Asosiy mavzular
11 december 2017

O‘lmasligi mumkin bo‘lgan o‘liklar

5 dekabrda Amnesty International inson huquqlari tashkiloti huquq himoyachilarining o‘limi va ularning o‘ldirilishi holatlari ko‘payishi tendentsiyasi mavjudligini tasdiqlaydigan hisobotini e'lon qildi. Foto: chapdan huquq faollari Fahriddin Tillaev va Nuriddin Jumaniyozov.

«Oldini olish mumkin bo‘lgan o‘limlar: Huquq himoyachilarining o‘ldirilishi va zo‘ravonlik bilan yo‘q qilinishi» nomli hisobotida Amnesty International qator mamlakatlarda huquq himoyachilari va faol fuqarolarni muhofaza qilishga oid davlat siyosatining muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ko‘rsatib beradi.

Ushbu hisobot Amnesty International ning o‘tgan yil may oyida boshlangan va davlatlarning huquq himoyachilari faoliyatini tan olish, hamda ularga xavfsiz va qulay shart-sharoitlarda o‘z faoliyatini amalga oshirish imkoniyatini ta'minlashni ko‘zda tutuvchi «Jasorat» kampaniyasi doirasida e'lon qilindi.

Butun dunyo bo‘ylab huquq himoyachilari ta'qib qilinmoqda, qo‘rqitilmoqda, jazoga giriftor qilinmoqda, adolatsiz sudlarga tortilmoqda, hibsga olinmoqda. Bu amaliyotlar hamon davom etmoqda.

Hisobotda aytilishicha, davlat va nodavlat tuzilmalari sa'y-harakatlari oqibatida minglab huquq himoyachisi o‘ldirilmoqda, turli zo‘ravonliklarga duch kelmoqda. Ularning faoliyati nafaqat tan olinmayapti va himoya qilinmayapti, balki ular jinoyatchi, «xorij josusi», «xalqqa qarshi shaxslar», «terrorchilar» sifatida talqin qilinmoqda, jamiyat taraqqiyoti va an'anaviy qadriyatlarga tahdid o‘laroq ko‘rilmoqda.

Bu kabi ayblovlar ularning faoliyatiga ishonchni barbod etayotir va boshqa suiiste'moliklar, hatto ularni o‘ldirish harakatlarigacha yo‘l ochib berayotir.

Hisobotda asosiy e'tibor eng og‘ir jinoyatlar – huquq himoyachilarining o‘ldirilishi va g‘oyib bo‘lishiga qaratilgan. Bu hujumlarning sababi turlicha bo‘lishi mumkin.

Masalan, ayrimlar inson huquqlarini buzayotgan hukmron doiralarga qarshi turayotgan, xabar tarqatayotgan va jamoatchilik e'tiborini tortayotgan qonuniy faoliyati uchun hujumga duchor bo‘lmoqda.

Boshqalar esa jamiyatdagi inson huquqiga qarshi fikrlari va ijtimoiy normalarga qarshi isyoni, qolaversa, aynan shunday faoliyat bilan shug‘ullanayotgani uchun tazyiq ostida qolmoqda.

O‘zbekistonlik huquq himoyachisi Nuriddin Jumaniyozov 2016 yil dekabrda turmada o‘ldi. Uning o‘limi haqida faqat olti oydan so‘ng ma'lum bo‘ldi.

U ayni paytda qamoqda qolayotgan boshqa bir huquq himoyachisi Faxriddin Tillaev bilan birgalikda Mardikorlar huquqini himoya qiluvchi mustaqil kasaba uyushmasi markazi tuzishga uringandi.

N.Jumaniyozov 2014 yil yanvarda hibsga olindi. Unga va Faxriddin Tillaevga odam savdosi bo‘yicha soxta ayblov qo‘yildi. Ular adolatsiz sud hukmi bilan uzoq muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilindi.

N.Jumaniyozov diabetning og‘ir turi bilan og‘rigandi va 2014 yil aprelda o‘z advokati Polina Braunergga dori so‘rab murojaat etgandi. Ammo dorini yetkazish harakati vaqtida mas'ullar N.Jumaniyozov turma shifoxonasiga o‘tkazilganini aytib, uning aslida qaerda ekani haqida ma'lumot berishni rad etdi.

O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha taniqli advokat sanalgan Polina Braunerg bu jinoyat ishi bo‘yicha doimiy tazyiq ostida bo‘ldi va 2017 yil mayda insultdan vafot etdi.

Davolanish uchun xorijga chiqishga ruxsat so‘raganida esa unga qamoqqa olish bilan tahdid qilingandi.

O‘zbekistonlik yana bir huquq himoyachisi Abdurasul Xudoĭnazarov turmadan tibbiy xulosalar asosida ozod qilinganidan uch hafta o‘tib vafot etdi. U oxirgi bosqichdagi saraton, limfoma va silga chalingandi.

Qamoqdaligida u qiynoqlarga duchor etilgandi. Oila a'zolarining bildirishicha, u saratonga va boshqa jiddiy xastaliklarga chalinganiga, doimiy tibbiy qarovga muhtojligiga qaramay, qamoqxona ma'muriyati unga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatishni har doim rad etib kelgan.

Hibsga olinganiga qadar A.Xudoynazarov «Ezgulik» inson huquqlari tashkiloti a'zosi sifatida hamda ichki ishlar va xavfsizlik xizmatidagi korruptsiyaga qarshi faoliyati tufayli tanilgan inson edi.

U 2005 yil iyulda qamoqqa olingan, ta'magirlik va firibgarlik aybi bilan to‘qqiz yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Ko‘pchilik bu hukm adolatsiz bo‘lgani, undan huquq himoyachisi sifatidagi faoliyati uchun qasd olish maqsadida chiqarilganini aytgandi.

Yaqinda esa marhum diktator Islom Karimov rejimining ashaddiy tanqidchilaridan biri Murod Jo‘raev vafot etdi. U O‘zbekiston turmasida eng uzoq o‘tirgan siyosiy mahbuslardan biri edi.

Eltuz

Tag‘in o‘qing
12 june 2017
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev, aftidan, tozalikni juda yaxshi ko‘radi. Uning qaerga borishi ma'lum bo‘lsa, o‘sha joy ulkan obodonlashtirish maskaniga aylanishi, ...
6 september 2016
Dunyodan o‘tgan O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov xotirasiga butun mamlakat bo‘ylab osh tarqatish buyurilgan. Imomlar va mahalla faollari boshchiligidagi osh ...
4 january 2021
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi “Alkogol va tamaki mahsulotlari aylanmasini tartibga solish hamda iste'molini cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga nosvoy tayyorlash ...
2 june 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 53-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) MUSIQA HAROMMI? Buyuk hofiz Komiljon Otaniyozning ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...