O‘zbekiston o‘qituvchilarining kosasi qachon oqaradi
So‘nggi yillarda o‘qituvchi obrazi jamiyatda bilim beruvchi shaxsdan ko‘ra, hujjat to‘ldiruvchi va hisobot topshiruvchi xodimga aylanib borayotir. Darsga tayyorgarlik ko‘rish, o‘quvchi bilan ishlash o‘rniga o‘qituvchi vaqtining katta qismi qog‘ozbozlik, turli elektron platformalarni to‘ldirish, navbatdagi tekshiruvga tayyorgarlik bilan o‘tmoqda. Bundan tashqari, malaka oshirish kurslari, sertifikat olish, ball to‘plash ilinjida doimiy ravishda yugurish ham o‘qituvchini asosiy vazifasidan chalg‘itmoqda.
Natijada, dars sifatini oshirish ikkinchi o‘ringa surilib, ta'lim mazmuni emas, rasmiy talablar ustuvor bo‘lib kelmoqda.
Birinchi navbatda, ortiqcha qog‘ozbozlik muammosi o‘qituvchilar uchun eng katta yuklamalardan biri hisoblanadi. Hisobotlar, kundaliklar, turli platformalardagi elektron ma'lumotlarni to‘ldirish, statistik ma'lumot tayyorlash kabi ishlar o‘qituvchining asosiy vazifasi bo‘lgan darsga tayyorgarlikka salbiy ta'sir qiladi. Bu esa o‘qituvchining vaqti va energiyasini talaygina sarflashga majbur qiladi.
Yana bir muhim muammo sinflarda o‘quvchilar sonining ko‘pligi. Ayrim maktablarda bitta sinfda 35–40 nafar o‘quvchi borligi o‘qituvchiga har bir bolaga individual yondashish imkonini cheklaydi. Bu esa ta'lim sifatining pastlashishiga, o‘quvchilarning darsga bo‘lgan qiziqishi kamayishiga olib keladi.
O‘qituvchining moddiy rag‘batlantirilishi va mehnat haqining etarli emasligi ham ta'lim sifatiga ta'sir etadi. Hozirgi kunda ularning mehnati jamiyatda yuqori baholanishiga qaramay, moddiy ta'minlanish darajasi ular ko‘rsatayotgan mehnatga mutanosib emas. Bu holat kadrlar qo‘nimsizligiga, yoshlarning bu kasbga qiziqishi kamayishiga va sohaning jozibadorligi kamayishiga sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash uchun zarur bo‘lgan texnik ta'minot hamma maktablarda ham yetarli emas. Kompyuter, internet, elektron doska kabi jihozlar yetarli darajada bo‘lmagan maktablarda o‘qituvchilar innovatsion usullarda dars o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Bu esa ta'lim jarayonini zamon talablari darajasida olib borishga to‘sqinlik qiladi.
Psixologik bosim va charchoq ham o‘qituvchilar uchun jiddiy muammodir. O‘qituvchi faqat bilim beruvchi emas, balki o‘quvchi, ota-ona va maktab ma'muriyati o‘rtasidagi o‘zaro aloqani ta'minlovchi shaxs hamdir. Bu esa ularda stress, ruhiy charchoq va ishdan qoniqmaslik holatlarini keltirib chiqaradi.
O‘qituvchilar yelkasiga yuklangan muammolar yillar davomida to‘planib, bugun ta'lim sifatining eng zaif nuqtasiga aylanmoqda. Ortiqcha qog‘ozbozlik, sinflardagi me'yordan ortiq o‘quvchi soni, yetarli bo‘lmagan maosh va texnik ta'minot masalalari hal etilmas ekan, o‘qituvchidan yuqori natija kutish adolatdan yiroq. Ta'lim tizimidagi islohotlar ko‘pincha hisobotlarda go‘zal ko‘rinsa-da, amalda o‘qituvchining kundalik ishini yengillashtirmayapti.
Xorij tajribasi esa boshqacha manzarani ko‘rsatadi. Masalan, Finlyandiyada o‘qituvchilar ortiqcha hisobotlardan ozod qilingan, sinflarda o‘quvchilar soni kam, maosh ancha yuqori. Singapurda o‘qituvchiga yordamchi xodimlar ajratilgan bo‘lib, u asosan ta'lim va tarbiyaga e'tibor qaratadi.
Shunday ekan, o‘qituvchini islohot ob'ekti emas, islohotning asosiy ishtirokchisi sifatida ko‘rish vaqti keldi. Aks holda, muammolar haqida gapirish davom etaveradi, sifat esa o‘zgarmaydi.
