Asosiy mavzular
9 january 2020

O‘zbekistonning yangi imiji. Unda Karimovga o‘rin bormi?

Agar sizga yaqin bir necha oy ichida O‘zbekistonga borish nasib etsa, ko‘proq uch narsa haqida eshitishingizga to‘g‘ri keladi. 

Mulozimlar bilan suhbatlarda yoki yangiliklarni tomosha qilish chog‘ida sizga mamlakat so‘nggi uch yil ichida qanchalik o‘zgargani haqida gapirishadi.

22 dekabrdagi parlament saylovi arafasida mamlakatda nomzodlar o‘rtasida haqiqiy telebahslar o‘tkazilgani, bundan uch yil avval buni hatto tasavvur qilish ham qiyin bo‘lganini bilib olasiz. Ammo saylovda muxolifat vakillari bo‘lmagani haqida sizga aytilishi dargumon.

Ular uch yil ichida keskin tsenzura rejimi zaiflashgani, anchagina erkin matbuot muhiti paydo bo‘lgani haqida albatta gapirishadi. (Biroq ayrim nashrlar, jumladan, “Ozodlik” radiosi jurnalistlariga akkreditatsiya berilmayapti yoki Toshkentda byuro ochishlariga izn yo‘q, ular hamon tsenzuraga duch kelishmoqda, saytlari to‘sib qo‘yilgan).

Ammo uch yil oldin nima bo‘lgani va bu o‘zgarishlarni tezlashtirgani, ya'ni aynan 27 yil davlatni temir qo‘l bilan boshqargan avtoritar lider Islom Karimovning o‘limi haqida eshitishingiz dargumon. 

Lekin Toshkent mulozimlari odatiy etiketlardan tashqarida (bu haqda ochiq aytilmaydi), Karimov merosiga yaqqol zid tarzda, mamlakatni isloh qilishga jiddiy sa'y-harakatlar bo‘layotganini ta'kidlashga intilishadi. 

Mirziyoevning sobiq matbuot kotibi, hozirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari “Ozodlik” radiosiga bergan intervyusida ancha ochiq gapirdi. 

“Albatta, o‘sha davr bilan hozirgi kunning farqi juda katta,- dedi Mirziyoevga yaqin shaxslardan bo‘lgan Komil Allamjonov. Prezident Mirziyoevning qizi Saida uning o‘rinbosaridir. – Biroq marhumlar haqida yomon so‘zlash mentalitetimizga yotligi, ularni hurmat qilganimiz uchun biz bu haqda ochiq gapirmaymiz. Ammo bu biz ularni o‘zaro taqqoslamasligimizni anglatmaydi”.

“Uning o‘ziga xos usuli bor edi,- deya qo‘shimcha qildi Allamjonov. – Uning davrida ko‘plab muammolar to‘planib qoldi. Aslida juda ko‘p. Shu bois, prezidentimiz Mirziyoev ushbu muammolarni hal qilishiga to‘g‘ri keladi. Va hozir ularni hal qilmoqda”.

Chorak asr davomida hokimiyat tepasida bo‘lgan Karimov siyosiy o‘zgacha fikrlikni yo‘q qilish uchun hibsga olish va qiynoqlardan foydalanadigan tizimni yaratdi.

2005 yilda Karimovning xavfsizlik xizmati Andijondagi namoyishlarni shafqatsiz bostirdi va yuzlab odam halok bo‘ldi. O‘zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnat tizimi, shu jumladan, bolalarni ekspluatatsiya qilish G‘arbning yuzlab kompaniyalarini mamlakat eksportining eng muhim qismlaridan biri bo‘lgan paxtani sotib olishni to‘xtatishga majbur qildi. 

Bugun O‘zbekiston chet el sarmoyadorlarini izlamoqda va Karimov o‘limidan so‘ng G‘arb mulozimlarini mamnun etgan islohot yo‘lini e'lon qildi.

Fevral oyida Mirziyoev Allamjonov boshchiligidagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalaar agentligini tuzdi. 

Aftidan, sa'y-harakatlar o‘z samarasini berayotgan ko‘rinadi. 

Dekabr oyida “Economist” jurnali O‘zbekistonni 12 oy ichida erishgan yutuqlari uchun “yil mamlakati” deya e'lon qildi, SNN kanali esa o‘zining o‘rta asr me'moriy yodgorliklari bilan tanilgan O‘zbekistonni 2020 yildagi asosiy sayyohlik yo‘nalishi sifatida e'tirof etdi. 

Biroq ayrim inson huquqlari tashkilotlari bunday e'tiroflarga hali erta ekanligidan ogohlantirishmoqda.

O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari jamg‘armasi direktori Umida Niyozova yaqinda o‘tgan saylov arafasida yozgan blogida islohotlarni haqiqiy siyosiy muxolifatga to‘siq qo‘yishda davom etayotgan tuzumning “dekoratsiyasi” deya atadi.

Qiynoqlarga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunga qaramay, O‘zbekiston qamoqxonalaridagi shafqatsiz munosabatlar haqida xabarlar kelishda davom etmoqda, u yerlarda hanuz saqlanayotgan siyosiy mahbuslar soni esa minglab bo‘lishi mumkin.

“Eski odatlardan qutulish og‘ir kechyapti, aftidan, xavfsizlik xizmatlari o‘zining katta ta'sirini saqlab qolmoqda va hokimiyat demokratlashmayapti”, deydi inson huquqlari faoli va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Stiv Sverdlov.

Mirziyoev ma'muriyatida ishlayotganlarning ko‘pchiligi, jumladan, prezidentning o‘zi ham Karimov davrida uzoq yillar davomida katta martabalarni egallashgan. Prezident siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan siyosiy partiyalar ham bir paytlar Islom Karimovni qo‘llagan.

2015 yilda prezidentlikka nomzod bo‘lgan “Adolat” partiyasi rahbari Narimon Umarov aslida Karimovning nomzodini bilvosita qo‘llab-quvvatlagan, Karimovni tanqid qilishdan bosh tortgan, biroq mamlakatda “ko‘p muammo” yig‘ilib qolganini aytgan edi.

Mirziyoev o‘ziga tahdid solishi mumkin deya hisoblagan sobiq ma'muriyatning ayrim a'zolarini hokimiyatdan chetlashtirdi, ba'zilari oqlandi, ba'zilari esa jazolandi. U katta qudratga ega Milliy xavfsizlik xizmati boshlig‘i Rustam Inoyatovni lavozimidan ozod qildi, ammo uni o‘zining maslahatchisi sifatida qoldirdi. 

Mirziyoev Milliy gvardiyani tuzdi. Ushbu tuzilma faoliyati yangi ma'muriyat ijtimoiy norozilikka munosabat bildirishda Karimov qo‘llagan usullardan qanchalik yiroqlashgani yoki yaqinligini ko‘rsatadigan haqiqiy sinov bo‘lishi mumkin.

Dekabr boshida tabiiy gaz va elektr energiyasining jiddiy tanqisligi O‘zbekistonning bir qator viloyatlarida ayrim norozilik chiqishlariga sabab bo‘ldi. Toshkent keskin choralarga bormadi va mahalliy amaldorlarni aybladi. Biroq hokimiyat kommunal xizmat narxlari tobora oshib borayotgani yuzasidan, ayniqsa, ishchilarning norozilik alomatlarini  bostirmoqda.

Toshkent va Samarqandda yashovchi ayrim oddiy odamlar “Ozodlik” radiosiga bergan izohlarida Karimov davrini sog‘inishayotgani, chunki so‘nggi uch yil ichida narxlar jiddiy oshgani, ammo ish haqi darajasi o‘zgarmaganligini ta'kidlashdi.

“Muammo shundaki, ushbu islohotlar hali sinovdan o‘tmagan”, deydi Vashingtondagi Karnegi markazining Rossiya va Yevrosiyo tadqiqotlari dasturi katta ilmiy xodimi Pol Stronskiy.

Uning ta'kidlashicha, Mirziyoev tizimi va Karimov rejimi o‘rtasidagi haqiqiy tafovut ko‘rsatkichi keng ko‘lamli noroziliklar yoki terrorchilik hujumlariga ko‘rsatiladigan munosabat bo‘lishi mumkin. “Hukumatning tezkor javob berishiga sabab bo‘ladigan [nimadir yuz berishi] kerak. Shundagina ular eski yoki yangi usullarga tayanadimi-yo‘qmi, ko‘rish mumkin bo‘ladi”.

Glenn Keyts
“Eltuz” tarjimasi. 

Manba: “Ozod Yevropa – Ozodlik radiosi

Tag‘in o‘qing
5 january 2021
Rassom Elnur Egamov suratga olgan animatsion filmda poraxo‘rlik asorati hajv qilinadi. Film ijodkorlari uni Sardoba cuv ombori halokatiga 230 ...
13 may 2016
Kino ko‘rishni sevaman. Ayniqsa fantastik tragikomediya janridagi kinolarni. Kecha Roman Artemev suratga olgan “Chelovek iz buduщego” degan kinoni ko‘rdim. ...
28 october 2025
O‘g‘uz va Gulnor bir-biriga qaradi. O‘g‘uz Gulnorning ko‘zlarida hech qachon ko‘rmagan bir porlashni ko‘rdi. Ismoillidagi rasmiy ziyoratdan so‘ng, o‘rmonda ...
15 february 2021
O‘zbekiston prezidentining kenja kuëvi Otabek Umarov 13 fevral soat 18lar atrofida Toshkent markazidagi ko‘chada yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Prezident davlat ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...