Audio-kitob
26 may 2022

Imperativ-51. O‘lim haqida

(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 51-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan)

«O‘limni o‘ylash payti kelmadimi?» savol kamina uchun juda xususiy savol bo‘ldi. 70yillarda, talabaligimda har kuni ertalab turib, dushda cho‘milardim. Dushdan chiqib, kiyina boshlar ekan, ich kiyimimning naqadar tozaligini tekshirardim. Bu taftishning sababi nihoyatda jo‘n edi: Bugun to‘satdan ko‘chada halok bo‘lsam, avtohaalokat va yoki ko‘cha bezorilari bilan mushtlashuvda o‘ldirilsam, jasadimni morgga olib borib, tekshirganlar ichki kiyimimni ko‘rib, jirkanmasligi
uchun bu kiyimning toza bo‘lishini istardim.
Shuurimdagi bu «protsedura» har kuni ertalab avtomatik ravishda sodir bo‘lardi. Bu «protsedura» bugun ham aynan davom etmakda. Farqi: avval jasadimning toza bo‘lishi xaqida qayg‘urgan bo‘lsam, bugun bu qayg‘uga ruhimning, iymonimning tozaligi qayg‘usi ilova qilindi. Buning diniy inonch bilan aloqasi yo‘qligini bilaman.Chunki bu ruhiy hol hayotimga nufuz etganida hali boshim sajdaga kelmagandi.
Buyuklarimiz o‘limni eslab turing deb doim maslahat berishgan. Buning bir nafs tarbiyasining yo‘llaridan bittasi ekanini nazariy jihatdan bilardim. Ammo islom dinining tamallari va tasavufni o‘rganganimdan keyingina buning botindagi bir ma'naviy jarayon ekanligini idrok etaboshladim.
Ona rahmi(bachadon)ni Allohu Taolo inson zoti uchun jannat misolida yaratdi. U yerda butun sharoit bor. Shuning uchun ham rahimdan chiqar ekan, bola yig‘lab chiqadi. U yerni tark etgisi kelmaydi. Xuddi Odam bilan Havvo jannatni tark etishni istamaganlari kabi, yerga indirilganda yig‘laganlari kabi, bola ham tug‘ilar ekan, faryod etib yig‘laydi. Men ham bu dunyoga butun insonlar kabi yig‘lab keldim.
Orzuim bu dunyodan tabassum bilan ketishdir. Bu ozchilikka nasib qilgan qismatdir. Allohdan shu ozchilikka nasib qilgan taqdirni istayman. Tilida Allohni sevaman deb, bu dunyodan ayrilishni istamay, yig‘lash Yaratganga nisbatan nosamimiylik bo‘ladi. Bu xil samimiyatsizlikdan Allohga sig‘inaman.
Dunyodan tabassum bilan ayrilish orzusi bundan 40 yil oldin ham bor edi:

SYeNYeKA

Qurb,
Kuch emas,
Qurb, deyapman sizga.
Hamma farzandini erkalar, Men seni erkalarman, qurb. Kimki istar ekan, Allalasin xudbinligini,
Boshini silasin o‘z qudratining,
Men qurbga allalar aytarman faqat, Barcha balolardan asrarman uni.
Toki, so‘nggi balo kelganda,
Bir masrur tabassum,
Bir ozod tabassum suratin
Quruq lablarimga chiza olsin qurb!… (1980)
*Seneka qadimgi Rim shoir va faylasufi
O‘limdan emas, o‘limdan qo‘rqishdan qo‘rqaman. O‘lim qo‘rqusi dunyoga sevgidir.
O‘lim qo‘rqusi u dunyoning bunisindan afzal ekanini gumon ostiga olmoqdir.
Bu yana Payg‘ambar(s.a.v)ning «Insonlar uyqudadir, o‘lganda uyg‘onurlar» hikmatiga inonmaslikdir. Bu «Dunyo hayoti uyqudir» metaforasi inson zotini dahshatga soladigan miqyosdagi ochiqlama. Balki, har kimni emas, ammo tafakkur sohiblarini bu dunyoning uyqu ekani, illyuziya ekani mubolag‘asiz dahshatga soladi.
Ammo bu uyquning, bu sarobning qiymatini bu uyqudan uyg‘onganimizda bilajagimizni ham idrok etamiz. Yaratgan bizga bu uyquni nazorat etish qobiliyatini berdi. U qadarki, hatto ba'zilar bu uyquni to‘xtatib, istagani onda uyg‘onaoladilar. Ular bu uyqudagi hayotini o‘z ixtiyori bilan tamomlashlari mumkin.
Bu yerda o‘z joniga qasd qilganlar nazarda tutilmoqda.
Bizning inonchimizda bu yo‘sinda uyg‘onganlar jahannamda uyg‘onurlar.
Chunki, bunday harakat nafsimizni yaratgan Zotga isyondir.
Shunday ekan, men bu uyqudan uyg‘onish emas, uyg‘otilishga hozirman.
O‘limni o‘ylayman, uyg‘onishimni o‘ylayman. Tong otib, ko‘zlarini ochganda uni go‘zal bir sa-
yohat kutib turganini eslab, quvonchga to‘lgan odam kabi uyg‘onmoqni orzu etaman.

(Davomi bor)

Muhammad Solih

Tag‘in o‘qing
8 november 2018
Bu yilgi paxta mavsumida Farg‘ona vodiysida ZAGSdan o‘tmoqchi bo‘lgan yosh kelin-kuyovlardan paxta terib berish talab qilinmoqda. Dang‘aralik yosh kelin-kuyovlardan ...
8 march 2019
​​Jallod deganda boshiga qop kiydirilib, kundaga qo‘yilgan kallani oybolta bilan chopadigan baquvvat odamni tushunishadi odatda. Lekin aslida vaziyat biroz ...
9 september 2021
6 centyabrdan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yili boshlandi. Ayni paytda viloyatlardan poytaxtga kelib o‘qiyotgan talabalar uchun turar-joy ...
18 january 2023
Rassom Tuz @eltuz
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...