Asosiy mavzular
2 september 2017

Petitsiya: O‘zbekiston paxta sanoatidagi majburiy mehnatni to‘xtating!

O‘zbekistonda har yili talabalar paxta terimiga majburiy jalb qilinadi. Ilovadagi animatsion video ayni muammo haqida: Nima uchun O‘zbekistonda bunday holat mavjud? Nega buni hech kim rad etmaydi? Talabalarni paxta terimiga jalb qilish O‘zbekiston qonunlariga to‘g‘ri keladimi?

Buni bartaraf etish uchun Siz qanday yordam qila olishingiz mumkin?

2017 yil kuzida talabalarni paxta terimiga majburlamaslik haqidagi Prezident Shavkat Mirziyoevga yozilgan PYeTITsIYaNI IMZOLANG!

Videoni imkoni boricha ko‘proq odamlarga yetkazing, uni O‘zbekiston ichkarisida va tashqarisida do‘stlaringiz bilan BAHAM KO‘RING!

O‘zbekiston paxta sektorida majburiy mehnatni tugatishning zarurati to‘g‘risida

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Bu murojaat orqali biz Sizdan joriy 2017 yilda talabalar va davlat muassasalari ishchi-xizmatchilarini majburiy ravishda paxta yig‘im-terimiga jo‘natishning oldini olishni so‘raymiz.

Har yili paxta mavsumi boshlanganida yuz minglab o‘zbekistonliklar g‘ayriixtiyoriy ravishda fermerlarga paxta terishga yordamlashish maqsadida dalalarga jo‘natiladi.

Paxta terimiga safarbar etish hashar deb ataladi. Ya'ni odamlar qo‘shimcha mablag‘ ishlab olish maqsadida paxta dalalarida ko‘ngilli ravishda mehnat qilishini nazarda tutadi. Ammo aksariyat hollarda talabalar, ta'lim va tibbiyot sohalari xodimlari o‘qishdan haydalish yoki ishdan bo‘shatilish shaklidagi jazo tahdidi ostida paxta terishga majburdir.

O‘zbekiston qonunchiligida va O‘zbekiston ham qo‘shilgan xalqaro shartnomalarda jazo choralari qo‘llash tahdidi bilan har qanday ishni bajarishga majburlash taqiqlangan.

Talabalarning ota-onalari ularning oliy o‘quv yurtiga o‘qishga tayyorlanishi va kirishi uchun juda katta mablag‘ sarflaydi. Talabalar aholining mamlakatimizni modernizatsiya qilishga ko‘maklashishi kerak bo‘lgan eng o‘qimishli qatlamidir. Siz o‘zingiz yoshlarning kamol topishi hamda ularning O‘zbekiston manfaatlari va farovonligi yo‘lida yetarli darajada ta'lim olishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish kerakligi to‘g‘risida ko‘p gapirgansiz.

Ammo haqiqat shuki, har o‘quv yili boshlanishi bilan talabalar paxta terimiga jo‘natiladi. Bu vaqtda esa ularning boshqa mamlakatlardagi tengdoshlari auditoriyalarda bilim oladi hamda o‘z davlatining rivoji va taraqqiyotini jadallashtiradi. Talabalar uchun paxta yig‘im-terimi yiliga 2 oygacha davom etadi. Bu vaqt ichida yoshlarimiz o‘zlarining kelajakda egallaydigan kasbi uchun zarur bo‘lgan to‘liq ta'limni olish imkoniyatini yo‘qotadi. Bo‘lajak shifokorlari, muhandislari va o‘qituvchilari dalada malaka talab etmaydigan ishlar bilan band bo‘lgan mamlakat ta'lim birinchi o‘ringa qo‘yilgan davlatlar bilan raqobat qila olishiga ishonish qiyin.

Paxta terimida ishtirok etish majburiyati ta'lim sifatiga nafaqat salbiy ta'sir etadi, balki yoshlarning sog‘lig‘i va baxt-saodatiga ham zarar yetkazadi. Ta'lim va tibbiyot kabi muhim sohalar qishloq xo‘jaligidagi ishlardan ozod etilishi zarur.

O‘zbekistonda ko‘ngilli ravishda paxta terishi mumkin bo‘lgan, doimiy ish bilan band bo‘lmagan kishilar yetarli. Lekin buning uchun fermerlarni majburiy ravishda paxta topshirish rejasidan ozod etish kerak. Ular paxta terimi uchun kishilarga o‘zini va oilasini boqishiga yetadigan haq to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.

Ko‘ngilli terimchilarning mehnati samaraliroq bo‘lishiga shubha yo‘q. Chunki ular o‘z mehnati bilan ko‘proq pul topish uchun terimga chiqadi. Ishsiz aholini munosib haq evaziga paxta terimiga jalb etish qishloq joylarda turmush sharoitlari yaxshilanishiga ijobiy ta'sir etadi, ko‘plab mehnat muhojirlarini vatanga, o‘z oilasi bag‘riga qaytishga undaydi.

Biz Sizning O‘zbekistonda islohotlar o‘tkazishga oid chaqiriqlaringizga umid bilan qarayapmiz va yoshlarga e'tiboringizni qadrlaymiz. Yuz minglab kishilarni yarim feodal ko‘rinishdagi mehnat majburiyatidan ozod etish islohotlarni faqat qog‘ozda emas, balki amalda o‘tkazish yo‘lidagi sobitqadamlik bo‘ladi.

Bu qadam nafaqat mamlakat ichkarisida, balki uning tashqarisida ham ijobiy qabul qilinadi, O‘zbekiston va o‘zbek paxtasining jahon bozoridagi imijini yaxshilaydi.

Video: © David Oldenburg

Tag‘in o‘qing
20 june 2018
Ayrim nashrlar marhum prezidentning korruptsioner qizi Gulnora Karimovaning Shveytsariya banklarida muzlatilgan pullarni O‘zbekiston hukumatiga qaytarish masalasi «ijobiy hal bo‘layotgani» ...
16 march 2017
Mirziyoevning Karimov xotirasini abadiylashtirish haqidagi qaroriga bir nechta o‘zbek ziyolilarning qarshi chiqishi ortidan tarmoqda ularni badnom qilishga urinishlar boshlandi. ...
23 february 2020
O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2019 yilgi paxta yig‘im-terimi davrida majburiy mehnatdan foydalanishga yo‘l qo‘yganligi tufayli ma'muriy javobgarlikka ...
25 july 2017
1 iyuldan Farg‘onada ish boshlagan Majburiy ijro byurosi (MIB) ishidan odamlar norozi bo‘la boshladi. MIB inspektorlari uyma-uy yurib aliment, ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...