Asosiy mavzular
10 november 2025

Baxtiyor Iso endi jim. Endi sizga aybdor ham kerak emas

Baxtiyor Iso o‘ldi. Tabriklayman. Endi u hech qaerga ish so‘rab bormaydi. Endi uni ishga olmaslik uchun ortiq bahona to‘qish shart emas. Endi uning nomini yashirishning hojati yo‘q, aslo. Toki o‘zi bu dunyodan yashirindi. Endi uni «o‘chirish» shart emas. Butun umrga jim bo‘ldi. Endi unga ayg‘oqchi ham yollamay qo‘yavering, ortiq «to‘polon» qilmaydi-ku. Essiz ishsiz qoladigan bo‘ldida ayg‘oqchingiz ham. Endi u siz haqingizda, qo‘rqoqligingiz va ablahligingiz haqida guvohlik berolmaydi. Tabriklayman sizni. Biroq siz g‘olib emassiz. Baxtiyor Iso doim o‘zini g‘olib hisoblab yashadi. Oddiygina, ming qiynalib, ming azob bilan yashasada mag‘rur yashadi. Hech kimga paxta qo‘ymay, egilmay yashadi u.

Baxtiyor Isodan til haqidagi intervyuga chaqirganimda metroda kelgandi. Eski, odmigina bosh kiyimi va portfelini g‘ijimlagancha. Ustoz o‘zbek tilini davlat tili darajasiga ko‘targan shaxs edi. U o‘z xalqi uchun kurashgan qahramon edi. Ammo bu qahramon xalqi uchun qanchalik kurashgan bo‘lsa, unga qarshi shu xalqidagilar shunchalik kurashgandi. Mohir professor ishlardan urila-urila, kun ko‘rolmadi. Biron dargoh o‘z eshigini ochmadi unga. Sarson bo‘ldi lekin, yashashda davom etdi.

U va uning safdoshlaridan olgan intervyuyim bekor bo‘lgach va qayta olishimga to‘g‘ri kelganda ming hijolat bilan qo‘ng‘iroq qildim:

– Qizim, yoshsan. Bizdek yashash osonmas. Chiday olasanmikan? Bizni chiqarib nima qilasan? Bizni o‘z davrimizda ko‘rgan, bilgan odamlar tan olmaydiyu hozirgi avlod bilarmidi?

Men baribir shu intervyuni oldim va til kurashchisi Baxtiyor Isodan so‘radim:

– Afsuslanasizmi hech?

– yo‘q!

– Nega?

– Bugun o‘zbek tilida gapirayotganning har biri bizning yutug‘imiz.

G‘olibona, mag‘rurona o‘lim muborak ustoz! Sizga Jannatni tilamayman, zero Xudoning o‘zi pok qalbingiz va mard umringizni munosib siylagay.

Hulkar Umarova

Tag‘in o‘qing
15 march 2021
Ichki ishlar vazirligi ikki oy ichida 24 milliard so‘mga mahbus tashuvchi 50 ta transport vositasi – avtozak sotib olgani ...
6 may 2025
Yaqinda o‘zbek ommaviy axborot vositalarida AQSh mulozimi Ilon Maskni nima kuldirgani haqida xabar tarqaldi. Go‘yoki Ilon aka AQSh paxta ...
3 january 2017
Qorasuvlik Yaxë Mashrabov Bishkekka uchib keldi, uni so‘roq qilgan qirg‘iz rasmiylari Mashrabovning terrorga aloqasi yo‘qligini aytishdi. Qirg‘izistonlik bundan ilgari ...
15 may 2018
Mirziyoevga «O‘zbekiston qahramoni» unvoni berish haqida ijtimoiy portalga qo‘yilgan Ibrohim Norovning taklifini 14 may kuni birdaniga bir necha o‘zbek ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...