Asosiy mavzular
13 september 2021

Yaqinlari qamalgan qashqadaryolik ayol Turkmanistondan boshpana so‘ramoqda

Eri, qaynatasi va qaynog‘asi qotillikda gumonlanib tergov qilinayotgan, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanining Chandir qishlog‘ida yashovchi Munojat Egamova bunga ularning turkman millatiga mansubligini sabab qilib ko‘rsatmoqda va o‘z yaqinlari bilan birgalikda ijtimoiy tarmoq orqali turkman prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovdan boshpana so‘ramoqda.

Ayni paytda Chandir qishlog‘idagi turkman millatiga mansub aholi vakillari Egamovaning milliy kamsitilishiga oid iddaolari haqiqatdan yiroqligini aytishmoqda.

«Ular turkman bo‘lgani uchun emas, balki qotillikda gumon qilingani uchun tergov qilinmoqda, ayol esa chiqishlarida alamidan, jahl ustida murojaat qilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha tergov ketayotgan ekan. Lekin qishlog‘imizda hech qanday o‘zbek, turkman yoki boshqa millatlarga nisbatan yomon munosabatni sezmaganmiz. Tatar, tojik va boshqa millatlar ham yashaydi o‘zbeklar bilan bir qatorda. Hamma millatlar teng huquqli…», deydi Chandir qishlog‘i shifoxonasi bosh vrachi Sayfullo Sharopov.

Telegramdagi “Pomuq 24” kanaliga fikr bildirgan 73 yoshli Muhammad To‘ymurodov ham ayni hududda turkman va o‘zbeklar ahil yashashlarini bildirgan.

«Yaqinda eshitib qoldim. Qishloqdoshimiz Turkmaniston prezidentiga murojaat qilgan ekan. Biz asli Qashqadaryo viloyati Chandir qishlog‘ida yashaymiz, millatimiz turkman. O‘zbeklar bilan bab-baravar huquqqa egamiz. O‘rtada quda-andachilik aloqalari bor», deydi Egamovaning hamqishlog‘i To‘ymurodov.  

Joriy yilning 8 mayida Jonqul Navro‘zov, uning o‘g‘li Alimardon Allamurodov va Panji Navro‘zov shu qishloqda yashovchi cholu kampirni o‘ldirganlikda gumon qilinib hibsga olingan edi.

Qotillik 2020 yilning 4 oktyabr kuni ro‘y bergan. Shundan so‘ng gumonlanuvchilar hibsga olingan. Ularning yaqinlariga ko‘ra, 23 kun davomida ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgan. 

Munojat Egamovaning aytishicha, eri va qaynotasi aybni bo‘yniga olmagan, qaynog‘asi esa qiynoqlarga dosh bera olmay qilmagan jinoyatiga iqror bo‘lgan. 

Shundan keyin gumonlanuvchilar qo‘yib yuborilgan. Ammo 6 oy o‘tib, Bosh prokuratura tergovchisi qarori bilan qamoqqa olingan.

Munojat Egamova va uning yaqinlari xalqaro tashkilotlarga videomurojaat yo‘llab, bu nohaqliklarga barham berish va Turkmanistondan boshpana olishga yordam so‘rashgan.

Shuningdek, ular videomurojaatlarida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboeva, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova va Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshevning iste'fosini ham talab qilishgan.

Egamovaning iddaosiga ko‘ra, uning eri va qarindoshlarini dalil-isbotsiz qamashgan. Qo‘shnilari qotillik sodir bo‘lgan vaqtda uning eri va qaynog‘asi voqea joyida bo‘lmaganini aytishmoqda. Biroq tergov bu dalillarga e'tibor bermayapti.

Munojat Egamova homilador ekani, eri va qaynatasining qamalishi ortidan uchta bolasi bilan og‘ir ahvolda qolganini ham aytmoqda.

Egamovaning eri va yaqinlariga tergov paytida qiynoqlar qo‘llanilganining rasmiy tasdig‘i «Eltuz»da yo‘q.

Biroq boshqa muammo bor – Qashqadaryo viloyatidagi mahalliy amaldorlar, ichki ishlar, sud va prokuratura xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlariga oid xabarlar juda ko‘p. 

Xususan, o‘tgan avgust oyida esa “Agrobank”ning Qashqadaryo viloyati bo‘limi yuristi sudlarda adolat qolmaganidan shikoyat qilgan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 october 2019
Buyuk Britaniyada huquq himoyachilari-huquqshunoslar jamoasi o‘zbek paxtasiga imtiyozli tariflar qo‘llanishini qayta ko‘rib chiqish talabi bilan sudga murojaat etdi.  Ularning ...
11 january 2021
Haqiqiy islohotlar erkin fikrlovchi va tanqidchilarni tor-mor etish emas, balki ularni rag‘batlantirish va hatto qamrab olish orqali amalga oshiriladi. ...
8 april 2023
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.  Matchon Suqilish: Nichiksizlar mo‘chchi oybika ham xo‘jik ...
23 august 2018
Internetda yosh ayol bilan jinsiy aloqa ustida tasviri olingan  xorazmlik 61 yoshli A.O. ismli shaxs videosi tarqaldi. Voqeadan xabardor ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...