Asosiy mavzular
16 october 2017

Eshagidan tushovi qimmat «hashar»

Har dam olish kunlari Toshkentdagi turli vazirliklar, davlat qo‘mitalari, son-sanoqsiz byudjet tashkilotlar oldi erta tongdan gavjum bo‘ladi.

Go‘yoki hukumat majburiy mehnatga «qarshi tish-tirnog‘i bilan kurashayotgan» bir paytda bu idoralar xodimlari «xalq boyligi bo‘lmish oq oltinni» tergani dalaga «hashar»ga otlanadi.

«Hashar – elga yarasha», deya bir-biriga hazil qiladi xodimlar. Bugun majburiy mehnatni «hashar» niqobi bilan bekitishga urinayotgan O‘zbekistonda bu hikmat ana shunday istehzo tarzidagi bir iboraga aylanib qolgan.

Erta tongdan «hasharchi»lar mingan avtobuslar karvoni Toshkentdan chiqib, poytaxtning turli tuman va vazirliklariga «biriktirilgan» hududlarga yo‘l oladi.

Buning oqibatida so‘nggi vaqtlarda poytaxtda yo‘lovchi tashish transporti qatnovi oraliqlari (intervali) ancha uzaygan. Chunki yuzlab avtobuslar nafaqat dam olish, balki ish kunlari ham «hasharchi»larni dalaga tashish bilan band bo‘lib qolyapti.

So‘nggi bir necha haftadan buyon dam olish kunlari paxta dalasiga chiqib kelayotgan tanishim bilan gaplashib qoldim.

Tanishimning aytishicha, u ishlaydigan idoraga har shanba kuni paxta terimiga kamida 80 ta odam jo‘natish majburiyati yuklangan.

«Buning uchun 2 ta avtobus buyurtma qilamiz. Bu avtobuslarni kuzatib borish uchun yo‘l-patrul xizmati (GAI)dan ikkita avtomobil ajratiladi. Ertalab uzog‘i bilan 7.30 da ishxonamiz oldidan jo‘nab ketamiz. Soat 9 lardan o‘tganda dalaga yetib boramiz. To terimga tushgunimizcha soat 10 lar bo‘lib qoladi», deydi tanishim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, idorada shundoq ham keyingi paytlarda qog‘ozbozlik ko‘paygan. Xodimlar tungi 10 gacha ishda qolib, turli hisobotlar, dasturlar tayyorlash bilan band. Hozir xodimlarning yarmi paxta terimiga jo‘nagan paytda qolgan yarmi ham shanba, ba'zan yakshanba kunlari ishxonaga kelishga majbur.

«Paxtaga borib ham ishni qoyil qilib qo‘ymaydi hech kim. Uzog‘i bilan 4-5 soat nomigagina paxta teramiz. Keyin o‘zimiz olib borgan yoki ishxonamiz tashkil qilgan tushlikni yeb, yana Toshkentga qaytamiz», deydi u.

«80 kishi tergan paxta ba'zan bir tonnaga yetmaydi. Fermerlar ham bizning borishimizdan manfaatdor emas. Ular nomigagina kelganimizni yaxshi tushunadi. Biz kabi «oqbilak»lar paxtani toza termaymiz. Bu fermerga yoqmaydi. Bizga gapini ham o‘tkaza olmaydi. Shuning tezroq ketishimizni xohlab turgani bilinib qoladi», deb qo‘shimcha qiladi tanishim.

Dam olish kunlari erta tongdan «hasharchilar»ni kunlik paxta terimiga olib ketayotgan avtobuslar karvoni faqat Toshkentgagina xos ko‘rinish emas. Viloyatlarda ham ahvol shu.

80 ta odam o‘nta yaxshi terimchi teradiganchalik hosilni yig‘ib bera olmaydi. Lekin ularni dalaga «ko‘ngilli ravishda hashar»ga olib chiqish uchun ketadigan xarajatni tuyaga yuklasangiz, jonivorning beli sinadi.

Son-sanoqsiz avtobuslar, yo‘l xavfsizligi xizmati xodimlari jalb etilib, tonnalab yoqilg‘i sarflanib dalaga olib boriladigan ming-minglab «terimchi»larning mehnati samarasi buning uchun qilingan xarajatlarning o‘ndan birini qoplashiga ham kishining ko‘zi yetmaydi.

Bu ko‘zbo‘yamachilik uchun, «bugun o‘zbek xalqining barchasi paxtakor»ligini ko‘rsatish uchun shuncha keraksiz, ortiqcha xarajatlar kimga zarur, deb o‘ylab qolasan kishi.
Bir so‘mlik mahsulot uchun ikki so‘m sarflash uchun odam ahmoq bo‘lishi kerak. Bugun O‘zbekistondagi barcha hokimiyat organlari mana shunday ahmoqona sa'y-harakatlar bilan band.

Bunday sharoitda o‘zbeklarning kosasi oqarishi, mamlakatning iqtisodiyoti tezroq tiklanishiga ishonch kamayib boraveradi.

Bu ahmoqgarchiliklarning cheki-chegarasi bormikin?

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 august 2024
Rassom Tuz
21 june 2017
Andijonlik shifokorlarning bergan ma'lumotlariga ko‘ra, keyingi paytlarda ari chaqishidan shikoyat qilib murojaat qiluvchi bemorlar tez-tez uchramoqda. Bu bemorlarning aksariyati ...
16 december 2019
O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbari Boriy Alixonov Chernobil halokatiga sabab bo‘lgan atom reaktori bilan O‘zbekistonda qurilajak reaktorni “Moskvich” va “Lasetti” ...
2 march 2021
Bugun men uchun va men mansub bo‘lgan millat uchun aziz inson – Sovet Ittifoqining ilk va so‘nggi prezidenti Mixail ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...