Asosiy mavzular
17 january 2026

«Vodiyda o‘lish taqiqlangan» 16-qism

Muhammad Solih

KARIMOVGA «YaShIL XAT»

1995 yil mart oyi oxirida Olmon Parlamentidagi «Yashillar partiyasi» fraktsiyasi rahbarlaridan biri asli turk bo‘lgan Jam O‘zdemir(Cem Özdemir) bilan ko‘rishdim va aprel oyida O‘zbekistonga ketayotagan Olmon prezidentiga u yerdagi siyosiy repressiyalarga qarshi bir gap aytishini iltimos qildim

O‘zdemir bu iltimosimni rad etmay, Olmon Prezidentiga quyidagi maktubni yozdi:

Muhtaram Prezident Doktor Roman Xertsog

10 aprel kuni O‘zbekistonga ziyorat qilayotgan ekansiz. Bu ziyoratingizda sizga muvaffaqiyatlar tilayarak, bir rijoimni arz etmoqchiman: u yerdagi siyosiy rejim qarshi bo‘lgan inson haqlari himoyachilari uchun, erkin fikr uchun va qamoqdagi «ERK» Demokratik partiyasi a'zolarining ozodlikka chiqishi uchun lozim bo‘lgan sa'y-harakatlarni ko‘rsatishingizni tilayman.

Hurmatlar bilan

Jam O‘zdemir (Cem Özdemir)

06.04.1995

Prezident Xertsogning maktubda aytilgan masalani ko‘targanligi va buning o‘zbek diktatoriga yoqmaganligi bizga ma'lum.

Ha, u paytlarda G‘arb siyosatchilari Markaziy Osiyo diktatorlariga nisbatan ancha qat'iy pozitsiyadan turib gaplashar edilar. Demokratik qadriyatlarni himoya qilishda bugungidan ancha hassos va samimiy edilar.

Afsus, bugun G‘arbda «realpolitika» qoidalari ularning siyosatida ustun kelmoqda. Ovrupolik liderlar Osiyolik diktatorlar bilan deyarli apoq-chapoqdirlar.

Umimiyat-la 1994 yil kuz oyidan 1996 yil iyul oyigacha istiqomat qilganim Olmoniyada siyosiy faoliyatim faol kechdi. Bu bosqich menga O‘zbekistondagi siyosiy vaziyatni dunyo jamoatchiligiga ko‘proq tanitish imkonini berdi.

KARIMOVNING O‘ZBYeKISTONGA QAYTIShNI TAKLIF QILGAN «MUXOLIFATI»

1995 yil sentyabr oyida O‘zbek diktatori Karimov «Svoboda» radiosiga intervyu berdi. Radio xodimining e'tirofiga ko‘ra xorijiy jurnalistlar bilan muloqot qilishni yoqtirmaydigan Karimov bu gal ular bilan roppa-rosa 3 soatu 45 daqiqa suhbat qilgan. U hammani hayron qoldirib, «totalitarizm tugadi, nahotki buni tushunmaysizlar?», deya hayqirdi.

«Svoboda» muxbirlari ham bundan ilhomlanib suhbatga «Avtoritarizm diktaturaga aylanmaydi»deb sarlavha qo‘ydi.

Uning bu uzun suhbatidan bizga taalluqli qismiga o‘taylik. «Svoboda» muxbiri Karimovdan o‘zbek muxolifati haqida fikr so‘raydi, uning javobi so‘zma-so‘z shunday: «Mening «Birlik» harakati asoschilari bo‘lgan Abdurahim Po‘latov va Abdumannob Po‘latovlarga hech qanday g‘arazim yo‘q. Marhamat, ular bemalol O‘zbekistonga qaytib, «Birlik» harakatini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin».

Haqiqatan ham, bu bayonotdan so‘ng Abdurahimning ukasi Abumannob Po‘latov Karimov buyurganday «bemalol» Toshkentdan qaytib, bugun Abdurahmon Tashanov boshqarayotgan «Ezgulik» tashkilotini tuzib, ro‘yxatdan o‘tkazib keldi.

Bugun ham “Birlik” raisdoshi Po‘lat Oxunov Karimov buyurganday «bemalol» O‘zbekistonga borib, Andijondagi imoratlarini ta'mirlab, Shvetsiyadan kelib-ketib yuribdi. Albatta, ayni zamonda u xoinlik badalini ham to‘lab turibdi. Masalan, 2021 yilda P.Oxunov «Ozodlik» radiosida rejim dushmani M.Solihga qarshi 30 soniyalik hujumi uchun Mirziyoev rejimi davlat gazetasida Oxunov o‘g‘lining bir sahifalik reklamasini chop etdi.

Nega 1996 yilda Abdumannob Po‘latov Karimov buyurganiday «Birlik«ni ro‘yxatdan o‘tkazmadi, degan savol tug‘ilishi mumkin.

Chunki bu aka-ukalarning xoinligini butun muxolifat bilar va qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan qo‘g‘irchoq tashkilotga hech kim kirmasligini bilardi. Chunki u paytda kuchli zulmga qaramay insonlarimizda kimning xoin, kimning vatansevar ekanligini yaxshi bilardi. Bugungiday xoinlar hukumatdan ham uy, mashina olib, ham muxolif bo‘lib ko‘rina olmasdilar. U zamonlar o‘zbek jamiyati bugungi qadar ko‘r va sag‘irga aylanmagandi.

Yana Karimovning suhbatidan iqtibos: «Erk” partiyasi Muhammad Solihga kelsak, bu yerda masala sal boshqacharoq. Uning partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqida so‘z ham bo‘lishi mumkin emas… Bu partiya hali to‘la shakllanmasdan turib, uning raisi janob Solih davlat tuzumini o‘zgartirishda harbiy kuch ishlatish usulini ham inkor etmasligini tinmay takrorlar edi. Masalan, u bir kuni menga shunday dedi: «Men istagan paytda 20 ming talabani Toshkent maydonlariga chiqarishim mumkin«. Men nima sabab bilan chiqarasiz, desam, u «bizning naqadar tezkor ekanimizni ko‘rsatish uchun, deb javob berdi«.

Originalda shunday:

«Daje v zachatochnыy period partii bыlo mnogo zayavleniy, kotorыe govorili o tom chto gospodin Salix ne otritsaet voennыx metodov borbы so suщestvyuщim rejimom, pravitelstvom i vlasti. Naprimer on mne odnajdы skazal: «Ya v lyuboy moment mogu vыstavit 20 tыsyach molodыx lyudey studentov na ploщad Tashkenta». A ya govoryu: A po kakomu povodu? Nu, eto vrode bы dlya togo chtobы pokazat chto mы segodnya mobilnы..»

Bu Karimovning erkin matbuotga bergan balki so‘nggi intervyusi edi.

BYeRLIN ZIYoRATI

1995 yil 16 noyabrda Berlinda gurji yozuvchisi Givi Margilashvili bilan uchrashdik. Ijod va siyosat haqda suhbatlashdik. Givi bizga kompliment bo‘lsin deb «Platon deganiday dunyoni shoir va faylasuflar boshqarishi kerak» degan gapini hayqirdi.

Tushdan keyin mashhur davlatshunos olim Rudolf Baro bilan ko‘rishdik. Suhbatimiz davlatchilikda axloq va dinning tutgan o‘rni degan mavzuda kechdi. Afsuski, bu suhbatlarimiz biz tarafdan qayd etilmadi, ko‘p qiziq gaplar aytgandik badiha formatida.

17-noyabr kuni adabiyot salonlaridan birida matbuot konferentsiyasi o‘tkazdik. «Frankfurter Rundshau«, «TATS» kabi gazeta muxbirlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

18-noyabr kuni Olmon Parlamentining «Yashillar guruhi» fraktsiyasiga brifing berib, O‘zbekistondagi siyosiy ahvol va  inson haqlari jabhasidagi vaziyatni aytib berdim. Deputatlarning savollariga javob berdim.

Bu masalalarga 1995 yil oxirida Mustaqillik yillarida yozilgan dolzarb mavzulardagi maqola va mushohadalarni qamragan «Iqror» kitobida kengroq tegingan edim.

Istanbulda arzon muqova va arzon navli qog‘ozda nashrdan chiqqan o‘sha kitobning muqovasi:

Bu kitobdan bir necha nusxa Toshkentga ham yetib borganini eshitib, xuddi vatanga o‘zim borib kelganday bo‘ldim.

Uning aks-sadosi ham darrov eshitildi. O‘sha paytdagi O‘zbekistonning Anqaradagi buyuk elchisi Ubaydulloh Abdurazzoq bizning Turkiyadagi do‘stlardan biriga telefon qilib «M.Solihni hurmat qilaman, ammo bu yerda chiqqan kitobi yana anovining jinnisini chiqaribdi, iltimos, ehtiyot bo‘lsin» deganini ham menga yetkazishdi.

ONAMNING VAFOTI

1996 yil fevralda, Ramazon oyida onam Oqila Qalandar qizi vafot etdi. Uzoq xastalanmadi. Kelinlarning aytishicha, «menga bir narsa bo‘lyapti, astag‘firulloh, astag‘firulloh», deb yotoqqa yotgan va jon bergan.

Robbim uning gunohlarini kechirsin, deya duo etdim. Uning janozasiga borolmaganim uchun qattiq iztirob chekdim.

O‘limidan uch kun oldin telefonda gaplashgan edim. Ovozi juda tetik edi. Nega menga «sizlab» gapirayapsan deb mendan xafa bo‘lgandi. Men bolaligimdan onamga «sen» deb gapirishga o‘rgangan edim. Tung‘ich o‘g‘il bo‘lganim uchun erka o‘stirishgan. Ukalarimning hammasi onamga «siz» derdi, ammo men go‘daklikdan o‘rganganim «sen» deyishga davom etgandim. Faqat muhojirotda onamga «sen»lab gapirishdan uyaladigan ruhiy holatga tushdim va «siz»lab murojaat qildim.

Onam bunga juda xafa bo‘ldi. U meni o‘zidan begonsiraganday his qildi, «na manga siz deysan, bolam?», deb yig‘ladi.

Mening ham ko‘zim namlandi, ammo baribir «sen» deyaolmadim volidamga.

1993 yildan 1995 yilgacha mening chet elga chiqib ketganimni unga bildirishmagan. Oilamizdagi kelinlardan birining aytishicha, ikki yil davomida deyarli har kuni «Solijonim keladi» deb darvozamizning oldiga chiqib o‘tirgan. «Quyoshda o‘tiraverib oppoq yuzli onam qorayib ketdi», deydi kelin.

Shunday onani so‘nggi yo‘lga kuzatish menga nasib bo‘lmadi. Alloh g‘ani- g‘ani rahmat aylasin onamning ruhiga… 

Tag‘in o‘qing
25 october 2015
Bugun dunyo matbuoti Rossiya migratsiya xizmati va politsiyasi ushlagan tojik oilasining olib qo‘yilgan besh oylik emizikli bolasi Umarali Nazarov ...
23 march 2016
Vazirlik vakilining aytishicha, ish beruvchi xodimdan uning xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarning bajarilishini talab qilish huquqiga ega emas. Bundan tashqari, ...
15 april 2016
“Konstitutsion tuzumga tajovuz”, “Qo‘poruvchilik”, “Ta'qiqlangan tashkilotlar tuzish va ularga a'zolik” kabi bir biridan vaximali moddalar bilan ayblangan “Aramais va ...
16 february 2021
Prezident Shavkat Mirziyoev yoshlarni ish bilan ta'minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish vazifasi Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirilganini joriy ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...