Singan taqa. Rossiya uchun yadro merosidan kechgan O‘zbekiston va Ukraina
Bundan roppa rosa 30 yil burun O‘zbekiston, Markaziy Osiyo davlatlari va dunyodagi uchinchi yirik yadro arsenaliga ega bo‘lgan Ukraina o‘z yadro qurollaridan voz kechgan edi.
O‘zbekiston deyarli hech bir shartsiz o‘z hududidagi yadro arsenallarini Rossiya ixtiyoriga topshirdi, Ukraina esa Amerika, Angliya va Rossiyaning xavfsizlik kafolati evaziga bu ishni amalga oshirdi.
Bugun Ukraina hukumati liderlari bu qarorni afsus nadomat bilan eslamoqda. Chunki amalda memorandum befoyda qog‘ozga aylandi. Rossiya 2014 va 2022 yillarda uning barcha bandlarini buzdi – aynan kafil bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘sha davlat. Ayni memorandumni imzolagan ikkinchi yirik davlat AQSh prezidenti Tramp esa Rossiyani oqlashga urinmoqda, Zelenskiyga uning qo‘lida «ko‘zir» kartalar yo‘qligini ochiqdan ochiq pisanda qilib uni deyarli kapitulyatsiyaga undayapti.
Garchi dunyoning yirik davlatlari bilan imzolangan hujjatda mamlakat xavfsizligini kafolatlashi, ya'ni chegaralarni hurmat qilish, kuch bilan tahdid qilmaslik va tajovuz bo‘lgan taqdirda BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilish imkoniyati ko‘zlangan edi.
Ukraina esa yadro qurolidan voz kechib, kafolatlangan himoya mexanizmlariga ega bo‘lmadi.
Bugun Budapesht memorandumi xalqaro xavfsizlikdagi asosiy xato sifatida eslanadi. Chunki diplomatik va'dalarga ishonish oqibati mamlakatga qirg‘in yetkazgan o‘n yillik urushga aylandi. Hammasi qanday boshlangan edi?
Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng, dunyo xaritasida paydo bo‘lgan yangi mustaqil davlatlar oldida ulkan strategik muammo – o‘z hududlarida qolgan yadro qurollari arsenaliga nisbatan qanday yo‘l tutish masalasi paydo bo‘ldi. Yirik davlatlar nazdida bu milliy va global yadroviy xavfsizlik rejimini hal qiluvchi vaziyat edi. Eltuzning ushbu tahlili ikki davlat – Ukraina va O‘zbekistonning mazkur murakkab jarayondagi yondashuvlarini tahlil qiladi, ular erishgan natijalar va tanlangan yo‘llar orasidagi parallellar va asosiy farqlarga e'tibor qaratadi.
YaDROVIY MYeROS: FARQLAR VA UMUMIY QADAM
Tarixiy hujjatlarda Ukraina va O‘zbekiston Sovet yadroviy merosini qabul qilishda tubdan farqli pozitsiyalarda bo‘lgani qayd etiladi. Ukraina dunyodagi uchinchi eng katta yadro arsenali (strategik qurollar, ballistik raketalar)ga ega bo‘lgan davlat sifatida ajralib turardi.
O‘zbekiston hududida esa asosan yadro quroli bilan bog‘liq bo‘lgan harbiy bazalar mavjud edi, ammo uning asosiy yadroviy merosi tinch yadroviy portlashlar (TYP) dasturi doirasida, bu portlashlar gaz quduqlaridagi avariyalarni bartaraf etish uchun amalga oshirilgan.
Paradoks shundan iboratki, Markaziy Osiyo hududidan Rossiya tinch yadroviy portlashlar qabilidagi doimiy sinovlarini amalga oshirishda foydalangan. Bu esa turli manbalarda global ekologik halokatlar, jumladan Orol dengizining quritilishiga olib kelgani bildiriladi. Ukraina hududida harbiy soxada qo‘llanilishi ko‘zlangan yadro arsenallari saqlangan.
Ikkala davlat ham mustaqillikning dastlabki yillarida yadro qurolidan voz kechish va Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi Shartnomaga (YQTSh) qo‘shilish yo‘lini tanladi. Bu qaror BMT va xalqaro hamjamiyat tomonidan olqishlandi, chunki u global xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilgani e'tirof etiladi.
SYeMIPLATINSK ShARTNOMASI
O‘zbekistonning yadro qurolidan voz kechish jarayoni nisbatan tez va siyosiy jihatdan kamroq dramatizm bilan kechgani ma'lum. 1992 yil 7 mayda prezident Islom Karimov qarori bilan mamlakat YQTSh ga qo‘shilgan va rasman yadroviy bo‘lmagan davlat maqomini olgan. Hududda joylashgan sobiq Sovet yadroviy kallaklari va strategik ob'ektlar Rossiyaga olib chiqilgan.
Keyinchalik 2006 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan qo‘shilib birgalikda Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zona (MOYQX zona) to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan.
Va bu qaror, mintaqadagi barcha davlatlarning yadroviy xavfsizlikka bo‘lgan umumiy sadoqatini anglatadi, deyilgan rasmiy hujjatlarda.
Demak, O‘zbekiston hech bir qarshiliksiz va evaziga hech narsa so‘ramasdan o‘z hududidagi yadro kallaklarini Rossiya ixtiyoriga bergan, uning tanlagan yo‘li xavfsizlik kafolatlarini shartnoma shaklida emas, balki mintaqaviy hamkorlik doirasida mustahkamlashga qaratilgan edi. Garchi yadro arsenali evaziga o‘z hududida yillar davomida «tinch yadroviy portlashlar» o‘tkazib kelgan Rossiyadan buning oqibatlarini tugatish uchun katta tovon puli undirishi lozim edi.
UKRAINA: BUDAPYeShT MYeMORANDUMI VA XAVFSIZLIK KAFOLATLARI
Markaziy Osiyo davlatlaridan farqli Ukraina o‘zining strategik qurollaridan voz kechish evaziga xalqaro xavfsizlik kafolatlarini talab qildi. Bu jarayon 1994 yil 5 dekabrda imzolangan Budapesht memorandumi bilan yakunlandi.
Asosiy kelishuvda G‘arb davlatlari va Rossiya tomonidan kafolatlangan havfsizlik bitimiga ko‘ra Ukraina yadro arsenalidan voz kechdi.
Kelishuvga ko‘ra kafolat beruvchi davlatlar AQSh, Buyuk Britaniya va Rossiya Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va mavjud chegaralarini hurmat qilishga va ularga qarshi kuch ishlatmaslikka va'da berdi.
Budapesht memorandumi Ukraina uchun xavfsizlik kafolati bo‘lishi kerak edi. Biroq Rossiya Federatsiyasi 2014 yildan boshlab o‘z majburiyatlarini buzib, ushbu xalqaro hujjatning amaliy ahamiyatini chippakka chiqardi. Bu holat, barcha yadroviy qurollardan voz kechgan davlatlarning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ishonchini so‘ndirgan global voqelikka aylandi.
PARALYeLLAR VA XULOSA
Ikkala davlat ham yadroviy merosga ega bo‘lgan va mustaqillikning dastlabki yillarida o‘z ixtiyori bilan yadro qurolidan voz kechgan, YQTSh ga qo‘shilgan. Ular global tinchlik va xavfsizlikni ustuvor vazifa deb bilishgan.
Asosiy farq esa ularning xavfsizlik kafolatlarini mustahkamlash masalasiga yondashuvida.
O‘zbekiston mintaqaviy formatga (MOYQX zona) va umumiy DNYo tartib-qoidalariga tayangan.
Ukraina esa bevosita yirik yadroviy davlatlarning shaxsiy kafolatlariga, Budapesht memorandumi tayanib, oxir-oqibat bu kafolatlar siyosiy inqiroz oldida zaif bo‘lib chiqqanini ko‘rsatdi.
Xulosa qilib aytganda, Ukraina misolida yadroviy arsenaldan voz kechish evaziga berilgan xalqaro kafolatlarning puch qog‘ozga aylanganini ko‘rsatdi, O‘zbekistonning yo‘li esa rasmiy hujjatlarga muhrlanganidek, yadroviy xavfsizlikni ta'minlashda mintaqaviy konsensusga amal qilib, YQTShning asosiy tuzilmalariga sodiq qolganligini anglatdi.
Har ikki holatda ham global miqyosda yadro quroli tarqalmasligini ta'minlash bo‘yicha xalqaro huquqiy mexanizmlarni doimiy ravishda kuchaytirish zarur.
Bir tomonda yadroviy havfsizlik uchun AQSh va Rossiya oldiga shartlar qo‘ygan Ukraina urush girdobiga tortildi, o‘z sadoqatini izhor qilib Rossiya hisobiga o‘z merosidan voz kechgan O‘zbekiston esa teshik tog‘ora, singan taqa va chirigan simyog‘ochlar bilan qoldi.
