Asosiy mavzular
11 january 2019

Mirziyoev ortidan kuzatuv o‘rnatgan DXX raisining birinchi o‘rinbosari hibsga olindi

Quyidagi maqolada keltirilgan ma'lumotlar Davlat havfsizlik xizmati tarkibida ishlaydigan shaxsdan kelib tushdi. O‘zbekiston kabi yopiq mamlakatda davlat organlari ko‘p hollarda mustaqil jurnalistlarning savollariga javob bermaydi. Ayni maqoladagi ba'zi iddaolar yuzasidan rasmiylardan izoh ola olmadik. Shunga qaramay, biz olingan ma'lumotlarni nashr etishga qaror qildik va muqobil ma'lumotlarni taqdim eta oladiganlar bilan gaplashishga tayyormiz.

Bir yil muqaddam O‘zbekiston bosh prokuraturasidan Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Jahongir Egamov yanvar oyi boshida qamoqqa olindi.

Bu xabarni 11 yanvar kuni “Eltuz”ga DXX Maxsus tekshiruv boshqarmasi xodimi ismi sir qolishi sharti bilan yetkazdi.

DXX xodimining ma'lum qilishicha, 46 yoshli Jahongir Egamov ortidan  prokuraturadan xavfsizlik tizimiga o‘tgan yana besh nafar xavfsizlik zobiti hibsga olingan.

Ular orasida DXX Tergov boshqarmasi boshlig‘i Abror Abdullaev va DXX sirtqi nazorat tezkor xodimi Botir Hakimov ham bor.  

Abror Abdullaev xalq orasida qo‘rquv bilan tilga olinadigan kontoraning tergov boshqarmasiga o‘tguniga qadar Toshkent shahri prokuraturasining tergov boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

O‘tgan yil fevral oyida Abror Abdullaev bilan birga prokuraturadan DXXga o‘tkazilgan Jahongir Egamov prezident va uning oilasi ortidan 2018 yil iyun oyidan boshlab, olti oyga yaqin sirtdan kuzatuv o‘rnatgan guruhga rahbarlik qilganlikda gumonlanmoqda.

Tergovni prezidentning jiyani olib bormoqda

Tergov ishini DXXning ichki xavfsizlik va shaxsiy tarkib faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Muxtor Mirziyoev olib borayotir.

O‘tgan yil mazkur boshqarmaga boshliq etib tayinlangan Muxtor Mirziyoev prezident Shavkat Mirziyoevning jiyanidir.

Jahongir Egamov yirik miqdordagi iqtisodiy va korruptsiyaga bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda ham gumon qilinmoqda.

11 yanvarga o‘tar kechasi DXXning hibsga olingan zobitlariga  tegishli fotosuratlar va ma'lumotlar barcha ijtimoiy tarmoqlar  va rasmiy veb-saytlardan olib tashlangan.

Jahongir Egamov prezident 25 dekabr kuni DXX uchun maxsus qurilgan yangi binoda Shavkat Mirziyoev raisligida o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilish paytida vazifasidan chetlatilgan edi.

Prezident Mirziyoev DXX nazoratidan g‘azabga kelgan

Xavfsizlik xodimlarining ma'lum qilishlaricha, o‘zi va oilasi a'zolari ustidan kuzatuv o‘rnatilganidan xabar topgan O‘zbekiston rahbari qattiq g‘azabga kelgan va aybdorlarni darhol jazolashni buyurgan.

DXXdagi so‘nggi hibsga olishlar xavfsizlik xizmati tubdan isloh qilinayotgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Bor-yo‘g‘i bir yil muqaddam prezident Shavkat Mirziyoev DXXda tub islohotlar boshlagan edi:

  • Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) deb o‘zgartirildi;
  • – DXX vakolatlari keskin qisqartirildi;
  • MXXni 23 yil davomida boshqarib kelgan general- polkovnik Rustam Inoyatov o‘rniga O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lib ishlagan Ixtiër Abdullaev tayinlandi;
  • DXXda misli ko‘rilmagan attestatsiya o‘tkazilib, ishga noloyiq yuzlab xavfsizlik xodimi ishdan bo‘shatildi, o‘nlab yuqori martabali zobit ustidan jinoyat ishlari ochildi.

Jahongir Egamov oradan bir oy o‘tib – kadrlar almashinuvi avjiga chiqqan pallada  – O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qoshidagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti boshlig‘i vazifasidan  DXX raisining birinchi o‘rinbosari vazifasiga o‘tkazildi.

«Eltuz» suhbatlashgan xavfsizlik xodimlari so‘zlariga ko‘ra, DXX raisi Ixtiyor Abdullaevning ishonchli odamlaridan hisoblangan Jahongir Egamov va boshqa yuqori amaldorlarning hibsga olinishi DXXning yetakchi eshelonlarida Shavkat Mirziyoev olib borayotgan islohotlarga qarshi kuchlarning haliyam  borligini ko‘rsatadi.

Maqolamizning ikkinchi qismida bu haqda batafsil fikr yuritamiz.

Unda, shuningdek, MXX yangi rahbariyatining korruptsiyaga bog‘liq kirdikorlari haqida so‘z boradi.

“Eltuz”ni kuzatishda davom eting.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com


Tag‘in o‘qing
20 april 2023
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar Qashqadaryoning Qarshi, Koson, Samarqand viloyatining Qo‘shrabo ...
26 september 2016
Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori bilan amaldagi bosh vazir, mustaqil kuzatuvchilar fikricha, noqonuniy tarzda prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishini ...
29 january 2020
Bosh vazir Abdulla Aripov 28 yanvar kuni koronavirus xatari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Har bir idora va tashkilotlar, shu jumladan, ...
6 march 2022
O‘zbekistonlik jurnalist Marina Kozlova o‘z saytida Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Mikola Doroshenko bilan intervyu chop etishi ortidan Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...