Asosiy mavzular
16 december 2016

Siyosiy hushyorlik – uzoq yashash sirlaridan biri

«Xalq bilan fikrlashgan odam kam bo‘lmaydi», deya mulohaza qildi «O‘zbekiston ovozi» gazetasi (13.12) saylangan prezident Shavkat Mirziyoevning 2017 yilni «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili», deb e'lon qilish ortidan.

«Mahalliy hokimlarning xalq oldida hisobot berishi, deputatlar va senatorlarning joylardagi muammolarni izchil o‘rganishi odamlarni o‘ylantirib kelayotgan muammolarga yechim topishda, vakillik hokimiyati va ijro hokimiyatining bir-biriga muvofiq holda faoliyat yuritishida, inson manfaatlarining ishonchli himoya qilinishida muhim ahamiyat kasb etadi», deb yozdi gazeta.

O‘zbekiston nashrlari bu haqda ilgari ham xuddi shu so‘zlarni qo‘llagan holda ko‘p va xo‘p yozgan. Lekin xalq o‘z taqdirida bu o‘zgarishlarni his qildimi? Yo‘q, albatta. Unda marhum prezident davridan qolgan bu quruq aravani yana sudrashdan ne naf? Bu teshik tog‘ora haqidagi naqlni eslatmayaptimi sizga?

Garchi yangi prezident hokimiyat xalqdan uzoqlashib ketganini ochiq aytganiga qaramay, gazeta bu haqda ochiq yozish mas'uliyatini o‘z zimmasiga olishni istamagan. Buning o‘rniga muammoning ildizini sovet zamoniga olib borib taqashga uringan.

«Ochig‘i, sovet zamonida xalqimiz osmono‘par shiorlardan, «qizil» gaplarlardan charchab, bezib ketgan. Odamlar hozir aniq vazifa, aniq maqsad, boshqacha aytganda, aniq savolga javob kutyapti», deydi nashr.

Gazeta hokimiyatning xalq bilan yaqinlashuvdan qochganligini sovet zamoniga borib ulaganiga bir sabab bor. Bechora nashr yaqin o‘tmishimizda, Karimov davrida shunday bo‘lganini ochiq ayta olmaydi. Chunki yangi yurtboshi eskisining yo‘lini davom ettiraman, deb aytib qo‘ygan.

Yangining gapiga qarshi gap aytish esa ular uchun o‘lim bilan barobar. Siyosiy hushyorlik uzoq yashash sirlaridan biri, deb biladi gazeta noshirlari.

Buni yaxshi tushunadigan gazeta xalq bilan muloqot qilish zarurati nisbatan amalda yangi prezident davridan anglana boshlaganini xaspo‘shlashga urinadi.

«Oxirgi yillarda mahalliy hokimiyat mutasaddilari bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar bu borada muhim qadam bo‘ldi», deydi gazetada chop etilgan maqola muallifi.

Birodar, marhum prezident xalq bilan muloqotdan chekinib, mavjud hokimiyatning taxtini omonat qilib qo‘ygani uchun yangi rahbarlar shunga majbur bo‘ldi, deb ochiq aytishga kuch qayda bularda?!

«Xalq istagi – ezgu, xalq istagi – haqiqat», deya xulosa qiladi gazeta. Bu gaplarni xalq biladi. Aslida bunday emasligini ham biladi. Mazkur haqiqatni amaldagi hokimiyat ham anglab yetganda edi, biz bugun bu gaplarni yozib o‘tirmagan bo‘lar edik.

Shuningdek, «O‘zbekiston ovozi» Oliy Majlis Senatida «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun muhokamasi to‘g‘risida ham material chop etib, unda XDPdan saylangan deputatlarning fikrini keltirib o‘tgan.

Deputatlar O‘zbekiston shu paytgacha korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi bir qator xalqaro konventsiyalarga qo‘shilganini eslatar ekan, yangi qonun bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga xizmat qilishini ta'kidlagan.

Ammo ular mazkur illat O‘zbekistondagi butun hokimiyat tizimlarini qamrab olgani, uning jamiyatga yetkazayotgan zararini baholash masalasida biror og‘iz gapirishga «iymagan». Bu «iymanuvchanlik» ortidan ularning korruptsiyaga qarshi kurashish borasida biror ish qilishiga ham shubha uyg‘onadi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 january 2016
Ulug‘bek Ashur Eltuz.com 6 yanvar kuni Jizzax shahridagi “Umid A” fermer xo‘jaligi raxbari Alijon Kamolov o‘zini avvaliga militsiya xodimi ...
16 january 2020
O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov shu yilning 10 yanvar kuni “Erk” demokratik partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov boshchiligidagi partiyaning ...
11 september 2018
Rassom KirpiEltuz.com
14 november 2025
Prezident maslahatchisi Ruslan Davletovning ma'lum qilishicha, Buxoro davlat texnika universiteti bugungi kunda jinoyatchilik sodir etilishi bo‘yicha Respublikada ikkinchi o‘rinda. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...