Asosiy mavzular
6 january 2026

«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» 13-qism

Muhammad Solih

TOShKYeNTGA VIDO

Men qamoqdan chiqarkan, fuqoralik Ichki Ishlar Vazirligi pasportimni olib qo‘ygandi. Ammo ular menga deputatligimda berilgan «Diplomatik pasport»ni unutishgan edi. Yoki bundan xabari yo‘q edi. Yoki bu xakda bilmasdilar, chunki pasportni menga 1990 yili SSSR Tashqi Ishlar Vaziri bergandi.

Men bu pasport bilan 9 yoki 10 aprel kuni Toshkentni tark etdim.

To‘g‘rirog‘i, partiyadosh do‘stlarning talabi bilan Qozog‘istonning Olmata shahriga ketishga majbur bo‘ldim.(Bu xususda «Yo‘lnoma» kitobimda batafsil hikoya qilganman). Olmaotada ikki kun qolib, Bokuga ketdim.

Bir necha kun Ozarbayjon Prezidenti Abulfayz Elchibeyning mehmoni bo‘ldim. Elchibey suhbatimizda Toshkentni tark etganimga sevinganini aytdi va Turkiya Prezidenti Turg‘ut O‘zol bilan birga «ERK» harakatiga yordam berishga kelishganini bildirdi.

Abulfayz Elchibey bilan bo‘lib o‘tgan bu suhbatimizdan so‘ngra harakatimizda yangi, kuchli bir bosqichning boshlanishidan umidvor bo‘ldim. Chunki Qayta Qurish davrida boshlangan Tiranish harakatining eng zaif joyi butun davrlarda uning moliyaviy ta'minlanmagani edi. Bu kamchilik bartaraf etilsa, harakatimiz bir ulus Harakatiga aylanadi deya umid qilar edik.

15 aprel kuni Prezident Abulfayz Elchibey qabuliga chaqirdi. Qisqa kechgan suhbatimizda «O‘zbekistonda demokratik davlat qurilishini istaymiz, bu yo‘lda sizning orqangizdamiz. 16-aprel kuni Istanbulga uchoq biletingiz bor, sizni Anqarada Prezident Turg‘ut O‘zol qabul qiladi, u bilan sizni dastaklash qarori oldik», dedi prezident Elchibey.

Men 16 aprel kuni Istanbulga keldim. Ozarbayjonning Bosh Konsuli Abbos Abdulla kutib oldi. Uyida mehmon qildi. Ertasiga, 17 aprel kuni Anqaraga uchdim. Uchoqdan inganimda meni kutib olgan Prezident adminstratsiyasi mulozimlari o‘sha kuni ertalab Turkiya Prezidenti Turg‘ut O‘zol vafot etganini bildirishdi. Shu motam kunidan boshlab men uchun surgun davri boshlandi.

TURKIYa

Turg‘ut O‘zol janozasida ishtirok etdim. Marosimga kelgan chet ellik siyosatchilar bilan tanishdim. Jumladan Afg‘oniston o‘zbeklari lideri Abdurashid Do‘stim bilan ham ilk da'fa o‘sha marosimda tanishdik.

Turg‘ut O‘zol dafn etilganidan so‘ngra Sulaymon Demiral uchrashuvga chaqirdi. Uzoq suhbatlashdik. «Xafa bo‘lmang, O‘zal yordam bera olmadi, bu yordamni biz qilamiz», deya ko‘nglimni ko‘tardi.

Bu orada Demiral Parlament tarafidan vafot etgan Turg‘ut O‘zal yeriga Prezident etib saylandi.

Demiralning iliq munosabatidan keyin Turkiyada qolishga qaror berdim.

May oyi so‘nggida katta qiyinchiliklar bilan oilamni keltirdim. Istanbulda siyosiy faoliyat uchun zarur narsalarning tadorigini ko‘ra boshladik. Gazeta chiqarish, uni O‘zbekistonda tarqatish rejalarini tuzdik. Bu ishlarga yordamchi bo‘lish uchun O‘zbekistondan bir necha kishi keldi.

ISTANBULDA TURKISTONLIKLAR KAShFI

Istanbulga kelgandan keyin bizning harakatimizga qiziqqan va unga dastak bergan isnsonlardan kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan Professor Timur Xo‘ja, Dr. Ahad Andijon, O‘rxon Qovunji kabi birodarlarning sa'y-harakatlarini minnatdorlik bilan eslayman. Ular qo‘lidan kelgan yordamini bizdan ayamadilar, sog‘ bo‘lsinlar.

Timur Xo‘ja 90-yillar boshida “Ozodlik” radiosining O‘zbek sho‘'basida ishlardi. U Toshkentga borib, bizning tashkilot ofisini ziyorat qilgan jasur olimlardan edi.

Ahad Andijon bilan esa birinchi marta 1990 yil mart oyida Nyu-York shahrida tanishgan edik. U O‘zbekiston siyosati bilan yaqindan qiziqqan bir shifokor, jarroh edi. Ahad Andijon keyingi yillarda Turk parlamentiga saylandi, vazir bo‘ldi.

Ayni yillarda Qo‘qon xoni urug‘idan bo‘lgan Ozodbek Karimiy bilan ham Istanbulda tanishdik. Ozodbek Karimiy 1988 yilda menga Afg‘onistondan bir maktub yozgandi. O‘zining bir mujohid qo‘mitoni ekani, yetti yildan beri ruslarga qarshi urushayotgani, bizning ozodlik uchun qilayotgan harakatlarimizdan sevinayotgani haqda yozgan edi.

Bu maktubni Turkiya turklaridan bittasi menga yetkazgandi.

Istanbulda yuzma-yuz uchrashganimizda Ozodbek o‘z tarjimai holini batafsilroq gapirib berdi.

Ozodbek Karimiy Qo‘qon xoni urug‘idan bo‘lib, Chor Rusiyasidagi Oktyabr to‘ntarishidan keyin bugungi Pokistonda qo‘nim topgan bir oilaning farzandi edi. Oliy o‘kuv yurtida o‘qib, muhandis bo‘lib ishlagan. Keyin Sovetlar Afg‘onistonni ishg‘ol qilganda bir o‘zbek sifatida Shimoliy Afg‘oniston (Janubiy Turkiston)ga kelib, ko‘shin tuzib, ruslarga qarshi gerilla (partizan) harakati boshlatgan. U biroz shoir tabiatli, romantik idealist kishi edi. Afg‘onistonda Tolibon hokimiyat tepasiga kelgach, Ozodbek Karimiy Qandahordan Mozori Sharifga vertolyotda uchgan. Mozori Sharifga yetganda vertolyot qulab tushadi. Ozodbek esa shahid bo‘ldi. Qizig‘i shundaki, vertolyotdagi boshqa odamlar bu avariyadan omon qolishgan.

Ozodbek Pokiston maxfiy xizmati tomonidan o‘ldirilgani haqida mish-mishlar bor. Lekin men bu mish-mishlarda mantiq ko‘rmayapman. Nega ular o‘z fuqarolarini o‘ldirishadi?

Ozodbek Pokiston emas, rus imperializmining dushmani edi.

Viloyatda yetakchilik raqobati tufayli halok bo‘ldi, deganlar ham bor.

Haqiqatni Alloh biladi…

TOShKYeNTDAGI VOQYeALAR

Toshkentdan “Hukumat Solihning ishtirokisiz qurultoy o‘tkazishingiz mumkin, dedi, nima qilaylik?”, degan xabar keldi.

“Juda yaxshi, qurultoyni o‘tkazing”, dedim.

Erkchilar yana: «Hukumat partiya rahbariyatiga o‘z odamlarini olib kelmoqchi. «ERK» Markaziy Qo‘mitasi a'zolari Sodiq Yigitaliev va Shodi Karimov allaqachon hukumat tarafiga utdilar. Ular butun viloyatlarning partiya bo‘limlarida yig‘ilishlar o‘tkazib, «Agar Solih partiyadan ketsa “ERK” darrov rasmiy ro‘yxatdan o‘tadi va keyingi saylovga kiradi. Shunday ekan, keling, rahbarni almashtiraylik”, deb tashviqot yuritishyapti», deyishdi.

“Yaxshi, ularga qarshilik kilmanglar, qurultoy bo‘tkazinglar, u yerda saylov bo‘lsin, partiya rahbariyatini saylanglar”, dedim.

Darhaqiqat, ERK rasmiy partiya sifatida ro‘yxatdan o‘tishi va parlament saylovlarida ishtirok etishi uchun men xam ko‘pdan beri rahbarlikdan ketishni o‘ylayotgandim. Yagona shartim shu edi: Partiya yetakchisi bo‘ladigan shaxs Harakatimizning asosiy maqsadidan chetga chiqmasligi, kommunistlar bo‘yinturug‘iga tushmasdan, milliy siyosat yuritsa, bu kifoya» degan edim Toshkentdagi partiyadoshlarga.

Darhaqiqat, men bu vazifani xorijda emas, o‘z vatanida uddalay oladigan irodali insonni qidirayotgandim.

Ammo diktator Karimov buyrug‘i bilan “Solih va uning tarafdorlari partiyasini tozalash” rejasini amalga oshirishga rozi bo‘lgan o‘sha ikki kishiga hukumatda lavozim taklif qilinganini eshitib, Qurultoyda ularni to‘sib qo‘ydik. Ular mag‘lub bo‘lishdi. Va 1993 yil 23 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Kongress meni qayta saylashga majbur bo‘ldi.

Hukumat tomonidan berilgan vazifani bajara olmagan Shodi Karimov va Sodiq Yigitaliev partiyamizni tark etishdi.

XATOLARIM

Kommunist Shodi Karimov Xalq xo‘jaligi institutining professori edi. Kommunist Sodiq Yigitaliev Respublika Oliy sudining sobiq raisi edi. Bunday odamlarning antikommunistik partiya safiga qo‘shilishiga men sababchi bo‘ldim, xatoimni tan olaman.

Odamlar kommunist bo‘lib tug‘ilmaydi, kommunsitlar xam o‘z xalqini yaxshi ko‘rishi mumkin, ular xam farzandlarining erkin jamiyatda yashashini xohlaydi, deb o‘yladim. Va bu odamlarni safimizga qo‘shilishiga ruxsat berdim.

Xuddi shunday optimistik o‘ylar bilan “ERK” gazetasi muharririni xam noto‘g‘ri tanladim.

Do‘stimiz Ibrohim Haqqulga uydirma jinoyat ishi ochilgandan keyin u gazetamiz bosh muharriri lavozimini tark etishga majbur bo‘lganida, uning o‘rniga kommunist, sobiq deputat Jahongir Mamatovni taklif qildim. Gazetamiz xodimlari, ayniqsa, yosh xodimlar “bu odam poraxo‘r, obro‘-e'tiborimizga putur yetkazadi” deb qarorimga qattiq qarshilik qilishdi.

Bir kuni o‘ylab yurib, oxirida Mamatovni ishga olishga majbur bo‘ldim. Chunki gazetaga xabar ishini bilgan tajribali kadr juda kerak edi.

Garchand, Mamatovning Samarqand viloyat gazetasida ishlab yurgan chog‘ida kolxoz raislarini shantaj qilib, “sen haqingda hujjat bor, gazetada chiqaraman”, deb ulardan katta pul olganini, keyinroq, qamoqda o‘tirgan Ahmadjon Odilovni «ozodlikka chiqaraman» deb uning o‘g‘lidan ham pora olganini men ham eshitgandim.

Siz Muhammad Solihning, Vodiyda o‘lish taqiqlangan audiokitobi 13 qismini tingladingiz. Davomini Eltuz kanalining keyingi yoyinlaridan izlang. 

Tag‘in o‘qing
21 february 2023
O‘zbekiston rahbariyati konstitutsiyani ochib o‘qib ko‘rsa bo‘lardi. (Harf taniydi degan yaxshi niyatdamiz) Konstitutsiyada vatandoshlarning teng huquqli ekani va hech ...
2 october 2015
Karimovning muxolifi bo‘lgan Muhammad Solihning mashhur satrlari bor, – “Ozodlik – hayollarning eng go‘zalidir, orzularning eng yuksagidir” degan. Men ...
12 may 2022
Men ToshDUning jurnalistika fakultetiga 1982 yil o‘qishga kirgandim. Turkiston, ya'ni Markaziy Osiyo va Qozog‘iston hududidagi bu ilk universitetga 1918 ...
6 june 2024
Eltuz portaliga navbatdagi 5 ta maktub O‘zbekistonning Sirdaryo, Samarqand, Namangan va Qoraqalpog‘istondagi vatandoshlarimizdan kelgan. Tagi kovlanayotgan ko‘pqavatli bino qulab ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...