10 yanvar — Toshkentda Kashmir urushiga chek qo‘ygan tinchlik bitimi imzolandi
1966 yilgi Toshkent uchrashuvi — nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo diplomatiyasi tarixidagi eng muhim voqealardan biri hisoblanadi. Ushbu uchrashuv 1965 yildagi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv – Ikkinchi Kashmir urushini to‘xtatish maqsadida tashkil etilgan.
Uchrashuv 1966 yilning 4 yanvaridan 10 yanvarigacha davom etgan. Muzokaralarda Hindiston Bosh vaziri Lal Bahodir Shastri, Pokiston prezidenti Muhammad Ayub Xon va rasmiy Toshkent hamda Sovet ittifoqi vakillari vositachi sifatida ishtirok etishgan.
Muzokaralar juda og‘ir kechgan, biroq 10 yanvar kuni tomonlar tinchlik bitimini imzolashga muvaffaq bo‘lishgan. Deklaratsiyaning asosiy bandlarida ko‘zlanganidek, har ikki tomon o‘z qo‘shinlarini urush boshlangunga qadar egallab turgan pozitsiyalariga (1965 yil 5 avgust holatiga) qaytarishga,
Nizolarni kuch ishlatish orqali emas, balki BMT Nizomiga muvofiq tinch yo‘l bilan hal qilish majburiyatini olishga.
Bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik va o‘zaro do‘stona aloqalarni tiklashga kelishilgan.
Shuningdek urush paytida asirga olingan harbiylarni qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Xalqaro diplomatiyada «Toshkent ruhi» atamasi
Bu uchrashuvdan so‘ng xalqaro diplomatiyada «Toshkent ruhi» iborasi paydo bo‘ldi. Bu — eng murakkab va hal qilib bo‘lmaydigandek ko‘ringan nizolarni ham muzokaralar stoli atrofida, do‘stona muhitda hal qilish mumkinligining ramziga aylandi.
O‘sha vaqtda Toshkent dunyo markaziga aylangan edi. Shaharning mehmonnavozligi va muzokaralar uchun yaratilgan sharoitlar ikki yirik davlat rahbarlari tomonidan yuqori baholangan. Bu voqeadan bir necha oy o‘tib (1966 yil 26 aprel) Toshkentda kuchli zilzila yuz berganda, Hindiston va Pokiston ham shaharni qayta tiklashda ishtirok etishgan.
