Asosiy mavzular
23 april 2018

Toshkentda o‘quvchilardan turniket uchun pul yig‘ilmoqda

Ayni kunlarda Toshkentdagi umumta'lim maktablarida turniket o‘rnatish keng ko‘lamda, aksariyat hollarda majburiy tarzda boshlab yuborilgan.

Xabarlarga ko‘ra, maktablarga turniket o‘rnatish joylardagi hokimlarning maxsus buyruqlari asosida amalga oshirilmoqda. Bu buyruqlar chiqarilishiga O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qalqon vazifasini o‘tamoqda.

Maktablarda ota-onalar majlislari o‘tkazilib, ularga tushuntirishlar berilayotir. Garchi maktab direktorlari turniket o‘rnatilishiga hech qanday aloqalari yo‘qligini aytayotgan bo‘lsa-da, bu masala ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lyapti.

Noroziliklarning asosiy sababi shunday ham yig‘di-yig‘dilardan bezigan ota-onalarga yana mablag‘ yig‘ish malol kelayotganidir.

Turniket o‘rnatish tekin deyilayotgan bo‘lsa-da, undan o‘tish uchun foydalaniladigan elektron karta uchun ulardan 15 ming so‘mdan (ba'zi joylarda 10 ming so‘mdan) bir martalik pul yig‘ish buyurilgan. Undan keyin esa har oyda 8 ming so‘mdan abonent to‘lovi mavjud.

Shundan ham maktab fondi, ta'mirlash puli, yana allaqanday yig‘di-yig‘dilar joniga tekkan ota-onalarning aksariyati bundan keskin norozi. Lekin hamma ham dardini oshkor etishga jur'at etayotgani yo‘q.

Turniket ishlaganda ota-onalarga SMS keladimi?

Turniketlarni o‘rnatayotgan firmalar esa undan asosiy maqsad ota-onalarga ko‘maklashish, o‘quvchilarning davomat masalasi hisoblanishini, bu xizmat majburiy bo‘lmagan, pulli va sifati yuqoriligini aytayotir.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, bola maktabga kirganida va chiqqanida bu haqda ota-onaning telefon raqamiga SMS keladi va shu orqali uni nazorat qilish mumkin bo‘ladi.

Biroq aslida unday emasga o‘xshaydi. O‘g‘li bir yillar avval shu zamonaviy xizmat joriy etilgan maktabda o‘qiydigan otaning aytishicha, turniket bir ishlaydi, bir ishlamay qoladi. SMS esa kelsa ham kechqurun keladi yoki umuman kelmaydi.

Bundan tashqari, maktabda o‘quvchi ko‘p bo‘lgani sababli turniketdan o‘tishda tiqilinch yuzaga keladi va o‘quvchilar erkin yo‘lakdan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, maktabning turniketsiz ham o‘tsa bo‘ladigan yo‘laklari bisyor…

Endi turniket o‘rnatishdagi suiiste'molliklarni ham ko‘rib chiqsak. Biz o‘rtacha 1500 o‘quvchi o‘qiydigan maktab misolida ko‘rib chiqamiz. Toshkentda bundan ko‘p va kam o‘quvchi o‘qiydigan maktablar ham bor.

Oldi-sotdi e'lonlariga ixtisoslashgan glotr.uz saytida turniketlarning narxi 2 million so‘mdan boshlanadi. Maktabda 5 ta turniket o‘rnatilishi kerak bo‘lsa, uning narxi 10 million so‘m bo‘lishi kerak.

Lekin maktabda 1,5 mingdan ko‘p o‘quvchi o‘qiydi. Aslida elektron kartaga deb aytilayotgan bo‘lsa-da, har biridan 15 ming so‘mdan yig‘ilmoqda. 1,5 mingni 15 mingga ko‘paytirsangiz, 22,5 million so‘m chiqmoqda.

Bu yerda savollar kelib chiqadi. Nima uchun maktabga o‘rnatiladigan turniketlar pulini ota-onalar to‘lashi kerak? Agar turniket maktab hisobidan o‘rnatilayotgan bo‘lsa, unda har bir elektron karta uchun 15 ming so‘m, abonent pulini 8 ming so‘mdan qilib kim belgilagan?

Bu savollarga javob izlaganingiz sari korruptsiyaning hidi kuchayib boraveradi.

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 january 2016
Boz ustiga elektr toki va gaz ta'minotidagi uzilishlar bois shifoxonalardagi ahvol og‘irlashib borayotgani tilga olinmoqda. Rassom Elsevar o‘zbek kasalxonalaridagi ...
15 january 2018
Prezident Mirziyoev 10 yanvar kuni o‘zbek elchilari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida elchixona xodimlari ortidan poylab yuradigan «murda»larni qaytarib olishini aytdi. ...
17 november 2023
Kuz keldi, gullar hazon. Daraxtlar bargini to‘kib sovuq qishga hozirlanmoqda. Qashqadarëdagi ayiqlar dehqonobodliklardan ancha tepadagi g‘orlarga kirib, qish uyqusiga hozirlanmoqda. ...
21 january 2026
Xalqaro quchoqlashish kuni (International Hug Day) — bu shunchaki ramziy bayram emas, balki inson salomatligi va ruhiyatiga ijobiy ta'sir ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...