Asosiy mavzular
6 march 2017

Jamshid chiqdi, Yelena kirdi…

Amakisi prezident bo‘lgan O‘zbekistondagi tuzumning tanqidchisiga aylangani ortidan 2006 yil kuzida ruhiy kasallar shifoxonasida bandi etilgan jizzaxlik jurnalist Jamshid Karimov 2017 yil bahorining ilk kuni ozodlikka chiqdi.

Xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoevga nohaqdan ruhiy kasallar shifoxonasida uzoq yillar saqlangan jurnalistni ozod qilgani uchun bildirgan tashakkur va ta'zimnomalari hali matbuot yuzini ko‘rar-ko‘rmas tashvishli bir xabar tarqaldi.

Jurnalist Jamshid Karimov ozod etilgan kuni o‘zbekistonlik taniqli huquqbon, «O‘zbekiston inson huquqlari alyansi» tashkiloti rahbari Yelena Urlaeva Toshkent shahri ruhiy kasalliklar klinikasiga majburiy davolanishga yotqizilgani ma'lum bo‘ldi.

O‘zbekistonni 25 yil boshqargan Islom Karimov mamlakat ichidagi matbuot va so‘z erkinligini qattiq nazorat ostiga oldi va o‘nlab jurnalist, huquqbon va taniqli diniy ulamolarni qamoqda saqladi.

Uydirma ayblovlar bilan hibsga olinib, uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan bu faollar Islom Karimov tuzumi va rivojlangan demokratik dunyo o‘rtasidagi muloqotlarda «barter» ob'ektiga aylandi.

O‘zbekiston rahbari yoki mamlakatning nufuzli delegatsiyasi Yevropaga, Amerikaga safar boshlasa, u yoki bu faol ozod qilinadigan bo‘ldi.

Yevropa yoki amerikalik bironta rahbar O‘zbekistonga tashrif buyuradigan bo‘lsa, uning poyiga biror jurnalist yoki xuquqbonning ozod qilingani xaqidagi xabar poyondoz qilindi.

Diktator o‘lib, uning o‘rniga kelgan Shavkat Mirziyoev ham aynan mana shu yo‘lni tutmoqda.

Faqat uning bu harakatida g‘alati bir detal ko‘zga tashlanyapti: uning farmoni bilan nomdor mahbuslardan biri ozod qilinyapti va uning o‘rniga boshqa bir nomi chiqqan tadbirkor yoki huquqbon hibsga olinyapti.

O‘zbekistondagi birinchi xususiy bank – «Rustambank» sobiq xo‘jayini, 69 yoshli Rustam Usmonov 19 yillik qamoqdan so‘ng shu yilning 13 fevralida ozodlikka chiqdi. Bu voqeaning shov-shuvi bosilmasidan jamoatchilik e'tiborida turgan boshqa bir tadbirkor katta muammoga yo‘liqdi.

15 fevralda Toshkent shahridagi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi tadbirkor Olim Sulaymonovni sud zalining o‘zida hibsga oldi.

Bu tadbirkor o‘tgan yilning 10 oktyabrida Youtube.com portali orqali prezident Shavkat Mirziëevga videoshikoyat yo‘llab, Yunusobod tumani soliq va valyuta jinoyatlariga qarshi kurashish departamenti xodimi Dilshod Hazratqulovni o‘zidan noqonuniy tarzda 30 ming dollar undirishga urinishda ayblagandi.

Tadbirkor talab qilingan mablag‘ni to‘lay olmagani uchun unga qarashli shirkatning hisob raqami muzlatilganini aytib, o‘zining haqligini shaxsan Sh.Mirziyoev yoki televidenie oldida isbotlab berishi mumkinligini va bunday ta'magirliklar boshqa tadbirkorlarga ham bo‘layotganini bildirgandi.

Olim Sulaymonovning Youtube tarmog‘idagi bu dadil murojaati qisqa muddatda yuz minglab foydalanuvchi tomonidan tomosha qilindi va jamoatchilik orasida qizg‘in bahslarni qo‘zg‘adi.

Yangi prezidentning katta yig‘indagi «ikki ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshida ko‘tarishi» va'dasi ortidan, «mana endi tadbirkorlik rivojlanadi», deganlar ko‘paydi.

Biroq prezidentning aynan shu gapidan so‘ng tadbirkorlarga bosim kuchaygani sezildi.

Xususan, 200 ish o‘rni yaratib, muzqaymoq va tort ishlab chiqarish bilan vodiy ahli tiliga tushgan andijonlik tadbirkor, «Magnit» firmasi rahbari Rafiqjon Isroilovning biznesi to‘xtatildi va o‘zi mahkamaga tortildi.

Tadbirkorlarning boshi qotdi. «Mirziyoev tadbirkorlarning do‘stimi yo dushmani?» dedi ular o‘zaro suhbatlarda.

Ularning bu savoliga tez orada javob berildi. Yuqoridagi misollardir bu savolga javoblar.

O‘zbekistonning yangi saylangan prezidenti janob Mirziyoev esa ustozi diktator Islom Karimovdan ham o‘zib ketgan shogird ekanini isbotlayapti.

U mamlakat qamoqxonalarida qolayotgan jurnalistlar, huquqbonlar va diniy sabablar bilan jazoga tortilganlar aslida garovga olingan baxtiqarolar ekani haqida dunyo hamjamiyatiga mujda beryapti. YeXHT, BMT shoxida yuryapti, Shavkat Mirziyoev esa bargida yo‘rg‘alayapti.

Rustamni chiqardi, Olimni olib kirdi… Jamshidni chiqardi, Yelenani opkirdi…

Navbatdagi kim?

Ulugbek Ashur,
jurnalist, Kanada

Tag‘in o‘qing
2 february 2021
«Eltuz» shoir va muxolifatchi Muhammad Solihning yangi badiiy asari, falsafiy esse formatida yozilgan – «Imperativ» kitobining audioversiyasini taqdim qiladi. ...
23 september 2020
Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi 13-maktab direktori, 47 yashar Nurbek Turdievning jasadi 31 avgust kuni maktab hojatxonasida osig‘liq holda topildi. ...
29 april 2023
27 aprel kuni Iroqdagi “Rosafa” qamoqxonasida saqlanayotgan 44 nafar o‘zbekistonlik mahkuma ayollar O‘zbekiton Prezidenti Shavkat Mirziyoevga ularni yurtiga qaytarish ...
6 july 2016
30 yashar O‘zbekiston vatandoshi Munisa Oyxo‘jaeva Turkiyaga kelguniga qadar 128 kilo tosh bosgan edi. Semizlikni hastalik deb bilgan Munisa ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...