20 yanvar – Kremlning Bokudagi qonli amaliyoti
Ozarbayjonda «Qonli yanvar» deb ataluvchi ushbu voqea nafaqat Ozarbayjon, balki Sobiq Ittifoq tarixidagi eng keskin burilish nuqtalaridan biri hisoblanadi.
1980-yillarning oxiriga kelib, Ozarbayjonda ikkita asosiy omil vaziyatni keskinlashtirib yubordi:
Armanistonning Tog‘li Qorabog‘ni o‘z tarkibiga qo‘shib olish harakatlari va u yerdan ozarbayjonliklarning quvg‘in qilinishi ommaviy noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Ozarbayjon Xalq Jabhasi tuzilib, Moskva markaziy hukumatidan erkinlik va suverenitet talab qila boshladi. Bokuda uzluksiz mitinglar boshlandi.
Favqulodda holat
Kreml rahbariyati 1990 yil 19 yanvardan 20 yanvarga o‘tar kechasi Bokuda favqulodda holat e'lon qildi. Biroq, aholi bundan bexabar edi, chunki maxsus xizmatlar Ozarbayjon televideniesining energiya blokini portlatib, efirni uzib qo‘ygan edi.
Rossiyaning tanklari va og‘ir zirhli harbiy mashinalari Boku shahriga bir necha yo‘nalishdan kirib keldi.
Qo‘shinlar yo‘lida to‘siq bo‘lgan tinch aholini, tez yordam mashinalarini va hatto chetda turgan oddiy fuqarolarni o‘qqa tutdi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 147 kishi halok bo‘ldi, 700 dan ortiq kishi yaralandi.
Askarlar tomonidan taqiqlangan o‘q-dorilar va shafqatsiz usullar qo‘llangani keyinchalik inson huquqlari tashkilotlari tomonidan hujjatlashtirildi.
Shahidlar hiyobonidagi chinnigullar
Kreml bu yo‘l bilan mustaqillik uchun bosh ko‘tara boshlagan Ozarbayjon Xalqini qo‘rqitish va bo‘ysundirishni ko‘zlagan edi. Bu fojia kutilgan natijaning aksini berdi.
Ozarbayjon xalqining Kommunistik partiyaga va SSSRga bo‘lgan so‘nggi ishonchi ham so‘ndi. Odamlar ommaviy ravishda partiya biletlarini yoqa boshladilar.
Bu voqea Ozarbayjonning Ittifoq tarkibidan chiqish jarayonini to‘xtatib bo‘lmas darajaga olib keldi. 1991 yilda mamlakat o‘z mustaqilligini e'lon qildi.
Bokuning eng baland nuqtasida «Shahidlar xiyoboni» tashkil etildi. Har yili 20 yanvar kuni millionlab ozarbayjonliklar u yerga kelib, qurbonlar xotirasiga hurmat bajo keltiradilar va qabrlar ustiga «motam guli» hisoblangan qizil chinnigullar qo‘yadilar.
Xalqaro munosabat
Inson huquqlarini himoya qiluvchi Human Rights Watch tashkiloti ushbu voqeani «Sovet armiyasi tomonidan tinch aholiga nisbatan qo‘llangan jazo chorasi» deb baholagan.
Bugungi kunda Ozarbayjonda 20 yanvar «Umumxalq motam kuni» sifatida belgilangan, ammo bu kun nafaqat qayg‘u, balki milliy g‘urur va ozodlik uchun kurash timsoli sifatida ham ko‘riladi.
