Catira
17 june 2019

Andijon IIBda qiynashganini aytgan Odina Ergasheva 10 sutkaga qamaldi

Andijon shahri IIB xodimlari qiynagani haqida gapirgan 2-tug‘uruqxona sanitarkasi 10 sutkaga qamaldi. «Ozodlik» radiosining Andijon IIBdan iqtibos keltirib bildirishicha, Ergasheva O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik)da ayblanib, ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

«Eltuz» Odinaning onasi Ma'sudaxon Ergasheva bilan bog‘landi. U qizining hozirgi ahvoli, qamoqdan qachon chiqarishlarini va hatto uni qaerda saqlashayotganini ham bilmasligini aytdi.

«Qizimni hayitdan keyin chiqib ketganicha ko‘rganim yo‘q. 15 iyun kuni o‘g‘lim shahar IIBda ishlaydigan o‘rtog‘i Ma'ruf bilan gaplashibdi. Uni bemor yo‘qotgan telefon ustida to‘polon ko‘targani uchun tuhmat qilib, 10 sutkaga qamashibdi. Ma'ruf o‘g‘limga: «Bezovta bo‘lmanglar. Ikki kuni o‘tdi. Hech kim barmog‘iniyam tekkizmaydi, deb aytibdi», dedi Odinaning onasi Ma'suda Ergasheva «Eltuz» muxbiriga.

Odina Ergasheva yetti yashar qizi bilan 67 yashar onasi Ma'sudaxon Ergashevaning uyida yashaydi. Ma'suda opaning «Eltuz»ga aytishicha, oxirgi bor u qizi bilan telefon orqali 11 iyun kuni gaplashgan. O‘shanda qizi unga Toshkentdan uyiga qaytib kelayotgani, Ma'ruf (IIB xodimi) unga telefon qilib, ta'qib etayotganini aytgan. Keyin esa aloqa uzilgan.

9 iyun kuni Odina Ergasheva badanida kaltak izlari bilan Andijondan Toshkentga kelgan va huquq faoli Malohat Eshonqulova bilan uchrashgan edi.

Huquq faoli Odinaning uch nafar IIB xodimi ikki nafar boshlig‘i nazorati ostida Andijon shahridagi 4-IIB xonasida urishgani, majburlab aroq ichirishgani haqidagi hikoyasini videoga yozib olib tarmoqda e'lon qilgan edi.

«Ko‘kartirmaydigan qilib ur. Ko‘kartirma. Ichini to‘kib tashla”, deb rosa o‘rgatib turdi ikkita boshlig‘i. Qolgan uch kishi esa meni urdi. Hozir hamma yog‘im zirqirab og‘riyapti. Yurgan yo‘limda gandiraklab ketyapman. Andijonga borganiyam qo‘rqyapman. O‘ldirib yuborisharmikin meni, deb. Shundog‘am meni Toshkentda melisalar izlashyapti», degan edi Odina unga qo‘llangan qiynoqlar haqida.

12 iyun kuni esa internetda Andijon shahri 2-tug‘ruq majmuasining uch nafar vrachi guvohligi aks etgangan video tarqaldi.

Bunda tug‘ruqxona vrachlari bir-birining gapini tasdiqlab, «kichik tibbiy xodima Odina Ergashevaning o‘zi «ichki ishlar xodimlariga qarshi to‘polon»ni boshlagani…, ikki nafar IIB xodimini tepkilab, tugmalari va pogonlarini yulib tashlagani…, tug‘ruqxona eshigi oynasini sindirgani…, IIB nozirini eshikka tirab qisgani» haqida bildirishdi.

«Fayzullo (profilaktika inspektori) shu yerda turgan edi. Odina IIB xodimini mana shu eshikdan olib chiqib, pogonidan sudrab, mana shu yergacha keldi. Keyin «senlarni qo‘lingdan hech narsa kelmaydi» deb, uning tugmalarini yirtib, bolani (inspektorni) tepa boshladi. Tepa boshlaganidan keyin bo‘lim rahbarimiz bosh vrach o‘rinbosariga axborot berdi. O‘shandan so‘ng PPS xodimlari kelib (Odinani) olib ketishdi», deydi tug‘ruqxona tibbiy xodimlari o‘z chiqishlarida.

Odinaning onasi Ma'sudaxon Ergasheva qizini topishga yordam so‘ramoqda. «Eltuz» Bosh prokuraturaga murojaat qilib, Odinaning sog‘lig‘ini surishtirishni so‘raydi, chunki aftidan u hamon uni qiynoqqa solgan shaxslarning qo‘li ostida qolayotgan bo‘lishi mumkin.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 october 2016
«XXI asr» gazetasida paxta yetishtiruvchi xonqalik fermerning nomidan ham bir maqola e'lon qilingan. Unda fermer muvaqqat prezident va amaldagi ...
18 january 2018
18 yanvar kuni Samara-Chimkent avtoyo‘lida yonib ketgan eski «Ikarus» avtobusida 52 nafar o‘zbekistonlikning halok bo‘lishi ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida ...
2 january 2026
O‘zini Ichki ishlar vazirligi akademiyasining 2-kurs kursantlari deb tanishtirgan manbalar Eltuz tahririyatiga murojaat qilib, ta'lim muassasasida qator jiddiy qonunbuzarliklar ...
18 march 2016
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni «tojiklarning milliy madaniyatiga begona» turkiy so‘zlar bilan ism qo‘yishni taqiqlaydigan qonunni imzoladi ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...