Inson organlari savdosi ortidagi dahshatli haqiqatlar
O‘zbekistonda bolalar va inson organlari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortib bormoqda. Bu haqda «Eltuz» messenjeriga kelayotgan xabarlar hamda boshqa ommaviy axborot vositalaridagi tezkor yangiliklar guvohlik bermoqda. Yaqinda inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhning fosh etilishi mazkur muammoning naqadar jiddiy ekani va huquq-tartibot idoralari, xususan, Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Ichki ishlar vazirligi (IIV) xodimlarining ham nihoyat bu jinoyatlar bo‘yicha o‘z vazifalarini uddalayotganidan dalolat beradi.
Xo‘sh, bunday dahshatli jinoyatlarning avj olishiga olib kelgan asosiy tendentsiyalar va sabablar nimalardan iborat?
O‘zbekistonda odam savdosi, jumladan, bolalar va inson organlari savdosi zamonaviy qullik muammosining bir qismi hisoblanadi. Jinoiy guruhlar odamlarni bu noqonuniy faoliyatga jalb qilish uchun turli usullardan, masalan, aldash, shantaj va majburlashdan foydalanadilar. Eltuz tahlilchilariga ko‘ra, bunday jinoyatlarning ko‘payishiga quyidagi uchta asosiy sabablar turtki bo‘lmoqda:
- Eng asosiy sabab sifatida iqtisodiy qiyinchiliklarni ko‘rsatish mumkin: Kambag‘allik va ishsizlik darajasining yuqoriligi aholi, ayniqsa, qishloq va chekka hududlardagi odamlarni «oson pul topish» haqidagi takliflarga nisbatan zaif qilib qo‘yadi. Ko‘pincha bunday takliflar qopqon bo‘lib chiqadi. Bundan bir necha yillar avval Buxoroda «chet elga ishga jo‘natish» bilan shug‘ullangan shirkatning aslida inson organlari savdosi bilan shug‘ullangani, bu jinoiy faoliyatga hukumat elitasidagi katta amaldorlar, hususan sog‘liqni saqlash, ichki ishlar, mehnat vazirligidagi mulozimlar ham aralashgani fosh qilingan edi.
- Ikkinchi bir asosiy sabab esa mamlakatda avj olayotgan huquqiy savodsizlikdir: Ko‘plab fuqarolar o‘z huquqlarini bilmaydilar va noqonuniy migratsiya yoki shubhali ish takliflari bilan bog‘liq xatarlardan bexabardirlar. Ommaviy axborot vositalari esa odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar haqida xabar bermaslikka harakat yoki bu haqda chop etilgan xabarlarni yo‘q qilishga intilishadi. Yozilmagan ayni qonunlar bois Buxoro odamxo‘rlari haqidagi sensatsiyalarga sabab bo‘lgan materiallarni bugun topish imkoni deyarli yo‘q. Biroq, yopiq saytlar orqali O‘zbekistonda inson organlarini sotish va jarrohlik amaliyotlari narxlari 2500 dollardan 12 million dollargacha ekani haqidagi ma'lumotlarni olish mumkin.
- Bu jinoyatlarning avj olishiga olib kelayotgan yana bir jiddiy sabab korruptsiya: Davlat idoralaridagi korruptsion aloqalar jinoyatchilarning jazosiz qolishiga sabab bo‘lishi va tergov jarayonlarini qiyinlashtirishi mumkin.
O‘zbekistonda inson organlari savdosi ko‘pincha noqonuniy transplantatsiya bilan bog‘liq. Asosan, kambag‘al qatlamdagi donorlar buyrak yoki boshqa organlarini arzon narxga sotishga rozi bo‘ladilar, lekin ko‘pincha bu pul to‘liq to‘lanmaydi. Jinoiy guruhlar ham donorlarni, ham retsipientlarni (organ ko‘chirishga muhtoj bemorlarni) topishda vositachilik qiladilar. Bunday operatsiyalar noqonuniy sharoitda, sanitariya qoidalariga rioya qilinmagan holda amalga oshiriladi, bu esa ham donorlar, ham retsipientlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf soladi.
O‘zbekistonda donor sifatida insonning tana qismlarini ko‘chirib o‘tkazish jarayonlari ba'zan yashirin odam yoki yana ham dahshatlisi bolalar savdosi bilan ham bog‘liq ekanligi aytib kelinadi. Bolalar savdosi bir necha ko‘rinishda namoyon bo‘ladi: Farzandlikka berish, qul qilib sotish, yoki jinsiy ekspluatatsiya uchun sotish.
Birinchi holatda bola boy oilaga farzandlikka berilishi iddaosi bilan kerakli huquqiy jarayonlardan o‘tmasdan noqonuniy ravishda sotiladi. Ko‘pincha bunday holatni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oqlashga urinishadi. Ya'ni kambag‘al oiladi peshanasi oqarmagan bola, boy oilada ro‘shnolik ko‘rib baxtlik bo‘ladi degan ma'noda. Lekin ular tanganing ikkinchi tomonini ko‘rishmaydi, gap noqonuniy odam savdosi haqida ketmoqda. Bu holda bolaning keyingi taqdiri noma'lumligicha qoladi, chunki qonunan bolaga ota onalik huquqining qanday rasmiylashtirilishi mumkinligi haqida bizda ma'lumot yo‘q.
Biroq rasmiylarning so‘nggi xabari huquq-tartibot idoralarining uyushgan jinoyatchilikka qarshi muvofiqlashtirilgan va samarali harakatlar olib borishi mumkinligini ko‘rsatadi. Bu xolatda DXX va IIV xodimlari jinoiy tarmoqlarga kirib borish orqali barcha ishtirokchilarni aniqlash uchun tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishgan. Xususan, inson organi savdosi bilan shug‘ullangan guruhning fosh etilishiga oid xolatda DXX asosiy rol o‘ynagan. Bu, DXXning mamlakat ichida va tashqarisida aloqalari bo‘lgan uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatini aniqlash va oldini olish uchun kengroq vakolat va imkoniyatlarga ega ekanligi bilan ham bog‘liq.
Eltuz O‘zbekistonda bolalar va inson organlari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarga oid xabarlarni yoritishda davom etadi, kanalimizga obuna bo‘ling, video yuzasidan izoxlar qoldiring.
