O‘zbekistonning energetika xavfsizligi ojiz holatdami?
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida 2024 yil sentyabr oyidagi Energetika vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 604-sonli quduqda muammoli yo‘qotishlar (metan emissiyasi) kuzatilgan.
M-25 konida yonib ketayotgan gaz – milliy resursning yirik iqtisodiy yo‘qotilishi. Taxminiy yonib ketayotgan gaz miqdori kuniga ≈0,5 mln m³. Har oyda taxminan 15 mlrd so‘mlik gaz bekor yonib ketmoqda. Bu o‘rtacha 20 000 oilaning oylik ta'minotiga teng. Mazkur holat qancha uzoq davom etsa, mamlakatning iqtisodiy, ekologiya va energiya balansiga shuncha katta salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Energetika vazirligi esa “qoyilmaqom ish” qilgandek, konda gaz oqimi nazorat ostida yoqib yuborilayotganligini va bu xavfli komponentlar (masalan, H₂S) tarqalmasligi uchun qo‘llanilayotganligi to‘g‘risida bayonot berdi.
Butun dunyo yer ostida konlarni izlayotgan bir paytda bizda tayyor otilib chiqayotgan boylik yoqib yuborilmoqda.
Go‘yoki energiyani tejash va maishiy chiqindilardan arzimagan gaz olish texnologiyalarini bong urib targ‘ibot etayotgan davlat tabiiy gazni aholiga yo‘naltirish to‘g‘risida ham bosh qotirsa maqsadli bo‘lardi.
Shu kabi muammolardan yana biri — mamlakatda quyosh panellari ishlab chiqarish uchun barcha resurslar yetarli bo‘la turib, bu xom ashyolarni chetga eksport qilmoqda.
Xususan, quyosh panellari uchun eng zarur va nodir modda bo‘lgan kremniyni O‘zbekiston tomonidan xomashyo sifatida eksport qilish qiymati kerakli komponentlari bilan tonnasiga o‘rtacha 90 mln so‘mni tashkil etmoqda. Xuddi shu miqdordagi quyosh panelini esa o‘rtacha 260 mln so‘mdan import qilinmoqda.
Bir tonna kremniyni xom ashyo sifatida sotganda olgan pulga nisbatan, o‘sha kremniydan tayyorlangan panelni import qilganda 2–3 barobar ko‘proq harajat qilyapmiz.
Hozirda O‘zbekistonda ommaga ochiq ma'lumotlar bo‘yicha kremniy zaxiralari (Samarqanddagi Jeroy koni: ≈26 mln tonna, Jizzax / Uz-Shindong loyihasi: ≈2,2 mln tonna SiO₂, kvarts va kvartsit shaklida) ≈28–30 million tonna. Agar geologik tadqiqotlar. mamlakat umumiy hududining 40–45% qismida o‘tkazilganligini inobatga olsak, bu raqamlar yanada ortishi mumkin.
Bu zaxira orqali 27 500 km² hududni, ya'ni mamlakat maydonining 6,5–7% qismini panel bilan qoplash imkoniyati bo‘la turib, o‘z imkoniyatlarimizdan foydalana olmayapmiz.
Shuningdek, hozirda yoqilg‘i resurslarining tanqisligi oshib, raqobat va xalqaro kelishmovchiliklarning asosiy sababi bo‘lib turgan bir vaqtda resurslarning 40–45% qismi xorijiy mamlakatlar kompaniyalariga sotish hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Sotilayotgan uranning qariyb 55% ulushi frantsuzlar, neft va gazning 65% esa Rossiya, AQSh hamda Xitoy ulushiga to‘g‘ri keladi. Xalqaro shartnomalarimizga ko‘ra, ularning bu “xolis” xizmatdagi ulushi esa qazib olingan mahsulotlarning 10–20% ga egalik qilishni nazarda tutadi. Ya'ni mamlakatning o‘z yoqilg‘isi yeta turib, resurslarning bir qismini qayta sotib olayotganligi alamli.
O‘zbekistonda mavjud resurslar — tabiiy gaz 45 yilda, neft 50 yilda, uran 30 yilda va ko‘mir 80 yilda esa tugashi mumkinligini inobatga olsak, vaziyatni yaxshi deb bo‘lmaydi.
So‘nggi 5 yilda Rossiya kompaniyalari O‘zbekistonning energiya sektorida ahamiyatli (o‘rtacha katta) ulushga ega bo‘ldi. Gaz qazib olish va importda (taxminiy) 20-35% oralig‘idagi ta'sirni ko‘rsatish mumkin. LUKOIL va Gazprom mustahkam pozitsiyada; Rosatom bilan atom loyihasi Rossiyaning ta'siri yanada mustahkamlanishiga olib kelmoqda. Bu mustahkamlik mamlakat uchun biror ijobiylik olib kelmaydi. Aksincha, mamlakat energetik xavfsizligini chippakka chiqaradi.
O‘zbekistonda energiya resurslaridan samarasiz foydalanish, xomashyoni qayta ishlash o‘rniga arzon narxda eksport qilish, tashqi kuch xavfi energiya xavfsizligini zaiflashtirmoqda. Mavjud zaxiralar qisqarayotgani, yo‘qotishlar va investorlar ulushining kattaligi mamlakatni strategik xatarlar girdobiga tortmoqda. Muammolarni hal etish, mavjud aniq xavflarni bartaraf etish uchun milliy resurslar ustidan nazoratni kuchaytirish va ularni asrash zarur.
