Asosiy mavzular
30 november 2020

O‘zbekiston kuchishlatar tizimlarida rahbarlar almashinuvi kutilmoqdami?

«Eltuz”ga yaqin va bir-biridan mustaqil manbalarning xabar berishicha, kelayotgan dekabr oyida O‘zbekistonning kuchishlatar tizimlarida rahbarlar almashinuvi kutilmoqda.

“Vazirlarni almashtirish quyidagi variant bo‘yicha amalga oshishi mumkin. Hozirgi bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev Konstitutsion yoki Oliy sud raisi lavozimiga, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bosh prokuror lavozimiga, Milliy gvardiya boshlig‘i Rustam Jo‘raev ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda.

Lekin kadrlar rokirovkasining ikkinchi varianti ham yuz berishi mumkin. Unga ko‘ra, ichki ishlar vaziri lavozimiga DXXdan Abdusalom Azizov kelishi, DXX raisi lavozimiga esa Milliy gvardiya boshlig‘i Rustam Jo‘raev tayinlanishi ham mumkin”, deydi “Eltuz”ning Toshkentdagi manbalari.

Ularning aytishicha, bu tariqa rokirovkalarni amalga oshirish prezident Mirziyoevning tashabbusidir.

Ayni paytda bu iddaolarning rasman tasdig‘i yo‘q. «Eltuz»ning hukumat idoralariga yaqin manbasiga ko‘ra, IIV rahbari Bobojonovga bosh vazir o‘rinbosari lavozimi ravo ko‘rilishi ham mumkin.

“Bunday katta rokirovkalarni rejalashtirishga nima turtki bo‘ldi?” degan savolga “Eltuz” manbalari: “Bosh prokuraturadagi navbatdagi poraxo‘rlik mojarolari, shuning ortidan u yerda yuz bergan kadr o‘zgarishlari sabab bo‘ldi”, deya javob berishdi.

Boshqaruv elitasiga yaqin amaldorning muxbirimizga aytishicha, «IIV tizimidagi Zokir Almatov davrida shakllanib qotib qolgan korruptsioner kadrlarni o‘zgartirishga Bobojonovning kuchi yetmagan. Ular butun tashabbuslarni tizimli sabotaj qilishgan. Shu qarama-qarshilik ortidan Bobojonovning salomatligi ëmonlashgan».

Eslatib o‘tamizki, bu faqat voqeadan xabardorligini iddao qilgan o‘zbek mulozimining taxmini, xolos.

“Eltuz”ning Bosh prokuraturaga yaqin manbalarining bildirishicha, o‘tgan oyda bu idorada qator kadr o‘zgarishlari yuz berib, bu yerga MXXning sobiq raisi Rustam Inoyatovning chekistlari kelgan.

“Bosh prokuratura qaytadan “globus”chilar (“Globus” – MXX sobiq raisi Rustam Inoyatovning hukumatdagi laqabi – “Eltuz”) nazoratiga o‘tdi, desa ham bo‘ladi. Masalan, Bosh prokuraturaning Kadrlar boshqarmasiga bungacha DXXning Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Alijon Abdullaev tayinlandi. Ichki xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasiga ham Inoyatovning kadrlaridan biri kelyapti”, deydi “Eltuz” manbasi.

Uning aytishicha, bu o‘zgarishlarga Bosh prokuraturadagi navbatdagi poraxo‘rlik mojarolari sabab bo‘lgan.

“Shu kungacha Bosh prokuratura Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Nodir Boytemirov va Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Sodiqjon Nazarovlar poraxo‘rlikda va bir qator boshqa jinoyatlarda gumonlanib, ishdan olindilar”, deydi “Eltuz”ga yaqin manba.

“Mirziyoev ularni jinoiy javobgarlikka tortishni va so‘roq qilishni istamayapti. Chunki ilk tergovdayoq ular barcha jinoyatlarni bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahnamoligida qilishganini tan olishadi.

Natijada Yo‘ldoshevni ham ishdan olib, qamashga to‘g‘ri keladi. Shu sababdan Mirziyoev “to‘rt yilda to‘rtinchi bosh prokurorni ishdan olib qamagan prezident, kadrlar siyosati bir tiyinga qimmat rahbar” nomini olib, sharmanda bo‘lishdan cho‘chimoqda”, deydi O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin manba.

“Eltuz” manbalariga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyatda Shavkat Mirziyoev oddiy kadrlar rokirovkasi bilan cheklanishni afzal bilmoqda.

“Bu O‘zbekistonga nima beradi?” degan savolga “Eltuz” manbalaridan biri: “Bu o‘zgarishlar mamlakatga va davlatga hech narsa bermaydi. Lekin prezidentga yangi “sadoqat”larning sadoqatini sinab ko‘rish imkonini beradi”, deb javob berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoev haligacha “O‘zbekiston kuchishlatar idoralaridagi “bardak”ning asosiy sababchisi eski avtoritar tizim emas, noloyiq va sadoqatsiz kadrlar”, deb bilmoqda.

“Mirziyoev bugun ham: “Yaxshi va sadoqatli kadrlarni olib kelsam, ishlar o‘z-o‘zidan yaxshilanib ketadi. Poraxo‘rlik ham shest sekundda to‘xtaydi”, deb xomxayol qilmoqda”, deydi “Eltuz”ga yaqin manba.

Mulozimlarning iddaoli ta'kidicha, bu o‘zgarishlar joriy yilning 7 dekabr kuni yuz beradi. Prezident adminstratsiyadagi manbaning aytishicha¸ o‘sha kuni O‘zbekiston rahbari Mirziëev IIV binosiga borib majlis o‘tkazadi.

«Eltuz» O‘zbekiston boshqaruv elitasidagi kadrlar tayinlanishi bilan bog‘liq jaraënlar matbuot ko‘zidan o‘ta ëpiq ekanini idrok etaroq, bu iddaolarni nashr qilishga qaror berdi.

Ta'kidlaganimizdek, kadrlar almashinuvi borasida rasmiy tasdiq ëki inkor ololmadik. Mabodo O‘zbekiston amaldorlari bu iddaolarga munosabat bildirsa ëki rad qilsa, ularga ham minbar beramiz.

O‘zbekiston boshqaruvidagi kadrlar siësatidagi manzara Konfutsiy aytgan «qorong‘u xonada o‘zi yo‘q bo‘lgan qora mushukni qidirish» kabi mavhum va absurd bo‘lib qolmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 march 2017
Mart oyi boshidan qora bozordagi dollar narxining 7500-7700 so‘mgacha ko‘tarilishini o‘zbekistonliklar vahima bilan kuzatishdi. So‘mning cho‘kish sababini ayrimlar, 10 ...
21 december 2015
Marg‘ilonning To‘qimachilar kombinati shaharchasining ko‘pqavatli uylarida yashovchi ikki yuzga yaqin odam gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, ko‘chaga chiqdi. 18 dekabr ...
15 july 2025
Ukrainaga qirg‘in keltirgan rus qo‘mondoni o‘ldirildi. Trampning Putinga munosabati yomonlashdi. Rossiya uchoq tashishga mo‘ljallangan eng yirik kemasidan ajraldi. Ikkilamchi sanktsiyalar ...
7 october 2019
Qamashi tumanidagi 14 va 16-bolalar bog‘chalariga go‘sht o‘rniga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziëevning portretlari berilgan.  Bu ma'lumotni “Eltuz”ga taqdim qilgan ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...