Asosiy mavzular
15 november 2016

O‘zbek sayti plastik kartani feleton qildi

O‘zbekiston matbuotida feleton janri deyarli yo‘qolib bo‘lgan, desak yanglishmaymiz. Bosma nashrlardagi bu nuqsonni elektron OAV to‘ldirishga urinyapti, shekilli. So‘nggi vaqtlarda ular bir oz erkin nafas olishga intilayotgani bunga sabab bo‘lsa, ne ajab.

Sof.uz saytida «Hiylai shar'iy» (plastik karta mashmashalariga oid feleton) sarlavhali maqolani o‘qib ko‘nglimizdan shunday fikrlar kechdi.

Feleton G‘afur G‘ulomning bir qahramoni boshqa xotinga uylanish tashvishidan o‘z xotinini emib qo‘yib, unga farzandlik maqomiga erishish orqali qutulgani, Oybekning boy qahramoni esa zakot to‘lash farzini bir kambag‘alga ot-arava ehson qilib, uni bir chaqaga qayta sotib olib ado etgani to‘g‘risidagi hikoyalarga murojaat bilan boshlanadi.

«Shu voqealardan keyin yuz yil o‘tibdi va ularning avlodlariga plastik karta nomli matah joriy qilinibdi. Asli plastik karta bilan qog‘oz pulning qiymati bir xilligi hatto alifbe kitobida ham qayd etib qo‘yilgan ekan. Ammo amalda bir xil emasligini tan olish xuddi Andersen ertagidagi “Qirol yalang‘och-ku!”- deb qichqirishdek hisoblanarkan», deya istehzo bilan davom etadi muallif.

U bugungi kunda O‘zbekiston bozorlarida kichik tovarlarga 2 xil (naqd va plastik karta), kattalariga 3 xil (naqd, pul o‘tkazish va plastik karta) narx mavjudligini aytadi. Masalan, shakar naqd pulga 3600, plastikka 4200 so‘mga sotilishini jamiyat maqbul va lozim o‘laroq qabul qilayotganini ta'kidlaydi.

«Bu zamonda magazinga kirib savdo qilsangiz, “plastikka bo‘lsa, ustiga o‘n foiz qo‘shimchasi bor”, deb aytish urf bo‘pti. Chunki sotuvchi, yanayam aniqrog‘i do‘kon egasi pulini bankdan naqdlashtirolmaydi. Soliqchi esa undan naqd pul so‘rashini qo‘ymaydi», deyiladi feletonda.

Muallif davlat idoralari bu muammoni yechish o‘rniga ko‘zbo‘yamachilikka o‘tib olganiga sha'ma qiladi va «har bir savdo markaziga “plastik uchun ustama olinmaydi”, “kimki plastikka savdo qilishda ustama qo‘ysa, adabini beraman”, degan yozuvlarni ildirib, ishonch telefon raqamigacha yozdirib qo‘ygani»ga e'tiborni qaratadi.

«Virtual pulni bankda to‘liq naqdlashtirish mumkinligiga ishonish uchun ko‘-o‘p sodda bo‘lish kerak. Virtual va naqd orasidagi 10-20 foiz farqni qaysi o‘pqon yutishini izohlagan iqtisodchini esa Shvetsiyada Nobel kutyapti», deydi muallif.

Feletonda ko‘tarilgan muammo bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Ancha vaqtdan beri mavjud. Hatto ba'zi nashrlar yurak yutib bu mavzuni ko‘tarib ham chiqdi. Lekin hukumat uni hal etish uchun yarim qadam ham qo‘yayotgani yo‘q.

Shuning uchun ishbilarmonlar orasida «Bosh vazirning virtual qabulxonasiga yozib ham virtaul pulni naqd qilib bo‘lmaydi», degan istehzoli hazil paydo bo‘lyapti.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 june 2022
Bosh prokuratura tomonidan tibbiyot xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik qilish va ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish maqsadida qonun loyihasi ishlab ...
4 december 2016
4 dekabr kungi saylovda qatnashgan Xalq Demokratik Partiyasidan nomzod Xatamjon Ketmonov saylovda qatnashib o‘ziga ovoz berganini matbuotga aytdi. «Adolat» ...
11 march 2021
11 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tumani sudida bloger Otabek Sattoriy ustidan sud boshlandi. Sattoriy tovlamachilik, tuhmat va ...
23 december 2025
Farg‘ona shahrining, Shakarqishloq mahallasida 29 noyabr kuni soat tongi 04:00 larda 2003 yilda tug‘ilgan fuqaro M.G‘. va 2004 yilda ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...