini topisholmadi shekilli, rasmiy bir aybnoma e'lon qilishmadi. Lekin fe'lan men uy hibsida edim. Shahardan chiqmaslik haqida tilxat olishgandi.
Tazyiq va bosim shu qadar kuchaydiki, men 1993 yil boshida Toshkentni gizli tark etdim. Qozog‘istonning Sayram bo‘lgasiga o‘tib, u yerda bir tanishimizning uyida yashay boshladim. Partiya ishlarini o‘sha yerda turib davom ettirdim.
Bu davrda safdoshlarimiz orasida rejimga qarshi kurash uslubini o‘zgartirish fikri yoyila boshladi. Kichik bir guruh diktatorni kuch bilan olib tashlash rejasi bilan Sayramga keldi. Hokimiyat uchun kurashda qon to‘kilishiga qarshi ekanimni avvaldan bilganlari uchun o‘z rejalarining mantiqiy zamini sog‘lom ekanligini namoyish qilishga urindilar. Ammo bu mantiq meni qon to‘kish oldidagi qo‘rquvni yengishga yetmadi. Qo‘rquvim jismoniy yoki siyosiy emasdi. Qo‘rquv ma'naviy edi. Va men bu radikal rejani qabul etmadim. Bu harakatimni bugungacha tanqid qilganlar bor. Ammo o‘sha olganim qarordan pushaymon emasman.
«Har qanday yo‘l bilan ham iqtidorga kelish» shiorini qabul etsaydim, ashaddiy dushmanlarim bo‘lmish kommunistlarning shiorini qabul etgan bo‘lardim. Bu imkonsiz edi va bu yuz bermadi.
1993.yil boshida Qozog‘istonda «Davlat sirlari» nomli kichik kitobchamni nashr ettirdim. Va uni Toshkentda gizli tarqatdik. Bu nashr Tiranish harakatiga oz bo‘lsa-da dalda bo‘ldi. Chunki gazetalarimiz allaqachon yopilgan, axborot vositalarimiz yana eski sovet davridagi kabi rotoprintda ko‘paytirilgan varaqalar saviyasiga tushgandi.
ShUKRULLO MIRSAIDOV

“Demokratik Forum”ning kuchini ko‘rib ilhomlangan odamlardan bittasi sobiq Bosh vazir Shukrullo Mirsaidov edi.
Shukrullo Mirsaidov kamina Qozog‘istonning Chernyaevka posyolkasidagi bir uyda yashirinib kitob yozayotgan kunlari deyarli har hafta tashrif buyurardi.
1993 yilning fevral oyi edi.
Mirsaidov yonida «Yoshlar harakati»dan deb tanishtirgani ingichka mo‘ylovli bir toshkentlik yigit bilan keldi. «Jiddiy gaplashishimiz kerak», dedi.
Men yonida kelgan odamni xush ko‘rmadim…
Buni Mirsaidov sezdi va u yigitni «bir aylanib kel», deb ko‘chaga chiqarib yubordi.
Keyin menga qaradi. Yuzida jiddiy bir bezovtalik bor edi. U past ovoz bilan 1992 yil oktyabr oyida aytgan taklifini takrorladi: «O‘tgan safar ko‘nmadingiz, bu safar ko‘narsiz degan umidda keldim. Chunki buning(Karimovning) naqadar «zver» ekanini ko‘rdingiz bir yil davomida. Agar uni yo‘qotmasak, juda ko‘p odamlarning boshiga yetadi. Sizni ham, meni ham yo‘qotadi. Avval sizni yo‘qotadi, bilib qo‘ying», dedi qizishib.
Mirsaidov bu taklifni mening yana rad qilishimdan qo‘rqardi. Shuning uchun juda asabiylashar edi.
Men bir zum o‘ylanib qoldim. Javobim bilan harakatimizga kerakli bir odamni yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chidim, to‘g‘risi.
Men unga ayni taklif bilan boshqalar ham kelganini aytdim.
«Birinchi taklifingizdan so‘ngra Toshkentda nima o‘zgardi, Shukrullo aka?”,– dedim yumshoq ohangda.
«Ko‘p narsa o‘zgardi. «Spetsslujba» to‘la biz tarafda. Moskva biz tarafda. Xalq ham, aslida, biz tarafda. Faqat siyosiy bayroq kerak, bu bayroq siz bo‘lasiz, xalq sizni taniydi, yaxshi ko‘radi «, dedi Mirsaidov.
Men hafsalam pir bo‘ldi.
Undan ochiq so‘radim:»Bu Moskvaning o‘yini emasmi o‘zi?»
«Xudo haqqi, Moskvaning aloqasi yo‘q. Ularga men aytdim, Pavlov do‘stim, o‘zbeklarni yaxshi ko‘radi, agar biz hokimiyatga kelsak mutlaqo qo‘llaydi, uning hozirgi hukumatda odamlari tiqilib yotibdi», dedi.
Keyin yuzimga karab: «Solih, to‘g‘risini ayting, o‘zingizni qurbon berishdan qo‘rqayapsizmi?”, dedi.
«Aslo. Men begunoh odam o‘ldirishga sababchi bo‘lishdan qo‘rqayapman. Siz o‘tgan safar «u (Karimov) bilan 60 kishi o‘lishi mumkin» dedingiz. Meni shu 60 kishining hayoti uchun narigi dunyoda javob berishdan qo‘rqayapman», dedim.
«Aytdim-ku, agar u yo‘q qilinmasa, minglarcha insonni o‘ldiradi va bu qurbonlarning mas'uliyati siz bilan mening bo‘ynimizga tushadi. Ularning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘laturib, bu imkondan foydalanmaganimiz uchun bizdan narigi dunyoda ular xaq talab qiladi», dedi qizishib.
Mirsaidov samimiy edi. Bu ochiq ko‘rinib turardi.
Men unga shunday dedim: «Shukrullo aka, sizdan oldin bir guruh dustlar ham ayni fikr bilan kelishgandi. Ularga men rad javobini berdim. Shuni tushunishingizni istayman. Agar o‘zbek xalqi qo‘liga qurol olib Karimov hokimiyatga qarshi jang boshlasa, men jangda muhaqqaq oldingi safda bo‘lardim. Men zolimga qarshi urushda qatnashishim mumkin. Hatto imkonim bo‘lsa, o‘zim qo‘shin tuzib, bugunoq bu urushni boshlashim mumkin. Chunki bu odam aytganingizday xalqning kushandasi. Kelajakda ko‘plarni o‘ldirishi tayin. U hech qachon saylov bilan iqtidordan ketmaydi. Faqat kuch bilan ketkazilishi mumkin. Ammo men bir kishini, hatto zolimni ham, orqavarotdan, suiqasd bilan o‘ldirishni o‘zimga ep ko‘rolmayman, meni tushuning. Ayniqsa, bu zolim bilan birga begunoh odamlar ham o‘ladigan bo‘lsa..»
So‘zimni tugatganimda Mirsidovning yuzi qorayib ketganday tuyildi. U bukchayib o‘rnidan turdi.
Keyin yuzimga qarab, favqulodda yumshoq ovoz bilan: «Solihjon, sizni tushunaman. Ammo katta bir imkoniyatni qo‘ldan boy beryapmiz», dedi.
Men hech narsa demadim. Chunki aytadigan gapimni aytib bo‘lgandim.
Men haqiqatan ham o‘limdan qo‘rqqanim yo‘q edi. Haqiqatan ham agar qo‘shinim bo‘lsa, diktatorga qarshi qurolli kurashni boshlab yuborgan bo‘lardim. Chunki bunday kurashning mashru' ekanidan amin edim.
Mirsaidov xayrlashib ko‘chaga chiqar ekan, qayrilib men tarafga egildi:
– Sizni yaqinda olishadi. Tayyor bo‘ling. Agar imkoningiz bo‘lsa, Toshkentga qaytmasdan chet elga chiqib keting. Bizning yigitlar sizni yo‘q qilish plani «zver»ning qo‘lida turganini aytishdi, – dedi.
Quchoqlashib xayrlashdik.
Bu – Mirsaidov bilan so‘nggi uchrashuvimiz edi.
Shu zulmat kunlarda mening uyimga kelgan Turkiyalik birodarimiz Ismoil Chengiz shunday xotirlaydi:

«Hurmatli Solih hibsdan chiqqandan keyin, KGB ning ayg‘oqchilari bilan «yashinmachoq» o‘ynab, bir do‘stim bilan uni uyida ziyorat etdik. So‘ng darajada qayg‘ulaydi. U uyidan tashqariga chiqa olmayotgani, har kun o‘lim tahdidlari olayotgani, xalq bilan muloqotga to‘siq ko‘yilgani, gazetasining taqiqlangani va kitoblarining bosilmayotganini aytdi…Va 1993 yilning Nison oyi o‘rtalarida do‘stlarining bosimi bilan tug‘ilib-o‘sgan tuproqlarni tark etishga majbur bo‘ldi» (İsmail Çengiz» “Özbekistanda demokratikleşme ve Muhammed Salih», 1995. Hasret yayınları Sahifeler 40-41)
Davomi bor
