Asosiy mavzular
24 september 2018

Majburiy-ixtiyoriy ravishdagi paxta terimi

So‘nggi kunlarda O‘zbekistondagi paxta yig‘im-terim mavsumiga oid turli OAVlarda e'lon qilinayotgan xabarlar mamlakatda majburiy mehnat alomatlari kuchayib borayotganidan darak bermoqda.

“Eltuz”ga ma'lum bo‘lishicha, yaqinda Xalq bankining janubiy viloyatlardagi filiallari xodimlari majburiy-ixtiyoriy ravishda paxta terimiga jo‘natilgan.

“Boshlig‘imiz hammani yig‘ib, kimlar paxtaga ketishini aytdi. Hech kim rad eta olgani yo‘q. Chunki bormayman desa, keyin bankda ishlamaydi. “O‘zimiz ixtiyoriy chiqqanmiz, deysizlar kim so‘rasa ham. Bankning nomini tilga olmanglar, deb tayinlashdi”, dedi bank xodimlaridan biri “Eltuz” bilan suhbatda.

Bunday xabarlar Buxoro, Qoraqalpog‘iston, vodiy viloyatlaridan ham olinmoqda. Demakki, majburiy mehnatning ko‘lami bu yil ham yetarlicha keng.

Holbuki, hukumat joriy yilda paxta faqat ko‘ngillilar va fermerlarning kuchi evaziga yig‘ib-terib olinishini ma'lum qilgan edi.

Qolaversa, ta'lim va tibbiyot sohasi xodimlarini majburiy ravishda paxta terimiga jalb etish qat'iy taqiqlanib, buning uchun mutasaddilarga nisbatan javobgarlik kuchaytirilishi bildirilgandi.

Ammo yuqoridagi kabi ko‘plab xabarlar hukumat hozircha o‘z va'dalarining faqat ta'lim va tibbiyot xodimlariga taalluqli qismini bajarib (shubhasiz, bu ijobiy holatdir), boshqa byudjet tashkilotlari va tadbirkorlik sub'ektlari ishchi-xizmatchilarini majburiy mehnatga jalb etishda bardavom ekanidan darak bermoqda.

Bu yilgi mavsumda mahalliy OAVda “uyushmagan yoshlar”, “qo‘shimcha daromad olish imkoniyati”, “terim otryadlari” kabi so‘zlar paxta terimi haqidagi maqola, ko‘rsatuv va eshittirishlarda eng ko‘p qo‘llanilayotgan iboralardir.

Hokimiyat vakillari paxta terimiga majburiy jalb qilish xatti-harakatlarini shu tarzda yashirishga urinayotgandek taassurot uyg‘onmoqda.

Har yilgidan farqli o‘laroq, joriy yilda aholini terimga jalb etishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari bu yil juda avjida.

Hatto O‘zbekiston televideniesida aholini paxta terimiga chorlovchi reklama roliklari ham muntazam namoyish etilmoqda. Bu roliklarda aholisi zich hududlardagi yashovchilar “ixtiyoriy ravishda” Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga paxta terimiga chorlanyapti.

Reklama roligida bu hududlarda hasharchilarga terimning birinchi bosqichida har bir kilogramm paxta uchun 950 so‘m, ikkinchi bosqichida 1150 so‘m, uchinchi bosqichida 1300 so‘mdan haq to‘lanishi aytilayotir.

Rolikda kuniga 70 kg dan paxta terganlar 40 kun davomida 2 million 600 ming so‘mdan ortiqroq daromad olishi va'da qilinayotir.  

Shuncha targ‘ibot-tashviqotga qaramay, hokimiyat organlari baribir byudjet tashkilotlari va tadbirkorlik sub'ektlarini paxta terimiga majburlayotganidan ko‘rinadiki, ko‘ngillilar dalalarga chiqishga shoshilayotgani yo‘q.

Joriy yilda majburiy mehnat ko‘lami o‘tgan yillardagidan qanchalik farq qiladi, buni yaqinda bilib olish mumkin bo‘ladi.

Chunki paxta mavsumi bu yil ancha kech boshlandi va u endigina eng qizg‘in pallasiga kirib bormoqda.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 december 2022
(Nullum crimen, nulla poena sine lege) Davlatning kuch ishlatar tizimlari qarshisida shaxsning qadr qadr-qimmatini muhofaza qilishning eng muhim vositasi ...
1 november 2015
Qudrat Bobojon Eltuz.com Jurnalist Maloxat Eshonqulovaning faoliyati tufayli endi uning bo‘lg‘usi qudalariga bosim ko‘rsatilayotgani haqidagi gaplarni eshitib, har qanday ...
27 march 2017
Bahor dunyoning turli nuqtalarida turlicha keladi. Chunki bahorni hamma o‘zgacha talqin qiladi, o‘z bilganigacha ta'riflaydi. O‘zbekistonning bosma nashrlari ham ...
23 october 2020
Gulnora Karimovaning qizi Imon o‘zining feysbuk sahifasida 22 oktyabr kuni yozishicha, Zangiotadagi 21-koloniyada saqlanayotgan onasining sog‘lig‘i ancha yomonlashgan va unga ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...