Asosiy mavzular
7 may 2018

O‘zbekiston uchun AESdan ko‘ra quyosh energetikasidan foydalanish ma'qul emasmi?

Yevropaning eng rivojlangan davlatlari, jumladan, Germaniya, Osiyoda esa Yaponiya atom elektr stantsiyalari o‘rniga qayta tiklanadigan muqobil energetikaga o‘tish qat'iyatini namoyish etayotgan bir paytda O‘zbekiston AES qurish harakatiga tushib qolgan.

Mamlakatimiz Turkiya, Belarus, Eron, Misr, Hindiston, Bangladesh, Xitoy kabi AES qurish yo‘lini tanlagan ko‘rinadi.

Yaqinda Qandim gazni qayta ishlash majmuasining ochilish marosimida ham shu mavzuda gapirgan prezident Shavkat Mirziyoev Rossiya bilan bu haqdagi kelishuv hatto joriy yilning o‘zidayoq imzolanishi mumkinligiga ishora qildi.

Garchi bu loyiha qiymati ma'lum qilinmagan bo‘lsa-da, ayrim manbalar uning narxi 10 milliard dollardan oshiq bo‘lishini taxminlayapti.

Aytish kerakki, O‘zbekistonning o‘z AESiga ega bo‘lish maqsadi haqida 2014 yilda, hali Islom Karimov qudratda ekanida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ammo bu niyat asta-sekin yo‘qlikka singib ketgandi.

Yangi prezident Shavkat Mirziyoev bu loyihani amalga oshirish orqali mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan yil sayin o‘sib borayotgan talabini qondirish, shu orqali energetik mustaqillikni mustahkamlash maqsadini ko‘zlayotgani aytilmoqda.

To‘g‘ri, AES bahona O‘zbekistonga ilg‘or texnologiyalar kirib keladi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, sanoat rivojlanishi tezlashadi.

Shu bilan birga, Yaponiyaning Fukusimasidagi 2011 yildagi dahshatli atom halokati bunday loyihalarga jiddiy o‘ylab, ancha ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga undaydi. Qolaversa, 1986 yildagi Chernobil AESidagi avariya hali ko‘pchilikning xotirasidan ko‘tarilgani yo‘q.

Bunday xavfidan tashqari AESni qurish juda qimmat, unga xizmat ko‘rsatish ham katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi.

Boshqa tomondan, undan olinadigan elektr energiyasining tannarxi arzon, AES atmosferaga zararli gazlar chiqarmaydi.

Elektr energiyasi tanqisligidan aziyat chekayotgan o‘zbekistonliklar orasida AES qurish loyihasini qo‘llab-quvvatlayotgan ko‘plab topilishiga shubha yo‘q.

Shu bilan birga, AES o‘rniga quyosh elektr stantsiyasi qurish foydaliroq va xavfsizroq bo‘lishi haqida o‘ylaydiganlar ham bor.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh energiyasining potentsiali qariyb 51 milliard tonna neft ekvivalentiga teng.

Tahlilchi Aziz Nosirning biz bilan suhbatda ta'kidlashicha, quyosh elektr stantsiyasi qurish narxi AESnikidan ancha arzon. Bundan tashqari, uning qurilishi tezroq amalga oshadi. Xavfsizlik jihatdan u AESdan ko‘ra to‘liq ustunlikka egaligini esa aytmasa ham bo‘ladi.

“O‘zbekiston bitmas-tuganmas quyosh energetikasi manbasidir. Bu imkoniyat turganida AES qurishga juda katta mablag‘ yo‘naltirilishini tushuntirish qiyin. Buning o‘rniga biz asosiy e'tiborni aynan quyosh elektr stantsiyalari qurishga qaratishimiz mantiqli bo‘lardi”, deydi tahlilchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AESga sarflanadigan mablag‘ga quyosh elektr stantsiyalari qurilsa, AESdagidan bir necha barobar ko‘proq elektr olish mumkin.

“O‘zbekiston quyosh energetikasidan foydalanishga ham katta e'tibor qarata boshladi. Ammo AES qurish loyihasi bu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlar ko‘lamiga ta'sir etish ehtimolini e'tibordan soqit qilib bo‘lmaydi”, dedi tahlilchi Aziz Nosir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 december 2017
18 dekabr kuni Open Source Investigations (OSI) guruhi O‘zbekiston MXX raisi Rustam Inoyatov oilasiga tegishli ko‘chmas mulklarga oid maqolani ...
11 june 2025
Toshkent shahri Chilonzor tumanida 33 yoshli sartarosh yigitga shilqimlik qilgan 41 yoshli erkak 15 sutkaga qamaldi. 2 iyun kuni ...
25 april 2020
So‘nggi yillarda O‘zbekiston matbuotda keng aks sado berayotgan, mamlakatga milliardlab dollar xorijiy investitsiyani jalb etayotgan islohotlar o‘tkazish yo‘liga kirdi. ...
26 august 2025
Tojikistonda folbin va sehrgarlarga murojaat qilganlar va ularning xizmatlaridan foydalangan mijozlar uchun ma'muriy javobgarlik joriy etildi. Bunday xizmatlarga murojaat ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...