Asosiy mavzular
20 may 2020

Jasur Abdurahmonov: Gulnora Karimova «menga erga tegasan» degani uchun qochib ketdim

Tadbirkor Jasur Abdurahmonov 14 may kuni mahalliy nashrga bergan intervyusida, «Gulnora Karimovaning turmush qurish taklifini rad etganim sabab bosim ostida qoldim», deya iddao qildi. Bu iddao o‘tgan haftada tadbirkorning nomi marhum prezidentning nabirasi Islom Karimovning Shavkat Mirziyoevga yozgan xatida keltirilgani ortidan yangradi.

Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov onasiga tegishli ko‘plab mulklar, aktivlar va shirkatlarni iqtidordagi prezident oilasiga yaqin shaxslar noqonuniy egallab olgani haqida Mirziyoevga xat yozgan, o‘z xatiga bu mulklarning uzun ro‘yxatini ham ilova qilgan edi.

Islom Karimov iddaolari ortidan uning ro‘yxatiga kirgan mulklarning bugungi egalari birin-ketin o‘zlarini oqlash uchun mahalliy nashrlarga intervyu berib, Gulnora Karimovani malomat qila boshlashdi.

Jasur Abdurahmonov, shuningdek, Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan “Koka-kola”, “Quvasoytsement” zavodlari boshqaruvida 2002 yildan 2007 yilgacha ishlaganini tan oldi.

“Faoliyatining so‘nggi yillarida men Gulnoraning yonida bo‘lmaganman. Lekin ishtahasi akuladay oshib ketgani, u aralashmagan biror soha qolmagani, o‘sha sohalardagi eng asosiy daromadlarni o‘ziga tortib ketganiga yana bir amin bo‘ldim”, dedi Abdurahmonov o‘zining sobiq ish hamkori Gulnora Karimova haqida.

Kichik Islom Karimov keltirgan ro‘yxatdagi Levi’s, Benetton, Quicksilver, Mango va boshqa brendlar do‘konlari tarmog‘i va sog‘lomlashtirish markazining bugungi egasi Jahongir Ahmedov ham Gulnorani malomat qilish kampaniyasiga qo‘shildi.

2008 yildan boshlab Gulnora Karimovaga tegishli savdo maydonlarining ijarachisi bo‘lganini tan olgan Jahongir Ahmedov suhbatdoshini Gulnora bilan shaxsan tanish emasligiga ishontirishga urindi.

Uning nashrga bildirishicha, yuqoridagi brendlarga oid do‘konlar tarmog‘ini u 2013 yili Gulnora Karimovaga aloqador shaxslardan sotib olgan. Bu savdo bitimlari Gulnora Karimovaga tegishli kompaniyalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilguniga qadar amalga oshirilgan.

Kichik Karimov keltirgan aktivlar ro‘yxatiga O‘zbekistondagi yirik «Korzinka» supermarketlar tarmog‘i ham kiritilgan. Bu haqda intervyu bergan tadbirkor Zafar Hoshimov ham bu iddaoni rad qilib, 25 yildan buyon “Korzinka”ga o‘zi yakka egalik qilayotgani, Gulnorani esa shaxsan tanimasligini ham aytdi.

Shu o‘rinda bir vaqtlar Gulnora Karimovaning eng sodiq amaldori sifatida ko‘rilgan 57 yashar Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston prokuraturasining Gulnora Karimovaga qarshi ochilgan jinoyat ishlar haqidagi xabarnomasidan keyin undan voz kechib, qoralovchi maqolalar chop etganini eslash joiz.

Islom Karimov davrida Abuxoliqov AQSh grantlari asosida tashkil qilingan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasini mavjud repressiya rejimiga xizmat qiladigan tizimga aylantirgan shaxs sifatida maydonga chiqqan edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 april 2025
Afsuski, Markaziy Osiyo hukumatlari yoki ommaviy axborot vositalaridan hech biri yaqinda Samarqandda o‘tkazilgan sammitda Yevroittifoq bilan birgalikda imzolangan deklaratsiyaning ...
22 november 2025
Xorazm viloyati Hazorasp tumani markazida kanalizatsiya o‘tkazish bahonasida markaziy ko‘chalar vayron etilmoqda, deb xabar berdi Eltuz manbasi. Hazoraspliklar so‘zlariga ...
28 january 2026
Parijning ramzi hisoblangan Eyfel minorasi qurilishit aynan 1887 yil 28 yanvar kuni boshlangan. Qizig‘i shundaki, o‘sha paytda ko‘plab frantsuz ...
27 april 2017
Prezident Mirziyoevning tabiiy gazni sotishni xususiy operatorlarga o‘tkazishga oid hujjatni imzolashi ortidan, o‘zbek matbuotida bu qarorni olqishlovchi materiallar paydo ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...